«Real» yozda «Roma» yarimhimoyachisi Nikolo Dzanolo uchun yirik qiymatdagi taklif bilan chiqishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Corriere dello Sport`ning bugungi sonida xabar qilingan.
Rim va Madrid klublari EChLning bu mavsumida bir guruhda kurash olib borishgandi, Dzanoloning «Real» e'tiboriga tushishiga ayni shu holat sabab bo'lgan. Ispan klubi ayni paytda uni o'z safiga qo'shib olishning turli yo'llarini ko'rib chiqmoqda. 19 yoshli iste'dod egasi transferi oson kechmasligi aniq bo'lsa-da, «Real»ning niyati jiddiy ekani aytilmoqda.
«Qirollik klubi» tez orada ham «Roma», ham futbolchining agenti bilan muzokara boshlashi kutilyapti.
Ta'kidlanishicha, rimliklar klubi prezidenti Jeyms Pallotta ushbu yosh xavbek bo'yicha barcha takliflarga rad javobini bermoqchi. U Dzanoloni klubning rivoji yo'lidagi asosiy ustunlardan biri sifatida ko'rmoqda. Shunday bo'lsa-da, Pallotta mo'may moliyaviy taklifga rozi bo'lishi ehtimoli yo'q emas.
Nashrning xulosa qilishicha, «Roma» keyingi mavsum uchun EChL yo'llanmasini qo'lga kirita olmasa va «Real» 60 mln evrolik taklif bilan chiqsa, Dzanolo Italiya poytaxtidan Ispaniya poytaxtiga yo'l olishi mumkin.
Ma'lumot uchun, Nikolo bu mavsum «bo'rilar»ning barcha musobaqalardagi 27 o'yinida maydonga tushib, 5+2 mahsuldorlik natijasiga erishdi.