"Real" rahbariyati jamoaning uelslik hujumchisi Garet Beylni qanday narxga sotish borasida bir qarorga keldi. Bu haqda Abc.es xabar tarqatdi.
Manbaga ko'ra, "Qirollik klubi" futbolchini kamida 65 million evroga sotishni ko'zlamoqda. Shu paytgacha jamoa uni 80 million evroga sotishni niyat qilgandi. Jumladan, "qaymoqranglilar" rahbariyati "Tszyansu Sunin" klubi Beyl borasida yangi taklif yuborishini kutgandi, ammo Xitoyda transfer oynasi 31 iyul kuni yopildi.
Endi madridliklar 30 yoshli futbolchini yuqorida ko'rsatilgan narxga Angliya premer-ligasi klubiga sotishga umid qilishmoqda. APLda transfer muddati 12 avgust kuni yakunlanadi.
Avvalroq Beylga "Tottenxem" qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.