«Atletiko» bosh murabbiyi Diego Simeone murabbiylik ishida nimaga ahamiyat qaratish kerakligini aytib o'tdi.
«Klubda ish boshlashga rozilik berganingizdan boshlab, uning tarixini o'rganishingiz kerak. Bu qilishingiz mumkin bo'lgan eng yaxshi ish bo'ladi. Shundan so'ng o'z uslubingizni klub tarixiga moslashtirishingiz zarur.
«Ayaks»ning o'z maktabi, o'yin uslubi mavjud, jumladan, «Barselona»da ham, «Yuventus»da ham. «Atletiko» ham o'z uslubiga ega. «Real»ning esa o'z uslubi yo'q. Uning uslubi futbolchilardan kelib chiqib o'zgarib turadi.
Ba'zida «Manchester Siti» kabi klublar paydo bo'ladi. Ularning tarixi yo'q, ammo jamoa Gvardiola ko'rsatgan yo'ldan yuradi. Balki, oradan 10 yil o'tib, «Siti» qanday uslubda o'ynayotgani haqida fikr bildirish mumkin bo'ladi. Ko'ramiz, Pepdan keyin bu klubga kelgan murabbiy jamoaning o'yin uslubini o'zidan kelib chiqib o'zgartirarmikan.
Ammo, klub tarixiga e'tibor berish muhim ahamiyatga ega: muxlislar o'zlariga yaxshi tanish bo'lgan narsani ko'rishlari kerak, futbolchilar esa klub talabini oson tushunishlari lozim», – dedi Simeone.