Ispaniya chempionatining ushbu mavsumi deyarli yakuniga etdi. So'nggi tur doirasida "Real" o'z uyida "Betis"ni qabul qilib, o'z muxlislariga mag'lubiyatni "tortiq" qildi.
Ikkita bo'limni taqqoslaganda Zidan jamoasi birinchi taymda yaxshiroq harakat qildi. Jumladan, raqib himoyachisining qo'pol xatosidan so'ng Karim Benzema darvozani ishg'ol qila olmadi: uning zarbasidan so'ngto'p ustunga tegib qaytdi.
Ikkinchi bo'limda esa andalusiyaliklar tashabbusni to'liq qo'lga olib, "Qirollik klubi"ni har tomonlama taslim etishdi. Ular "Real" darvozasiga urgan ikkala golni qisqa paslar orqali tashkil etilgan kombinatsiyalar yordamida kiritishdi. Bahsning 61-daqiqasida Moron, 75-daqiqada esa "qaymoqranglilar" tarbiyalanuvchisi Xese Rodriges yaqin masofadan darvozani ishg'ol etishdi.
Shu tariqa, XXI asrdagi o'zining eng yomon mavsumini o'tkazgan "Real" so'nggi turda ham mag'lubiyatga uchradi. "Betis" esa mavsumni 10-o'rinda yakunladi.
Ispaniya La ligasi, 38-tur
Real Madrid – Betis 0:2 (0:0, 0:2)
Gollar: 0:1 – 61 Moron, 0:2 – 75 Xese.
Real Madrid – Navas, Nacho, Marselo, Varan, Karvaxal, Valverde (Isko, 69), Lorente, Braim Dias (Asensio, 60), Modrich, Vinisius Junior, Benzema (Vaskes, 76).
Betis – Lopes, Bartra, Mandi, Feddal, Firpo, Gerrero, Kaptum (Xese, 68), Vilyam Karvalyu (Sidney, 90), Guardado, Lo Chelso, Moron (Telo, 74).
Ogohlantirishlar: Kaptum (30), Lorente (37), Valverde (49), Karvaxal (58), Isko (85).