U - «Real» safida «Oltin to'p»ni qo'lga kiritgan birinchi futbolchi (1956 yili). Umumiy hisobda ushbu sovrinni faqat ikki marta o'ziniki qilgan - bu borada Ronaldudan ancha orqada. Ammo di Stefanoning bir ko'rsatkichi borki, uni yaqin orada kimdir takrorlashi amrimahol: qatorasiga besh marta (!) «Real» bilan Chempionlar Kubogi (Ligasi)da zafar quchgan... O'z davrining etuk futbolchisi bugun oramizda yo'q, biroq uning «Qirollik klubi» muvaffaqiyatiga qo'shgan ulushini madridliklar aslo unutishmaydi. Yaqinda rossiyalik hamkasblarimiz Alfredo di Stefanoni yana yodga olish asnosida, uning so'nggi intervyularidan birini muxlislar e'tiboriga havola etishdi.
- Madridning «Real» klubiga 1953 yili ko'chib o'tgansiz. Evropadagi o'yiningizda qandaydir o'zgarish kuzatildimi?
- Yo'q. Hamon o'sha uslubda o'ynadim - «River Pleyt» yoki «Milonarios»da qanday bo'lsa, «Real»da ham shunday edi. Balki, Madridda ko'proq taktik jihatlarga e'tibor qaratgandirmiz.
- Tomoshabop futbol tarafdori bo'lganmisiz, muxlislar qarshisida o'zingizni ko'rsatishga intilarmidingiz?
- Aslo, hamisha samaradorlikni ustun qo'yaganman. Tribunalar diqqatini tortish uchun qandaydir tryuklar qilishga urinmasdim. Asosiysi, texnik futbol ko'rsatardim. Muxlislarga quvonch ulashish uchun noodatiy harakatlarni bajarish shartmas. Kerakli pallada qilingan harakatlarning hammasi chiroyli chiqaveradi.
- Ispaniyaga ilk tashrif sizda qanday taassurot uyg'otgan?
- Shahardagi g'amgin muhit hayron qoldirgandi. Odamlar e'tiborsiz. Qashshoqlar ko'p edi. Hamma qora libos kiygan. O'zimni noqulay sezgandim... Go'yoki, 1820 yilga tushib qolgandek edim. Eski rusumdagi taksilar, abgor holdagi ko'chalar... Xuddi Ispaniya rivojlanish bo'yicha Argentinadan 50 yil orqada qolgandek. Shunga qaramay, qoldim. «Mayli, bularning bariga ko'z yumib, faqat futbol haqida o'ylayman», dedim o'zimga o'zim.
- «Real»ga o'tishingizdan avval «Barsa» varianti ham bo'lgandi...
- Buenos-Ayresdagi uyimning to'siqlarini bo'yayotganimda, «Barselona» rahbariyatidan ikki kishi meni yo'qlab keldi. Ular men haqimda Argentina va Kolumbiyada yashaydigan kataloniyaliklar orqali xabar topishgan ekan. Ular meni deyarli sotib olishgani, barcha masalalar bo'yicha «River Pleyt» rahbariyati bilan gaplashishganini aytishdi. Buning rost yoki yolg'onligini bilmasdim, boz ustiga, Bogotaning «Milonarios» klubi bilan shartnomam tugamagandi. Lekin baribir, birgalikda Barselonaga bordik, chunki ular hujjatlar o'sha erda rasmiylashtirilishini aytishgandi. Lekin kelishuv amalga oshmadi.
- Nega?
- Chunki «Real» ham ishga kirishib, «Milonarios» bilan kelishib qo'ygandi. Ular «Qirollik klubi»ning ellik yilligi munosabati bilan o'tkazilgan turnirda o'yinimni ko'rishgan (musobaqada «Milonarios» g'olib chiqqan) va darhol kolumbiyaliklar bilan aloqaga chiqishgan ekan. Shu tariqa «River»ning «Barsa» bilan kelishuvi barbod bo'lgan. To'rt oy ishsiz qoldim - mening masalamni hal qilishlarini kutganman.
- Shu to'rt oy nima bilan shug'ullangansiz?
- Barselonada yashadim, bekorchi edim. «Barsa» va «Real» o'zaro kelishib olmaguncha, Ispaniya federatsiyasi o'ynashimga ruxsat bermadi. O'sha kezlari «Barselona» yulduzi bo'lgan Kubala formamni saqlab turishim uchun o'rtoqlik o'yinlari tashkil etishga harakat qilgandi.
- Jarayonga ta'sir o'tkazishga intilmaganmisiz?
- Bir marta har ikki klub rahbarlariga qo'ng'iroq qilib, ular oldiga ultimatum qo'ydim: «Bir hafta muxlat beraman, agar masala hal etilmasa, Buenos-Ayresga qaytaman!».
- Po'pisamidi bu?
- Yo'q, shunchaki, bularning baridan zerikkandim, haqiqatan ham uyga ketishni xohlayotgandim. Hattoki, kemaga chipta buyurttirgandim. Barselonada yana qancha o'tirishim kerak edi? Bekorchi bo'lsam, yaxshisi, buni uyda qilganim ma'qul.
- Ispan klubiga o'tishingiz siyosiy voqea bo'lgandi...
- Ispaniyada nimadir ro'y bersa, odamlar buni siyosatchilar atayin qilgan, deb o'ylashadi, hamma erda fitna bordek tuyuladi! Ammo mening holatimga siyosatning aloqasi bo'lmagan. Axir oddiy futbolchi edim, siyosatchilarda qiziqish uyg'otmasdim...
- Lekin aytishlaricha, Franko xohlagani uchun Madridga borgan ekansiz...
- Yo'q! Ispaniyaga kelishimning siyosatga mutlaqo aloqasi yo'q. Shunchaki, o'rtada katta pul turardi. U erga borganimda, hattoki, Frankoning kimligini ham bilmasdim. Umuman, Ispaniya ham Argentinaga o'xshash respublika bo'lsa kerak deb o'ylagandim. Faqatgina toreador Manoletening 1947 yili vafot etgani, «Real» hashamatli yangi stadion qurayotganidan xabardor edim... Shu, xolos. Ispaniyaga umuman qiziqmagandim. Ishim - futbol o'ynash, ijtimoiy-iqtisodiy doklad o'qish emas. To'p surish uchun maydon bo'lsa kifoya edi...
- Santyago Bernabeu («Real»ning 1943-1978 yillardagi prezidenti) bilan qachon tanishgansiz?
- 1951 yili, radiostudiyada, jamoamiz «Real»ning 50 yilligi munosabati bilan o'ziga xos reklama aktsiyasida qatnashgandi. Bunga qadar bir-birimizni tanimasdik. O'yinimni ko'rgach, aloqa o'rnatdik, keyinchalik esa munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Axir o'sha paytga qadar «Real» 21 yil mobaynida chempionatda g'olib chiqolmayotgan edi, men keldim va biz darhol oltin medallarga ega bo'ldik. Uning quvonchi ichiga sig'masdi.
- «Real»ga moslashishda qiynalmaganmisiz?
- Qaerda o'ynagan bo'lsam, bu borada muammoga duch kelmaganman. Butsalarim ipini bog'lab, maydonga chiqib, gollar urardim. Shunchaki, o'z ishimni qilardim.
- Madridda qisqa muddatda yulduzga aylandingiz...
- Shu bois 1963 yili Karakasda meni o'g'irlab ketishgan.
- O'sha voqeani gapirib bering-chi!
- «Real» Venesuela bo'ylab turne uyushtirgandi. Santamariya bilan bitta xonada turardik, birdan tonggi soat oltida telefon qo'ng'irog'i chalindi. Dastlab kimdir hazillashyapti deb o'yladik, ammo ko'p o'tmay eshik taqilladi. Ochsak, ostonada ikki kishi turibdi, o'zlarini politsiyachi deb tanishtirishdi. Meni qamoqqa olishlarini aytib, sababini politsiya mahkamasida bilib olishim mumkinligini ta'kidlashdi. Tishimni tozaladim, sochimni tarab, ularga ergashdim. Mashinaga chiqqanimizda esa «Alfredo, sen - bizning asirimizsan, biz politsiyachi emasmiz», deb, ko'zlarimni bog'lashdi.
- Sizga qanday munosabatda bo'lishdi?
- Yomon emas. Vaqtni maroqli o'tkazish uchun kitob berishdi. Ammo men vahimaga tushgandim! Dahshatning o'zginasi, o'ldirib qo'yishsa-chi! O'sha yigitlar meni neft narxi tushib ketayotgani uchun norozilik bildirish maqsadida o'g'irlashganini aytishdi. Lekin bunga mening nima aloqam bor? Futbolning nima aloqasi bor? «Aytishlaricha, siz jahonning eng yaxshi o'yinchisi ekansiz, butun dunyo bizni eshitadi!» Bu gaplardan engil tortmadim.
- Xo'sh, o'sha voqea qanday yakunlandi?
- Ikkinchi kun oqshomda va'da berishganidek qo'yib yuborishdi. Mashinadan tushib, yugurdim, ortimdan chang solib qolishlaridan cho'chidim. So'ngra taksi to'xtatib, Ispaniya elchixonasiga bordim - yana qaerga uchrashim mumkin edi? Ammo u er yopiq ekan. Aqldan ozish hech gap emasdi! Eshikni ketma-ket taqillatganimdan keyin, nihoyat, ochishdi. Qutuldim! Yoki deyarli qutuldim...
- Nega «deyarli»?
- Darhol jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o'tkazildi. Savollarga javob berayotib, yon tomonda meni o'g'irlaganlardan biri o'tirganini ko'rib qoldim! O'sha erga ham borishibdi! (Kuladi)
- Darhol politsiyaga aytish kerak edi!
- Nega? Axir qo'yib yuborishdi, ziyon etkazishmadi. Kim biladi deysiz, o'shanda aytganimda nima bo'lardi...
- 1956 yili Evropa Chempionlar Kubogi musobaqasi boshlanganda, «Real» bilan ushbu turnirda qatorasiga besh marta zafar quchgandingiz! O'shanda erishilgan yutuqning nechog'li katta ekanligini tasavvur qilganmidingiz?
- Yo'q! Ortiqcha hayajon sezilmagan! Axir o'shanda bu kubokning nufuzi keyinchalik oshib ketishini bilmaganmiz-ku. Avvaliga turnir g'alatidek tuyulgan. Hech qanday ma'lumot yo'q - qaysi klublar qatnashadi, kimlarga qarshi o'ynash kerak, raqib safida qanday futbolchilar bor, qaysi stadionlarda o'ynaladi... Tashkilotchilik ko'ngildagidek emasdi. Xayriyatki, «Real»da bu borada hammasi yaxshi edi.
- Ya'ni...
- Himoya - beton, ajoyib hujumchilar, texnikasi yuqori, mehnatkash yarim himoyachilar. Barcha maksimal darajada samarali o'ynashga urinardi. O'yin shunga asosan qurilgandi. Biz namoyish etgan futbol tomoshabopmi yoki yo'qmi, unchalik muhim emasdi.
- 1962 yili «Benfika»ga qarshi bahsda Kubok finalida musobaqadagi ilk mag'lubiyatingizni qabul qilib olganingizda, ko'pchilik hayron qolganmidi?
- Ha, bu finish edi! «Benfika» bilan o'yinni o'n kishi tugatganmiz. Hisobda oldinda borayotgandik, ammo keyinchalik vaziyat o'zgardi. O'yindan so'ng yig'lab yuborishimizga oz qolgan. 1964 yili «Inter»ga qarshi bahsdan keyin ham ayni holat kuzatilgan. 70 daqiqa mobaynida g'alabani saqlab turgandik, lekin hammasini Faketti o'z qanotidagi o'yini bilan buzgan. Hamon tinchlanolmayman - shunday beparvolik ham bo'ladimi? O'ng qanot himoyachisining shuncha muammo tug'dirishi mumkinligi xayolimizga kelmagandi! O'ziga ishonch shunchalik yuqori bo'ladimi? O'zimizni aqlli sanardik, aslida esa ahmoq ekanmiz.
- Juda qo'pol gapirmayapsizmi?
- «Inter»ning o'yinini o'rgangandik, bo'sh jihatlarini qidirgandik - bu esa xato edi. Raqibning kuchsiz tomonlari haqida o'ylamay, o'zimizning kuchli jihatlarimizdan foydalanishga intilsak, maqsadga muvofiq bo'lardi.
- O'shanda «Real»dagi so'nggi o'yiningizni o'tkazayotganingizni bilarmidingiz?
- Hali bexabar edim. Uchrashuvdan so'ng Santyago Bernabeuning yoniga borib, kelajagimni muhokama qildim. U klub tizimida qolishim mumkinligi, qanday ish bilan shug'ullanishni o'zim tanlashimni aytgandi. O'shanda shartnomani uzaytirishga xohishi yo'qligini sezdim... Ammo butsalarimni mixga ilishga shoshilmayotgandim, shu bois uning taklifiga rozi emasligimni bildirdim. Bir necha kundan so'ng Barselonaning «Espanol» klubi bilan shartnoma imzoladim. O'shanda 37 yoshda edim.
- Futboldagi qaysi jihat sizga ko'proq yoqadi?
- Gollar! Men darvozalarni ish-g'ol qilish va golli vaziyatlar yaratish uchun tug'ilganman. Hech qachon himoyada o'ynolmasdim, hamisha yakkakurashlardan o'zimni olib qochardim.
- Alfredo Di Stefano kimligini bilmaydiganlar uni kim bilan solishtirishlari mumkin?
- Bu volerdagi buqa, uni begona qafasga solib ko'ring - vahshiylashadi.
- She'riy o'xshatish. Bu qaysidir asardan olinganmi?
- Ha, muallifi - Di Stefano! (Kuladi).