«Real» yarim himoyachisi Garet Beyl La liganing 17-turi doirasida bo'lib o'tgan «Vilyarreal»ga qarshi o'yinda (2:2) jarohat olib, 39-daqiqada maydonni tark etgandi.
Uelslik futbolchi bugun tibbiy ko'rikdan o'tdi. Uning chap oyog'i mushagida cho'zilish yuz bergani aniq bo'ldi. Marca nashri tarqatgan xabarga ko'ra, futbolchi 10-15 kun davomida maydonga tusha olmaydi. Shu tariqa, Beyl «Real Sosedad», «Leganes» va «Betis»ga qarshi o'yinlarni o'tkazib yuboradi.
Garet Beyl ushbu mavsumda klub darajasida 23ta o'yinda maydonga tushib, 10ta gol urdi va 5ta golga uzatma berdi.
Ma'lumot o'rnida. Futbolchi 2013 yilda "Tottenxem"dan "Real"ga o'tganidan beri bu 22-jarohati bo'ldi. Ushbu muammo tufayli u 84ta o'yinda maydonga tusha olmagan.