Kim nima desa-desinu, ammo jahon futbolida ikki buyuk klub - «Real» va «Barselona» qarama-qarshiligi, soddagina aytganda, «El-klasiko» boshqa to'qnashuvlardan ko'ra, ko'proq diqqatga arziydi, baribir. Argentinadagi ehtirosga boy derbilar ham, Angliyadagi «MYu» - «Liverpul» jangi ham jozibali «El-klasiko» oldiga tusholmaydi. Buning ustiga, sizu-biz shunday bir davrda yashab turibmizki, azbaroyi 100ta g'alaba marrasini birinchi bo'lib zabt etish uchun «Real» va «Barselona» bir-birini «g'ajish»ga tayyor. To'g'ri, Krishtianu Ronaldu va Zayniddin Zidanning ketishi «Madrid»ni sezilarli darajada zaiflashtirdi. Ammo gap azaliy to'qnashuvga kelganda, jamoalar oqsoqlanib bo'lsada, g'alabani o'z tomoniga og'dirishni o'ylaydi, har qanday holatda. «El-klasiko» tarixiga nazar solsak, shu kungacha «Real» 95 marta, «Barsa» esa 96 marta g'alaba qozongan. Yana 51ta bellashuv murosa bilan yakunlangan. Gollar nisbati 403ga 399 - «Real» foydasiga. Xo'sh, bunday ko'rsatkich bilan yana qaysi klublar maqtana oladi?! Xullas, soccer.ru oxirgi «El-klasiko» natijasida «Barsa»ning umumiy hisob-kitob bo'yicha ilk marta oldinga chiqib olganini nazarda tutib, «titanlar o'rtasidagi buyuk jang»ning boshlanishi va shu kungacha yuzaga kelgan ma'lumotlar haqida qiziqarli maqola tayyorladi.
Ispaniya ligasi yo'lga qo'yilgunicha (1916-1928 yillar) - 6ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 2:3 (1ta durang)
Avvalo, shuni ta'kidlash lozimki, «Real» va «Barselona» klublari o'rtasidagi hisob-kitobda faqat rasmiy o'yinlargina inobatga olingan. La-liga tashkil qilinishidan oldin esa, ikki klub faqat Qirol kubogi musobaqasida to'qnash kelgan, xolos. Qizig'i shundaki, musobaqaning 1916 yilgi yarim finalida g'olib nomini aniqlash uchun ikki emas, naq 4ta o'yin o'tkazishga to'g'ri kelgan. Zero, o'sha paytlar safarda urilgan gollar hisobga olinmasdi. Shu bois, dastlabki o'yinlarda tomonlar bittadan g'alabaga erishgach («Barsa» - 2:1, «Madrid» - 4:1), neytral maydonda uchinchi uchrashuv tashkillashtiriladi va unda 6:6 (!) shaklidagi dahshatli hisob yuzaga keladi. Natijada yana bir o'yinga ehtiyoj seziladi va unda «Madrid» raqibini 4:2 hisobida engadi. Shunday qilib, madridliklar ilk «El-klasiko» seriyasidan so'ng kubok finalida Bilbaoning «Atletik» klubini osongina mag'lub etishadi. Oradan 10 yil o'tgach, Kataloniya va Madridning bosh jamoalari yana shu musobaqa chorak finalida uchrashishadi va bu gal «Barsa» «Real»ga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi - 5:1 hamda 3:0.
Urushdan oldin (1928-1939 yillar) - 15ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 12:3 (4ta durang). Umumiy hisob - 14:6 (5ta durang)
Bu davrni bemalol «Real»ning «hokimlik vaqti» sifatida tilga olish mumkin. Chunonchi, madridliklar g'alabalar soni bo'yicha «Barsa»dan 4 baravar ilgarilab ketishgandi. Xullas, 12 yil ichida Kataloniya klubi raqibini atigi 3 marta engadi. Hattoki, bir gal «Real» 5:0 hisobida o'ta ishonchli tarzda mag'lub etiladi, asosan Marti Ventolraning «poker»ga erishishi evaziga. Biroq «Barselona»ning o'zi ham oldinroq 2:8 hisobida sharmandali mag'lubiyatni tan olgandi. Aytgancha, «Real» 1936 yili Ispaniya kubogi finalida «Barselona»dan ustun kelib, 10 yil avvalgi yarim final alamini ham oladi.
Urush davri va undan keyin (1940-1949 yillar) - 22ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 10:10 (2ta durang). Umumiy hisob - 24:16 (7ta durang)
XX asrning 40-yillari «El-klasiko»da tenglik va murosasizlik ruhi ortadi. Bunga natija ham guvohlik bermoqda: jami 22ta o'yinning atigi 2tasida durang qayd etilgan va har bir jamoa 10 martadan g'alaba nashidasini surgan. E'tiborlisi, har ikki klub shu davrdan boshlab, o'z uyidagi o'yinlarda ko'proq g'alaba qozona boshlaydi. Darvoqe, bu uchrashuvlarning birida, aniqrog'i, Madridda kechgan Qirol kubogi o'yinida «Real» ashaddiy raqibini 11:1 hisobi (!)da tor-mor qiladi. Mazkur natija haligacha Madridda faxr bilan, Kataloniyada esa alam bilan yodga olinadi. Qayd etilgan ikki durangning biri 5:5 ko'rinishida yakunlangani esa kurash qanchalik qizg'in kechganidan dalolat...
Taraqqiyot davri (1950-1959 yillar) -22ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 14:12 (2ta durang). Umumiy hisob - 38:28 (9ta durang)
Kurash yana qizg'in, ammo «Real» ustunlikni 2ta g'alaba ko'rinishida mustahkamlaydi. «Qirollik klubi» shuningdek, yangi tashkil qilingan va «Ko'hna qit'a»ning eng yaxshi jamoalarini o'z ichiga olgan Chempionlar kubogida ham g'olib chiqa boshlaydi. Lekin madridlar shuning barobarida «Barselona»ga 2:7, 0:4 va 1:5 hisobida yutqazib ham qo'yishdi. Shunga qaramay, «Real» «Barsa»ni Chempionlar kubogi-1959|1960dan chiqarib yuborish asnosida bu «qarz»ni uzadi. Xullas, aynan shu bosqichda ispan grandlari xalqaro turnirlarda ham raqobatga kirishishgandi. O'sha davrda raqiblar darhaqiqat, bir-biriga juda mos edi!
Evropa Chempionlar kubogi ta'siri (1960-1969 yillar) - 21ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 13:8 (6ta durang). Umumiy hisob - 51:36 (15ta durang)
Navbatdagi o'n yillikning boshida endi «Barselona»ning omadi yurishib ketadi. Kataloniyaliklar avvaliga «Real»ni Chempionlar kubogidan «haydab» solishadi va shu tariqa «Madrid»ning Evropadagi «gegemon»ligiga putur etadi. Biroq «Real»ni to'xtatgan «Barselona» musobaqa finalida «Benfika»dan engilib, madridlik ishqibozlar kalakasi ostida qolgandi. Bundan «qoni qaynagan» kataloniyaliklar Qirol kubogi finalida «Madrid»dan chinakamiga alam olishadi. O'z navbatida, «Real» La-liga doirasida ketma-ket 6ta uchrashuvda «Barsa»dan ustun keladi. Tasavvur qilyapsizmi, «Barsa» 3 yil badaliga biror «El-klasiko»ni o'z foydasiga hal qilolmagandi-ya...
Kuchlar tenglashgan vaqt (1970-1979 yillar) - 21ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 8:8 (5ta durang). Umumiy hisob - 59:44 (20ta durang)
1970-1980 yillar oralig'ida kuchlar yana tenglashadi. Shu darajadaki, «Real»ning 15ta g'alabaga teng ustunligi 10 yillik davr yoxud 21ta o'yindan keyin ham o'zgarishsiz qolaveradi. 1974 yil fevralida «Barsa» «Santyago Bernabeu»da mezbonlarni javobsiz 5ta gol bilan «siylagani»ni alohida aytish kerak. O'shanda gollardan birini Yoxan Kroyff o'z nomiga rasmiylashtirgandi. Shu yilning iyuniga kelib, jamoalar Generalissimus kubogi (Qirol kubogi shunday atalgan) finalida to'qnash keladi va «Real» darhol o'sha alamli mag'lubiyat uchun o'ch oladi - 4:0.
Tarozi pallasining og'ishi (1980-1989 yillar) - 32ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 9:16 (7ta durang). Umumiy hisob - 68:60 (27ta durang)
1980 yildan buyog'iga «El-klasiko»lar soni keskin ortdi. Chunki Ispaniya Liga kubogi turniri ham paydo bo'ldi, mamlakat superkubogi muntazam ravishda o'tkazila boshlandi. Qolaversa, Qirol kubogidagi to'qnashuvlar davom etdi. Eng muhimi, kataloniyaliklar endi «Madrid» ustidan yaqqol ustunlik qilishni o'rganib olishdi. Albatta, «Xuanito ruhi» Madrid tomonida edi. Lekin «Barselona» ham bo'sh kelmay, Diego Armando Maradonani o'ziga og'dirdi. Ayni shu yulduzning chaqnashidan so'ng «ko'k-anorranglilar» maydoni «Real» uchun «sovuq dush»ga aylandi: «Barsa» o'z maydonida raqibini 13ta o'yinda engib, atigi bir marta «sindi», xolos.
Yanada shiddatliroq (1990-1999 yillar) - 30ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 10:12 (8ta durang). Umumiy hisob - 78:72 (35ta durang)
O'n yillikning o'rtalariga kelib, har ikki jamoa o'z maydonidagi o'yinni 5:0 hisobida yakunladi. Qizig'i shundaki, har ikki g'olib tarkibida daniyalik Mikael Laudrup harakat qilgandi. «Barselona» Primerodagi o'yinlarda butunlay ustunlikka erisha boshladi («Real» 10ta o'yinning faqat bittasida g'olib chiqqan), madridliklar esa kubok uchrashuvlarida kuchliroq chiqib, so'nggi 32 yillikda ilk bora Chempionlar Ligasi (Chempionlar kubogi) bosh sovrinini o'zlariga bo'ysundirishdi. Lekin umuman olib qaralsa, 90-yillardagi «El-klasiko»larda «Barselona» raqibidan ustunroq edi, baribir.
Yangi asr boshi (2000-2009 yillar) - 22ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 7:8 (7ta durang). Umumiy hisob - 85:80 (42ta durang)
XXI asr avvalida «Barsa» va «Real» qarama-qarshiligi o'zining eng yuqori cho'qqisiga chiqdi. Endi «El- klasiko»larda kimnidir yaqqol favorit sifatida ko'rsatishning iloji yo'q edi. Ammo shunga qaramay, «Barselona» raqibidan 1ta ko'proq g'alabaga erishdi. Biroq «Qirollik klubi» vakillari ChL-2001|2002 yarim finalida kataloniyaliklarni engib, yakunda yana «shalpangquloq»ni o'zlashtirishdi. O'z navbatida, «Barselona» futbolchilari Primero bahslarida 5ta chempionlikdan iborat seriya yaratishdi. Jumladan, «Santyago Bernabeu»dagi 6:2 hali ko'pchilik yodida, shuningdek, Mourinoning 0:5 hisobidagi ilk «klasiko»sini ham Madrid klubi muxlislari ancha paytgacha xazm qilolmaganlari rost.
Hozirgi zamon (2010-2019 yillar) - 35ta o'yin
«Real» - «Barselona» - 10:16 (9ta durang). Umumiy hisob - 95:96 (51ta durang)
Oxirgi o'n yillik davr hali yakunlangani yo'q, ammo «El- klasiko»lar tig'izligi bo'yicha rekord allaqachon o'rnatildi. Deylik, jamoalar 2010 yildan shu kungacha 35 marta to'qnash kelishdi. «Barselona» EChLning 2010|2011 yillar mavsumi yarim finalida «Real»ni musobaqadan chiqarib yuborib, 10 yil oldingi alamidan chiqdi. Shunisi qiziq, «Barsa» ham xuddi «Real» singari, asosiy raqibini engganidan so'ng musobaqa g'olibiga aylandi. Ronaldu va Messi davrida «El-klasiko» futbol olamida eng ko'p kutiladigan uchrashuvga aylangani ayni haqiqat. Ammo «Barsa» «Santyago Bernabeu»da g'olib chiqishning anchagina hadisi olgani ham rost. Xullas, «Real» so'nggi paytlarda o'z maydonidagi o'yinlarda ustunlikni boy bermoqda - 10ta g'alaba, 15ta mag'lubiyat.
100ta g'alaba marrasi qaysi tomonniki?
Tabiiyki, har ikki jamoa ham 100ta g'alaba marrasini birinchi bo'lib zabt etishni astoydil xohlaydi. 50talik tantanani «Real» nishonlaganini hisobga olsak, bu gal omad «Barsa»ga kulishi kerakdek, go'yo. Boz ustiga, 3 mart kuni bo'lib o'tgan o'yin ham shunga ishora qilayotgandek. Lekin futbolda har qanday hodisa ro'y berishi ehtimoli katta. Taqdirning hazilini qarangki, o'tgan asrning 60-yillarigacha ustunlik mudom «Real» tarafida bo'lgandi. Keyinchalik «Barselona» dalillashdi. Agar ehtimollar nazariyasiga tayansak, shu yilning o'zida biz yana 5 marta «El-klasiko»dan bahra olishimiz mumkin. Shunday ekan, yubileyni tantana qilish imkoni har ikki klubda ham saqlanib turibdi. Biroq fakt shuki, «Barselona» ilk bor umumiy hisobda azaliy va ashaddiy raqibidan o'zib ketdi. Kataloniyaliklar endi bu statistika buzilishiga osongina yo'l qo'yishmasa kerak-ov...