Ispaniya chempionatining 1-turi doirasida «Real» safarda «Selta» mehmoni bo'lib, oson bo'lmagan bahsni o'tkazdi.
Zidan shogirdlari tezkor gol urishga muvaffaq bo'lishdi: o'yinning 12-daqiqasida Karim Benzema raqib darvozasini ishg'ol qildi. Bo'lim so'ngida Aspas "Real" darvozasiga to'p kiritgan edi, ammo VAR kichik ofsayd tufayli golni bekor qildi.
Ikkinchi bo'limning 56-daqiqasida hakam yana bir marta VARga murojaat qildi va Modrichni maydondan chetlatdi. Xorvatiyalik futbolchi butsasining tishlari bilan raqib oyog'ini bosgan edi.
"Madrid" kamchilik bo'lib qolganiga qaramay, oradan ko'p o'tmasdan mehmonlar hisobdagi farqni oshirishdi. Toni Kroos 25 metrlardan aniq zarba bilan to'pni "to'qqizlik"ka joylab qo'ydi.
O'yin tugashiga 10 daqiqa qolganida esa Lukas Vaskes o'z hisobiga gol yozib, o'yin taqdirini amalda hal qilib qo'ydi. Faqatgina ikkinchi bo'limga qo'shib berilgan daqiqalarda "Selta" bitta javob to'pini kiritishga muvaffaq bo'ldi.
Ispaniya La ligasi, 1-tur
Selta – Real Madrid 1:3 (0:1, 1:2)
Gollar: 0:1 – 12 Benzema, 0:2 – 61 Kroos, 0:3 – 80 Vaskes, 1:3 – 90 Losada.
Selta – Ruben Blanko, Olasa, Vaskes, Kostas, Arauxo, Denis Suares, Mendes, Lobotka (Sisto, 75), Beltran (Diop, 83), Fernandes (Losada, 88), Aspas.
Real Madrid – Kurtua, Odriosola, Varan, Ramos, Marselo, Modrich, Kazemiro, Vinisius Junior (Vaskes, 69), Kroos, Beyl (Isko, 75), Benzema (Yovich, 81).
Ogohlantirishlar: Vaskes (7), Ruben Blanko (12), Aspas (12), Vinisius Junior (36), Fernandes (49), Odriosola (64), Kostas (74).
Chetlatish: Modrich (56).