«Real» himoyachisi Dani Karvaxal Ispaniya chempionatining 1-turi doirasida bo'ladigan «Selta»ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi. Boisi, futbolchi 2018/19 yilgi mavsumning so'nggi turida "Betis"ga qarshi o'yinda maydondan chetlatilgan edi.
Ispaniya futbol federatsiyasi bir mavsumning diskvalifikatsiyalari keyingi mavsumga o'tmasligi haqida yangi qoida joriy qilgan edi. Ammo sport vazirligi ta'til munosabati bilan mazkur hujjatni imzolashga ulgurmadi. Shu bois, mazkur qoida kelasi mavsumdan boshlab kuchga kiradi.
Shu tariqa, Karvaxal «Selta»ga qarshi o'yinda maydonga tushmaydi. Zidan esa, katta ehtimol bilan, o'ng qanot himoyasiga Alvaro Odriosolani tushiradi. Odriosola o'tgan mavsumda La liga doirasida 14ta o'yinda maydonga tushgan edi.