«Real»ning braziliyalik istiqbolli legioneri Vinisius Junior qisqa vaqtda Ispaniya chempionati ixlosmandlari hurmatini ozmi-ko'p qozonishga ulgurdi. «Qirollik klubi»da chin qirol darajasiga ko'tarilishi kutilayotgan tezkor futbolchi Pireney yarim orolidagi dastlabki yirik intervyusini Cadena CEP radiostantsiyasi muxbiriga berdi. Braziliyalik iqtidor suhbat davomida juda xushchaqchaq ko'rindi va yaqin kelajak rejalari, «Real»da kutilayotgan o'zgarishlar xususida atroflicha fikr bildirdi.
- Vinisius, jarohatdan keyingi tiklanish davrida o'zingizni qanday his etyapsiz?
- A'lo darajada! Har holda, tiklanish jarayonida muammo yo'q, kutilganidan-da tezroq sog'aymoqdaman. Albatta, bor e'tiborim imkon boricha vaqtliroq safga qaytishga qaratilgan.
- Alamlisi, aynan eng yorqin o'yin payti shikastlandingiz...
- Ha, o'sha lahzadayoq jarohat ancha jiddiy ekanligini angladim: to'pga zarba berishga chog'langan edim, ammo ulgurmadim... Noxush holatga yo'liqdim va og'riqdan ko'zimga beixtiyor yosh qalqdi. Bir zumda barchasi xayolimdan o'tdi, xususan, terma jamoa ham. Axir Braziliya termasidan ilk marta taklif olgandim...
- «Tvitter»da qoldirgan izohingizdan iqtibos: «Atrofimda voqealar juda tez rivojlanmoqda». Bunda nimani nazarda tutgansiz?
- O'zi jamoa safiga qo'shilganimdayoq Kazemiro va Marselo menga sabrliroq bo'lishni tavsiya qilishgandi. Men esa atigi 18 yoshda ekanligimni unutib, darhol o'yinlarga kirishib ketdim. Vaholanki, Braziliyada hech kim mening dastlabki yarim yil ichida maydonga tushishimni xayoliga ham keltirmagandi.
- Aytingchi, sizningcha, Vinisius Junior aslida kim?
- «Madrid» bilan son-sanoqsiz sovrinlarga erishish ishqida yonayotgan oddiy yigit. Dunyoning eng sara futbolchilari bilan yonma-yon to'p surishning o'zi men va oilam uchun yuksak natija. Ayni payt butun diqqat-e'tiborim faqat va faqat futbol bilan band. Boshqa hech narsa meni bu qadar kuchli qiziqtirmaydi.
- Futboldagi ilk qadamlaringizni eslab turasizmi?
- Adashmasam, 4 yoshdan to'p sura boshlaganman, vaqtida yarim himoya pozitsiyasida ham harakatlanganman.
- Evropa klublari qiziqishidan xabar topganingizda, qanday holatga tushgandingiz?
- Bu haqda ilk marta 16-17 yoshimda, o'smirlar o'rtasidagi Janubiy Amerika chempionati davrida eshitgandim. Otam darhol yoniga chaqirib, barchasi oddiy mish-mish ekanligi va e'tiborga arzimasligini uqtirdi. Faqat «Real» va «Barselona» klublaridan taklif tushganidan keyingina ulardan birini tanlashimni o'z ixtiyorimga qo'yib berdi.
- Qiziq, qaysi jamoadan oldinroq chorlov olgan edingiz?
- Avvaliga «Barsa» vakillari aloqaga chiqishdi, keyin «Madrid» ham aniq taklif bilan murojaat qildi.
- Tabiiyki, bu qiyin tanlov. Shaxsan o'zingiz boshida nimalarni o'yladingiz?
- Yakuniy to'xtamga kelish uchun Madrid va Barselonaga safar uyushtirib, klublar loyihasi bilan tanishishni istadim. Bunda Marseloning 18 yoshda «Real» safiga qo'shilib, o'z o'rnini topgani, Asensioning muntazam o'ynayotgani menga o'ziga xos dalda bo'ldi.
- Ha, siz uchun eng sara ikki jamoa o'zaro kurashgandi...
- Biz esa yakunda saralarning sarasini tanladik.
- To'g'risini ayting, «Barselona» libosini ham kiyib ko'rdingizmi?
- Yo'q.
- Xo'sh, qachondir Kataloniya jamoasiga o'tishingiz mumkinmi?
- O'ylashimcha, hech qachon bunday bo'lmaydi.
- Nima, Messi bilan yonma-yon to'p surish imkoniyati qiziq emasmi?
- Tabiatan hamisha eng yaxshi variantni tanlashga intilaman. Oilaviy kengashda aynan «Real»da to'p surishim ma'qul ekanligi tasdiqlangach, boshqasi haqida o'ylashga asos qolmadi. Umuman olganda, o'zim ham Madridda istiqomat qilishni istadim. Zero, bolalikdan shu orzu bilan ulg'ayganman.
- Demak, oilangiz «Real»ga muxlislik qilgan, shundaymi?
- Ha. To'g'ri, otam uchun «Vinisius» FK birinchi o'rinda turadi.
- Sir bo'lmasa, qaysi jamoa ko'proq mablag' va'da qildi?
- Bilishimcha, «Barsa» moddiy tomondan manfaatliroq taklifni o'rtaga tashlagan. Biroq biz maosh emas, loyihani afzal bildik. Qaytaraman, «Real»da o'ynashga moyillik sezishimda, Marselo va Kazemironing daldalari muhim ahamiyat kasb etdi.
- Lopetegi davrida maydonga tushmadingiz, hisob. Ya'ni atigi 12 daqiqa to'p surdingiz...
- Tushuning, o'sha payt Madridda ilk kunlarni o'tkazayotgandim. Aslida Lopetegi - ajoyib murabbiy. Afsuski, jamoada muvaffaqiyat qozonolmadi. Lekin shaxsan menga o'rinli maslahatlari bilan katta yordam berganini unutmayman. Umuman, «Kastilya» safiga qo'shilganimda, Solari ham meni samimiy qarshi olgandi.
- Aytingchi, Segunda-B ligasi o'yinlari qanday naf berdi?
- Braziliyadan chiqib kelganimda, xuddi shunday bo'lishini bilardim. Muhimi, «Kastilya»dagi hech bir futbolchi yangi muhitga tezroq moslashishim uchun o'z yordamini ayamadi.
- Lopetegi garchi sizga imkoniyat bermagan bo'lsada, uning iste'foga chiqarilganidan ranjigan ko'rinasiz...
- Ha, shunday. Nima bo'lganda ham, u - Evropadagi ilk ustozim. Takrorlayman, mavsumoldi yig'inlarida shaxsan menga alohida e'tibor qaratib, ishonchimni mustahkamladi.
- Shuningdek, Solari bilan ham iliq xayrlashdingiz...
- Bu murabbiy maydonda zimmamga aniq vazifa yukladi va uni bajarishimga imkon berdi. O'zi «Kastilya»dayoq Solari bilan o'rtamizda yaxshi munosabat shakllangan edi.
- Endi Zidan keldi. Hozir o'z o'rningizni yo'qotib qo'yishdan cho'chimayapsizmi?
- Yo'q, aslo. Zidan afsonaviy futbolchi edi, endi ajoyib murabbiyga aylandi. U bilan hamkorlikda ishlash - katta sharaf! Kazemironing aytishicha, Zidan bilan gaplashganida, hayajonlanib ketar ekan. Bu murabbiyning kuchli shaxs ekanligidan dalolat.
- Sovrinlarga da'vo qilmagan holda, to'p surish zerikarli emasmi?
- Hozir yangi mavsumda zafarlarga ko'milish uchun o'zimiz bilan kurashyapmiz...
- Umuman, joriy mavsum «Real»-ning asosiy quvonchiga aylandingiz...
- Muxlislardan bag'oyat minnatdorman, doimo qarsak chalib, oldinga chorlashmoqda. Aynan «Madrid»ni tanlaganimdan ham baxtiyorman.
- Braziliya terma jamoasi ustozi Tite bilan gaplashdingizmi?
- Ha, u mendan ko'ngli to'qligini aytdi va Amerika kubogi startiga qadar butunlay sog'ayishimga umid bildirdi.
- Transferingizning 45 mln. evroga baholangani qo'shimcha bosim yuklamayaptimi?
- «Flamengo»da o'ynaganimdayoq kuchli bosim qanday bo'lishini bilganman. «Real» bilan shartnoma tuzganimdan keyin bosim yanada kuchaydi. Ammo bu erda yolg'iz emasman - vazifamni talab darajasida ado etish yo'lida yaqinlarim daldalari va maslahatlaridan kuch olaman.
- Sizningcha, hozirda eng kuchli futbolchi kim?
- Men (kuladi). Bu hazil, albatta. Kim kuchli ekanligini bilmayman. Balki Neymardir.
- U bilan birga o'ynashni istaormidingiz?
- Albatta. Buning uchun imkoniyat ham bor - Braziliya terma jamoasi. Afsuski, hozir ikkimiz ham safdan chetdamiz.
- Neymarni balki «Madrid»da ham ko'rishni xohlarsiz?
- Bunisi menga bog'liq emas. Braziliya termasida esa elkama-elka turib, o'ynashimiz aniq.
- Katta futbolda kimlardan alohida o'rnak olgansiz?
- Avvaliga Ronaldino, keyin Neymardan.
- Kim zo'rroq - Messimi yoki Ronaldu?
- Bilmayman, bilganim shuki, Ronaldu - «Madrid» afsonasi. Klubda uni qattiq hurmat qilishadi. Axir «Real» asosan Ronaldu gollari evaziga qatorasiga 3 marta ChL g'olibiga aylandi.
- Eng ustun xususiyatingiz?
- Tabiatim.
- Qaysi jihat ustida ko'proq ishlashingiz kerak?
- Raqib darvozasi oldida aniqroq harakatlanishni o'zlashtirishim zarur. Bu borada tinmay ishlayapman. Qulay vaziyatdan foydalanolmasam, o'z-o'zidan xavotir tug'iladi. Buning oqibatida o'yinim qovushmay qolishi mumkin. Shunday ekan, birinchi navbatda, foydalanish koeffitsientini yaxshilashim talab etiladi.
- Zarbalar aniqligini qanday oshirish mumkin?
- Izlanishlar samarasiz ketmaydi, albatta. Menimcha, hali hujumchi sifatida to'liq shakllanmaganman. Jamoadoshlarim, bu borada yaqindan yordam berishyapti, jumladan, Benzema. Uning aytishicha, menga hujumni o'ta yuqori tezlikda yakunlash xohishi pand bermoqda. Marselo va Solari ham shunday fikrda. Mashg'ulotlarda hammasi risoladagidek, ammo o'yinda...
- O'zingizni Braziliya futboli afsonasi sifatida tasavvur qila olasizmi?
- Asosiy maqsadim shu: Madridga klub va terma jamoa tarixida munosib iz qoldirish niyatida kelganman. Xuddi 27 yoshidayoq ko'plab buyuk vatandoshlarimdan ko'proq gol urgan Neymar singari. O'ylashimcha, «Real»da talab darajasida to'p surish Braziliya futbolidan munosib o'rin olishimni ta'minlaydi.
- Aytishlaricha, braziliyalik futbolchilar ko'ngilxushlikka o'ch ekanlar...
- Bu yangilik emas. Lekin braziliyaliklar orasida ham o'yin-kulgini xushlamaydigan yigitlar ko'p.
- Shaxsan o'zingiz quvnoq davralarni yoqtirasizmi?
- Yo'q, uncha toqat qilolmayman.
- «Oltin to'p»nichi?
- Bu sovrin yo'lida qancha ter to'ksang, oz! Lekin qachon erishaman - buni vaqt ko'rsatadi. 25-26 yosh - ayni kuchga to'lgan davrda olsam yaxshi bo'lardi.