Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Florentino Peres: «Avvalo Ronalduning o'zi bilan gaplashib olishim kerak» (intervyu)

Florentino Peres yaqinda 5-marta «Real» prezidenti lavozimiga saylandi. 

.
- Yuklab olish

Florentino Peres yaqinda 5-marta «Real» prezidenti lavozimiga saylandi. U shu munosabat bilan Onda Ceroning El Transistor ko'rsatuvi mehmoni bo'ldi. Janob Peres ayni shu suhbat davomida nihoyat, Krishtianu Ronaldu va Ispaniya soliq idoralari o'rtasidagi mojarolarga ham alohida to'xtalib, portugaliyalik etakchining «Madrid»dan ketish haqida aytgan gaplariga munosabat bildirdi. Uning qat'iy ohangda ta'kidlashicha, hech qaysi klub Ronaldu transferi masalasida hali rasman murojaat qilmagan.

- Janob Peres, aytingchi, bir yil oldin prezident rolidagi vakolatingiz muddati yana uzayishi mumkinligi haqida o'ylaganmidingiz?

- Bir yil oldinmi? Yo'q, bu borada umuman bosh qotirgan emasdim. Umuman, oldinda to'liq bir yil turganida, nimaga ortiqcha o'y-xayollarga borishim kerak edi? Chunonchi, futbolda bir yil - bu xuddiki bir umr demakdir. Futbolda yaxshisi, har chorshanba va yakshanba kuni nimalar yuz berishini o'ylaganingiz ma'qul.

- Nima deb o'ylaysiz, «Real» ravnaqi yo'lida qilayotgan xizmatlaringiz klub tomonidan munosib qadrlanarmikan?

- «Real»ga muxlislik avloddan avlodga ko'chmoqda. Misol uchun, hozirgi ko'plab muxlislarimiz klubga muhabbatni o'z otalari va bobolaridan meros qilib olishgan. Demakki, ular klub falsafasini juda yaxshi tushunishadi. Shu ma'noda aytsak, hammalari uchun natijadan ko'ra, prezidentning bu lavozimga munosib yoki munosib emasligi muhimroq sanaladi.

- Endi asosiy mavzu - Krishtianu Ronaldu bilan bog'liq hozirgi holat yuzasidan nima deya olasiz?

- Ochig'i, bu masalada Krishtianuning shaxsan o'zi bilan hali gaplashganim yo'q - fursat bo'lmadi. Shunday ekan, ayni holatda biror aniq gap aytishim ancha mushkul. Chunonchi, Kardiffda kechgan ChL finalidan  atigi 3 kun o'tgach, saylov qo'mitasi nomzodlar ro'yxatga olinayotganini ma'lum qildi. Bu vaqtda raqobatchilarimga hurmat saqlash vajidan klub ishlari doirasida qandaydir faollik ko'rsatmadim. Deylik, Krishtianu bilan bog'liq vaziyat xususida ilk marta gazetalarda o'qidim. Hozir shuni aytishim kerakki, Ronaldu boshqa futbolchilar qatori klub bilan ma'lum muddatga shartnoma tuzgan va unga muvofiq, hamon «Real» a'zosi hisoblanadi. Hali u bilan umumiy holatni bafurja muhokama qilamiz, barchasini gaplashib olamiz. Bundan nima chiqishini esa vaqt ko'rsatadi. Xullas, ayni shu tobda bu borada to'liq ma'lumotga ega emasman. Bilasiz, Krishtianuning o'zi Portugaliya terma jamoasi safida Konfederatsiyalar kubogida ishtirok etmoqda. Turnir nihoyasiga etmaguncha uni bezovta qilishni istamayman. Takror aytaman, nimalar ro'y berayotganini aniq bilmayman, lekin vaziyat g'alatiroq tuyulyapti, darhaqiqat. Hammasi aynan nima bilan bog'liqligini esa faqat Krishtianuning o'zidan eshitishimiz mumkin. Ronalduni yaqindan yaxshi bilaman va bu masalada xotirjamman. Chunonchi, u ajoyib yigit va katta professional. Albatta, «Real»ning har bir futbolchisi kabi Ronalduni ham oxiriga qadar himoya qilaman. Tushunaman, soliq qoidalariga barcha birdek amal qilishi shart. Shuning barobarida Krishtianuning o'z oldidagi majburiyatlarni bajarishga tayyorligini ham bilaman. Matbuotda esa turli safsatalarni yozishmoqda va bundan g'oyat hayronman. Mana, «Real» Ronalduni qo'llab-quvvatlashini rasman ma'lum qildi. Alohida aytaman, matbuot xabarlarida aytilayotganidek, futbolchi menga jamoa rahbariyatidan xafa ekanligini bildirgan emas. Qisqasi, Ronalduning klub e'tibori pastligini aytib, noligani - g'irt yolg'on.

- Balki futbolchi zimmasidagi soliq qarzlarini «Real» to'lab berar...

-  Bu masala hech qachon muhokama qilinmadi. Chunonchi, Ronalduning o'zi shunday bo'lishini sira istamaydi. Uning ortiqcha g'amxo'rlikdan ranjishi turgan gap. Qolaversa, bilishimcha, bu borada futbolchiga nisbatan nohaqlik qilishmoqda.

- Umuman, Ronalduga bog'liq mojaro haqida ilk marta qachon va qaerda eshitdingiz?

- A Bola gazetasida xabar berilganidan so'ng.

- Shu ondayoq darhol Krishtianuning o'ziga qo'ng'iroq qilgandirsiz...

- Yo'q. Chunki saylovlarga tayyorgarlik ko'rayotgandim, bor e'tiborim shu jarayonga qaratilgandi. Menga Ronaldu soliq idoralari bilan yuzaga kelgan holat tufayli asabiylashayotganini etkazishdi. Lekin hozirgacha vaziyatning asl mohiyati va to'liq tafsilotlarini bilmayman. Krishtianu bilan oxirgi marta Kardiffdagi finaldan keyin gaplashgandim. O'shanda asosan keyingi mavsum rejalariga to'xtalgandik. Soliq to'lovi mojarosi esa sal keyinroq yuzaga chiqdi.

- Nima, klub vaziyatga oydinlik kiritish uchun soliq idorasiga qo'ng'iroq qilsa bo'lmasmidi?

- Tabiiyki, Krishtianu kuchli yuristlar bilan hamkorlik qiladi. Ammo ularni shaxsan taniyman. Bu masalada ma'lum tajribaga egaman va barchasiga shaxsiy huquqshunoslar aniqlik kiritishlari lozimligini yaxshi bilaman. Demoqchimanki, agar klub vaziyatga aralashsa, bu noo'rin yondashuv hisoblanardi.

- Soliqchilar-chi, ular qandaydir ma'lumot olish uchun sizga ham murojaat qilishdimi?

- Aslida o'zim ham vaqtida aynan soliq to'lovlariga bog'liq yoqimsiz muammolarga duch kelganman. Qaytaraman, bunday holatda avvalo, yuristlarga murojaat qilinadi. Aytgancha, 2000 yildan keyingi davrda «Real» va soliq idoralari o'rtasida bir necha marta tushunmovchiliklar yuzaga kelgan va tortishuv jarayonining ko'pida biz yutib chiqqanmiz. Oddiy hayot uchun sizni sof jinoyatchiga chiqarib qo'yishlari hech gap emas. Eng yoqimsizi shuki, bunday vaqtda odamlar ham sizga xuddi jinoyatchidek munosabatda bo'lishlari mumkin. Ronaldu ayni payt nechog'li ezilayotganini tasavvvur qilish qiyin emas. Axir siz qonunni buzmagan bo'lsangiz, bunday ayblovlardan so'ng ruhan siqilishingiz tayin. Ishonchim komil, Krishtianu aybdor emas. U Angliyada shaxsiy imidj huquqlari bilan shug'ullanuvchi firma bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygan va bu borada hech narsani yashirmaydi. Xo'sh, nimanidir yashirmayotgan insonni qonunbuzarlikda ayblash mumkinmi?

- Soliq idoralari vakillari Ronaldu ishi bilan xuddi Lionel Messiniki kabi faol shug'ullana boshlashdi...

- Hammamiz insonmiz va qaerdadir xato qilishimiz muqarrar. Ammo shuni aniq ayta olamanki, Ronaldu soliq bo'yicha majburiyatlarini bajarishi shartligini yaxshi tushunadi. U bu ishni hamisha o'rniga qo'yib kelganidan ham shubhalanmayman.

- Futbolchining agenti - Jorje Mendesh bilan gaplashdingizmi?

- U bu borada ekspert emas. Hozirda Krishtianuning yuristidan ma'lumot olib turibman. Ronaldu ayniqsa, matbuot munosabatidan xafa ekanligini bilaman.

- Umuman, Ronalduning transferi masalasida aniq takliflar bormi?

- Uni jamoa bilan rasmiy shartnoma bog'lab turibdi. Deylik, «PSJ» prezidenti bilan ham gaplashganim yo'q. Alohida ta'kidlashim o'rinli, hozirgacha nafaqat Krishtianu, balki Morata yoki Xames Rodriges transferi yuzasidan ham hech qanday taklif olmadik. Shuningdek, o'zimiz ham biror futbolchi masalasida rasmiy taklif bilan chiqmadik, aniq summani ma'lum qilmadik. Ayni payt yangi mavsumda ham mavjud tarkibga tayanishni o'ylab turibmiz. O'zgarishlarga qo'l urgan taqdirimizda ham, ular katta ahamiyat kasb etmaydi. Umuman olganda, transferlar masalasida 31 avgustga qadar vaqtimiz bor.

- Shaxsan o'zingiz Ronalduni «Real»da olib qolishni istaysizmi yoki...?

- Bu borada avvalo, uning o'zi bilan gaplashib ko'rishim kerak. 8 yillik hamkorlik davomida o'rtamizda do'stona munosabat shakllandi. Qolaversa, Ronaldu «Real» ramzlaridan biridir, shubhasiz. To'g'ri, ba'zan unga nisbatan hushtakbozlik qilishadi. Ammo boshqa futbolchilarga nisbatan ham shunday munosabat mavjud. Vaholanki, ayrimlar yaxshi o'ynashsa-da, hushtakbozlikka yo'liqishadi. Bunday paytda futbolchini olqishlash, qo'llab-quvvatlash lozim. Xullas, Konfederatsiyalar kubogi yakunlangach, Ronaldu bilan yuzma-yuz o'tirib, barchasini muhokama qilamiz, albatta.

- Bordiyu, muxlislar uning ketishini so'rashsa...

- Yo'q, ular Ronalduni yoqtirishadi. Umuman, ketish-ketmaslik masalasini muxlislardan so'rab o'tirmayman. Krishtianuni hozirdan Alfredo di Stefano bilan tenglashtirish mumkin. Ya'ni di Stefano vaqtida «Real» uchun qanchalik katta ahamiyat kasb etgan bo'lsa, Ronaldu hozir xuddi shunday.

 

BestMaster
29 Iyun 2017, 12:20
florentino, peres, «avvalo, ronalduning, bilan, gaplashib, olishim, kerak», intervyu,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads