"Real" prezidenti Florentino Peres Ispaniya qirolligi futbol federatsiyasi (RFEF)ning direktorlar kengashida ishtirok etishdan bosh tortdi. Ushbu yig'ilishga Peresni RFEF prezidenti Luis Rubiales taklif qilgandi.
El Chiringuito tarqatgan xabarga ko'ra, «Madrid» rahbariga VAR tizimi yoqmayapti. Florentino videotakrorlardan foydalanish adolatsizlikka olib kelmoqda deb hisoblamoqda. Shu bois u RFEF prezidentining taklifiga rad javobini berdi.
Shuningdek, Marca nashriga ko'ra, «Real» rahbariyatini so'nggi yillarda Ispaniya futbol federatsiyasi tomonidan bo'layotgan munosabat (tartib-intizom qo'mitasining qarorlari, hakamlar) ham qanoatlantirmayapti.
Florentino Peres dastlab RFEF direktorlar kengashida ishtirok etish haqida o'yladi. Boisi, qabul qilinadigan muhim qarorlardan chetdan qolib ketishi mumkinligini tushunib turgandi. Ammo «Real Sosedad» va «Betis»ga qarshi o'yinlarda VAR tizimi tomonidan chiqarilgan bahsli qarorlar tufayli Peres yig'ilishga bormaslikka qaror qildi.