UEFA tartib-intizom qo'mitasining qarorlari e'lon qilindi.
«Arsenal» hujumchisi Aleksandr Lakazett 3ta o'yinga diskvalifikatsiya qilindi. Frantsiyalik futbolchi Evropa ligasining 1/16 final bosqichi doirasida BATEga qarshi bo'lib o'tgan dastlabki o'yinda (0:1) to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka olgandi. Futbolchi javob o'yinida ishtirok etmadi va u keyingi bosqichda «Renn»ga qarshi bahslarni ham o'tkazib yuboradi.
«Valensiya» yarim himoyachisi Joffri Kondogbia «Seltik»ga qarshi dastlabki o'yinda (2:0) ataylab sariq kartochka olgan deb topildi va UEFA tomonidan ikkita o'yinga chetlatildi. Shu tariqa, u «Krasnodar»ga qarshi bo'ladigan Evropa ligasining nimchorak final bosqichidagi ikkita o'yinda maydonga tusha olmaydi.
Avvalroq «Ayaks»ga qarshi o'yinda sariq kartochka olgan "Real" himoyachisi Serxio Ramosning ishi ham ko'rib chiqilayotgani haqida xabar tarqalgandi. Ammo, yakunda ispaniyalik futbolchining sariq kartochkasi e'tiborsiz qoldirildi.