«Yuventus» sport direktori Fabio Paratichi hujumchi Krishtianu Ronalduning transferi qanday yuz berganini aytib o'tdi. Portugaliyalik futbolchi o'tgan yilning yozida 117 million evro evaziga «Real»dan Turinga ko'chib o'tgandi.
«Madridda o'ynaganimizda [Evropa chempionlar ligasi-2017/18 chorak final bosqichi doirasida], Jorje Mendesh [Ronalduning agenti] mening yonimga keldi. Men unga «Krishtianu aqlbovar qilmas gol urdi», — dedim. U esa menga qarab turib: «Aytsam ishonmaysiz, lekin Krishtianu, agar boshqa jamoaga o'tishni istasa, «Yuventus»ni tanlashini aytdi. Buni inobatga oling, bu haqda o'ylab ko'ring. Keyinroq yana gaplashamiz», — dedi.
Keyinchalik esa men Joao Kanseluning transferini rasmiylashtirish uchun Mendesh bilan bitta samolyotda uchdim. U yana bir marta jiddiy ohangda:
«Tez orada Ronalduning Madridni tark etishiga guvoh bo'lasiz. Ochiq aytaman, futbolchi faqat «Yuventus» bilan shartnoma imzolashni istaydi. U Angliyaning eng katta jamoasi hisoblangan «Manchester Yunayted»da o'ynadi, keyin esa «Real» sharafini himoya qildi. U faqat buyuk tarixga ega bo'lgan jamoalarda o'ynaydi. U hech qachon Italiyada o'ynamagan va Skudettoni qo'lga kiritishni istaydi. Agar Krishtianu sizlarga kerak bo'lsa, u shu erda», — dedi.
Men esa unga: «Yaxshi. Unday bo'lsa, biz buni muhokama qilishimizni Krishtianuga ayting», — dedim.
Albatta, men uning aytganlarini eslab qoldim va Ronalduni qo'lga kiritish ishtiyoqi yuzaga keldi. Keyingi muzokaraga esa men tayyor holatda keldim.
«Bu – maosh, bu – transfer summasi», – dedi Mendesh.
«Bir necha kundan keyin senga javob beraman», – dedim men. Men «yo'q» demadim, aks holda u boshqa variant qidirishni boshlagan bo'lardi», – dedi Paratichi.
Ushbu mavsumda Ronaldu «Yuventus» safida 31ta o'yinda maydonga tushib, 20ta gol urdi va 10ta golga uzatma berdi.