«Real» klubi «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Pol Pogbaning transferi borasida mankunianliklarga so'nggi taklifni yuboradi.
Marca tarqatgan xabarga ko'ra, madridliklar 26 yoshli futbolchi uchun «MYu» talab qilayotgan 150 million evro miqdoridagi pul to'lamoqchi emas. Narxni tushirish uchun esa "Qirollik klubi" kelishuvga Garet Beylni qo'shmoqchi.
Avvalroq «Real» «Yunayted»ga Pogba uchun yarim himoyachi Xames Rodriges va 30 million evro taklif qilgan edi, ammo rad javobini oldi.
Pogba uchun «Yuventus» ham da'vogarlik qilmoqda. Ammo turinliklarni ham 150 million evro miqdoridagi talab qanoatlantirmaydi. "Keksa sinora" frantsiyalik futbolchining transferi doirasida yarim himoyachi Bleyz Matyuidi va hujumchi Mario Manjukichni manchesterliklarga taklif qilishgan edi.
Pogba yakunlangan mavsumda «MYu» safida barcha musobaqalar doirasida 47ta o'yinda maydonga tushib, 16ta gol urdi va 11ta golga uzatma berdi. Uning "qizil iblislar" bilan shartnomasi 2021 yilga qadar tuzilgan.