«Chelsi» va «Real» klublari yarim himoyachi Eden Azarning transferi borasida o'zaro kelishuvga erishishdi. Londonliklar belgiyalik futbolchini 115 mln funt sterling (taxminan 130 mln evro) narxga sotishga rozi bo'lishdi.
Avvalroq "Chelsi" Azarni 150 mln. evrodan kamiga sotmasligini ma'lum qilgandi. Muzokaralardan so'ng esa "ko'klar" rahbariyati narxni kamaytirishga rozi bo'ldi.
«Qirollik klubi» esa Azarga 4 yillik shartnoma va 400 ming funt sterling haftalik maosh taklif qildi. Futbolchining o'zi esa transfer 4 iyunga qadar amalga oshirilishini istamoqda.
Azarning «Chelsi» bilan shartnomasi 2020 yilning 30 iyun kuni nihoyasiga etadi. Belgiyalik futbolchi 2012 yildan beri londonliklar sharafini himoya qilib kelmoqda. Eden ushbu mavsumda jami 51ta o'yinda maydonga tushib, 19ta gol urdi va 16ta golga uzatma berdi.
Eslatib o'tamiz, «Chelsi» 2020 yilning yanvar oyiga qadar yangi futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish taqiqlangan.