"Real" himoyachisi Serxio Ramos Ispaniya kubogining chorak finali birinchi o'yinda "Jirona" ustidan qozonilgan g'alaba (4:2) haqida gapirdi.
Ramos uchrashuvda dubl qildi va gollarining birini penaltidan "panenka" usulida urdi.
"Penaltini shu usulda bajarib, individualligimni shu tarzda ko'rsataman va bundan zavq olaman. Aynan hozir yoqimli holatdaman. Yana penalti tepaman, ammo hammasini doim shu tariqa bajara olmayman. Burchakka tepishga to'g'ri keladi.
Intriga saqlanib turibdi. Bu yaxshi natija, ammo oson o'yinlar bo'lmaydi. "Jirona" "Atletiko"ga uchta gol urib, uni chiqarib yuborganini unutmasligimiz kerak. Biz muhim qadam qo'ydik, ammo boshlagan ishimizni javob o'yinida oxiriga etkazib qo'yishimiz kerak", - deydi Ramos.