"Real" yarim himoyachisi Garet Beyl jamoa rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazdi. AS nashri tarqatgan xabarga ko'ra, uchrashuv uelslik futbolchining tashabbusi bilan amalga oshdi.
"Madrid" rahbariyati uchrashuv davomida futbolchining jamoani tark etish istagida ekanini eshitishni xohlagandi. Ammo Beyl har qanday holatda ham "Santyago Bernabeu"da qolishini ma'lum qildi. Garet boshqa jamoadan tushadigan har qanday taklifga rad javobini berishini ta'kidladi.
Zidan boshchiligidagi "qaymoqranglilar" murabbiylar shtabi kelasi mavsumda 29 yoshli futbolchiga ishonch bildirmoqchi emas. Bu esa Beylni xavotirga solmayapti.
Garet asosiy tarkibdan chetlatilsa ham, o'z vaqtini ko'proq oilasi davrasida o'tkazib, golf bilan shug'ullanmoqchi. Uning yillik maoshi 17 million evroga teng. Futbolchining "Real" bilan 3 yillik shartnomasi mavjud va bu vaqt davomida klub unga jami 51 million evro to'laydi.