«Real» klubi sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi mashhur Adidas kompaniyasi bilan yangi shartnoma imzolashga yaqin turibdi.
Tomonlar bir necha oydan beri bu borada muzokara olib borishdi. Yaqin kunlarda hamkorlik haqida rasmiy xabar e'lon qilinishi kutilmoqda.
Yangi shartnoma 10 yilga (2020-2030 yillar) mo'ljallangan bo'ladi. Madridliklar Germaniya kompaniyasidan har yili 120 million evro oladi. Shuningdek, Evropa chempionlar ligasi, klublar o'rtasidagi jahon chempionligi yoki La ligadagi g'oliblik uchun "Real"ga qo'shimcha 30 million evro to'lab beriladi. Tomonlar o'rtasidagi yakunlanib borayotgan shartnomada "qaymoqranglilar" Adidas formasini kiyib kelayotgani uchun har yili 52 million evro miqdorida mukofot olayotgan edi.
O'z navbatida «Barselona» ham Nike bilan shunga o'xshash shartnoma imzolagan. Faqat "ko'k-anorranglilar" har yili 105 million evro kafolatlangan mablag' olishsa, yana qo'shimcha 50 million evro bonus nazarda tutilgan.
"Qirollik klubi" duch kelishi mumkin bo'lgan muammo ham yo'q emas. «Real» hujumchisi Vinisius Junior va yozda jamoaga kelib qo'shiladigan «Santos» yarim himoyachisi Rodrigo Goes Nike bilan shaxsiy shartnomaga ega.
Bundan tashqari, «Madrid» «PSJ» forvardi Kilian Mbappeni qo'lga kiritmoqchi. Frantsiyalik futbolchi Nike elchisi hamda AQShga tegishli Jordan kompaniyasining Evropadagi vakili hisoblanadi. "Real" qiziqish bildirayotgan yana bir futbolchi — Eden Azar ham Nike bilan hamkorlik qiladi.