Krishtianu Ronaldu va soliq mahkamalari o'rtasidagi mojaro mohiyati nima? Portugaliyalik mashhur agent Paulu Barboza «SE» nashri iltimosiga binoan, jahonning eng yaxshi futbolchisini yomon qiynayotgan masala va birin-ketin yuzaga kelayotgan mojarolar sababini tushuntirishga urindi. Chunonchi, avvalgi hafta tarqalgan xabar «Real» muxlislarini juda-juda siqiltirdi.
Portugaliyaning A Bola nashri o'z manbalariga tayanib bergan ma'lumotlarga ko'ra, Krishtianu «Real» prezidenti Florentino Peres bilan uchrashuv chog'i jamoadan ketish niyatida ekanligini ro'y-ro'st aytgan. Qo'shimcha qilinishicha, ayni payt Konfederatsiyalar kubogida qatnashayotgan futbolchi Ispaniya soliq idoralarining turli ayblovlaridan bezigan. Eslatish joiz, ispanlarning da'volaricha, Ronaldu 2011-2014 yillar oralig'ida jami 14,7 million evroga teng soliq to'lovlarini yashirgan.
- Avvalo, ko'pchilikni qiziqtirgan savol: Ronaldu nega birdaniga ketishni istab qoldi?
- Ayni payt futbolchining bu boradagi izohidan bexabarmiz. Ya'ni turli manbalarda Ronaldu atrofidagi oxirgi voqealardan kelib chiqib, shunday stsenariy yuzaga kelishi mumkinligi taxmin qilinmoqda, xolos.
- Xo'sh, bunday taxmin-xulosa nima bilan bog'liq?
- Ko'rinishidan, Ispaniya soliq ma'muriyati futbolchi tomonidan mamlakat g'aznasiga topshirilayotgan to'lovlarni qat'iy tekshirib ko'rishga qaror qilgan, shekilli. Krishtianu esa buni adolatsizlik, deb hisoblaydi. Agar Lionel Messida ham shunga o'xshash muammo borligini e'tiborga olsak, hammasi oddiydek. Biroq media vakillari bu mojaroga boshqacha yondashmoqdalar va umumiy manzarani bo'rttirib ko'rsatishga urinmoqdalar.
O'zi tushunarliki, Ispaniyada futbolchilarni diqqat bilan kuzatishadi. Xususan, ularning soliq majburiyatlarini qanday ado etishayotgani ham qat'iy nazorat ostida. Ma'lum vaqt oldin «Real» sharafini himoya qilgan Rikardu Karvalo va Madrid jamoasini boshqargan Joze Mourinoga bog'liq soliq mashmashalariyu, tekshiruvlar jarayoni ularga qanchalik qimmatga tushgani ko'pchilikka ma'lum.
Bu borada ortiqcha gapga hojat yo'q. Eslasangiz, Karvalo ham, Mourino ham soliq ma'muriyati bilan ixtiyoriy ravishda hisob-kitob qilishgandi. Ronaldu ham balki shunday yo'l tutishi ma'quldir... Har holda, jarayonni sudgacha cho'zishga urinishdan qandaydir ma'no yo'q.
- Endi og'riqli masala: futbolchilarning to'liq hajmda soliq to'lashni istamasliklari sababi nima?
- Hammasi Football Leaks tomonidan yo'lga qo'yilgan onlayn-platforma tufayli boshlandi. Chunonchi, shu orqali futbolchilarning hisob raqamlariga daxldor moliyaviy ma'lumotlar paydo bo'ldi. Xususan, imidj huquqlari ortidan kelayotgan daromad Ispaniya soliq organlari nazoratida emasligi oydinlashdi. Zero, futbolchilar bu yo'nalishda asosan boshqa mamlakatlarda ro'yxatdan o'tgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilishadi.
- Boshqacha aytganda, ular tarif foizi pastroq bo'lgan boshqa mamlakatlarda soliq to'lashadi...
- Ha, shunday. Biroq Ispaniya qonunchiligi bo'yicha imidj shartnomasi deylik, Yaponiyada rasmiylashtirilsa hamki, ispanlarga soliq to'lanishi shart. Shuningdek, kelishuvni Ispaniya idoralarida maxsus deklaratsiyalash shart. Bularning barchasiga shartnomani rasmiylashtirgan kompaniya yoki firma mas'uldir.
- Ronaldu va Messini qiynayotgan muammolar o'rtasida aytarli farq yo'q, chog'i...
- Ikki futbolchi oldida ham mazmun-mohiyati bo'yicha bir xil muammo bor. To'g'ri, ular shakliga ko'ra, boshqacharoq ko'rinishi mumkin.
- Ronalduning ketish haqidagi ogohlantirishi - bu cho'chitishmi yoki...?
- Faqat o'zidan so'rash kerak. Biroq shunisi tayinki, futbolchi qattiq ranjigan va atrofidagi ishlardan mutlaqo norozi. Ehtimol, uning gapi shikoyatdir. Bilamizki, Krishtianu jahon futbolidagi yorqin shaxs va «Real» tomonidan mutlaqo qo'llab-quvvatlanishni istaydi. U bunga haqli ham. Qolaversa, turli ayblovlar keti uzilmasa, futbolchining bosimga dosh berishi juda qiyin. Biroq ikkinchi tomondan olsak, «Real» yustitsiya organlarini almashtirolmaydi.
- Ha, ko'rinishidan, Krishtianu mablag' masalasida jiddiy yo'qotishga duch keladigandek...
- Gap rasman 15 million evro haqida ketyapti.
- Bu uning uchun vahimali darajada ko'p emas. Shunday ekan, mojaroni cho'zishdan nima foyda?
- Menimcha, bu savolga Ronalduning maslakdoshlari javob berishlari kerak. Aniqrog'i, shunday yo'l tutishni tavsiya qilayotganlar. Axir yuqori organlar bilan janjallashib ko'rish fikri Ronalduning o'zidan chiqmagandir. Fakt shuki, u soliq tizimi sohasi bo'yicha mutaxassis emas. Demakki, atrofidagi ayonlar maslahatlariga asosan ish tutgan...
- Umumiy holatga matbuot qanday yondashmoqda?
- Kataloniya matbuoti salbiy qarashga ega, Madrid gazetalari va kanallari esa umuman boshqacha pozitsiyada. Misol uchun, «Messi ishi» ko'rib chiqilayotgan payt Leoni bearmon tanqid qilishgandi - hamma va o'ta qat'iy ohangda. Zero, jamoatchilik qonunbuzarlarga nisbatan keskin fikr bildirishga o'rgangan. Tabiiyki, bunday bosim ostida yashash va ishlash oson emas.
- Messi soliq tizimiga oid jinoyati uchun shartli qamoq jazosiga mahkum etilgandi. Ronalduga real qamoq jazosi tayinlashlari ehtimoli ham mavjudmi?
- Krishtianuning aybdor yoki aybsizligini bilmaymiz. Ya'ni hozircha hammasi OAV ma'lumotlari asosida muhokama qilinmoqda. Xullas, sub'ektiv taxminlar... Biroq bu jarayon qanchalik cho'zilsa, Ronaldu shunchalik ko'p jabr chekadi, azoblanadi. O'zingiz o'ylang, hukumat bilan kelishmovchilikda yashash osonmi?
- Oxirgi savol: Ronalduning «Real»dan ketish ehtimolini qanday baholaysiz?
- Shunday stsenariy bor ekan, har narsa bo'lishi mumkin. Anig'i bitta: Krishtianu ma'lum darajada xotirjamlik kafolatlanadigan joyda o'ynashni istaydi. Ehtimol, Angliyada, balki hattoki, Xitoyda. Lekin shaxsan men portugaliyalik sifatida u aybsiz emasligini isbotlashini istayman. Ammo bu ishonch emas, balki faktlar hukmidagi masala.