Xabaringiz bor, Ispaniya superkubogi musobaqasi 2020 yildan boshlab yangi formatda — "To'rtlar finali" printsipi asosida o'tkaziladi. Unda La liga chempioni va vitse-chempioni, Ispaniya kubogi g'olibi va finalchisi ishtirok etadi. Agar bir yoki ikki jamoa ham Primera, ham Kubok orqali yo'llanmani qo'lga kiritsa, ularning o'rni La ligada yuqoriroq o'rinni egallagan jamoa bilan to'ldirilishi belgilab qo'yilgan edi.
Demak, 2018/2019 mavsum yakuniga ko'ra:
— "Barselona" (Ispaniya chempioni),
— "Valensiya" (Ispaniya kubogi g'olibi),
— "Atletiko" (La ligada 2-o'rin),
— "Real Madrid" (La ligada 3-o'rin)
klublari Ispaniya superkubogida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritishdi.
Dastlabki rejaga ko'ra, Superkubokning yarim finalida La liga chempioni va Kubok finalchisi hamda Kubok g'olibi va Primerada 2-o'rinni egallagan jamoa (yoki uning o'rnini egallagan klub) o'zaro to'qnash kelishi kerak edi. Ammo ushbu formatda keltirilgan — La liga chempionligi va Ispaniya kubogi finalchisi bitta jamoa — "Barselona" bo'lgani uchun Ispaniya futbol federatsiyasi yarim finalga qur'a tashlashga qaror qildi.
Demak, qur'adan oldin "Barselona" va "Valensiya" klublari bir savatchadan o'rin olishadi. "Atletiko" va "Real Madrid" ularga raqiblik qilishadi. Qur'a qachon bo'lib o'tishi haqida Federatsiya hozircha ma'lumot bermadi.
Superkubok bunday formatda ilk marta 2020 yilning yanvar oyida o'tkaziladi. 8 va 9 yanvar kunlari yarim final, 12 yanvar kuni esa final bahsi o'tkaziladi. Musobaqa Saudiya Arabistonida o'tkazilishi kutilmoqda.