Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Luka Modrich: «Faoliyatimni «real»da yakunlashga qarshi emasman»

«Oltin to'p» sohibiga aylangan xorvatiyalik yarim himoyachi Luka Modrich yaqinda FranceFootball nashriga intervyu berib, faoliyatidagi qiziqarli voqealar va shaxsiy hayoti haqida gapirdi.

.
- Yuklab olish

Ko'p yillik mashaqqatli mehnatlari samarasi o'laroq, ikki «o'zga sayyoralik» - Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi gegemonligiga nuqta qo'yib, mavsum yakunlariga ko'ra «Oltin to'p» sohibiga aylangan xorvatiyalik yarim himoyachi Luka Modrich yaqinda FranceFootball nashriga intervyu berib, faoliyatidagi qiziqarli voqealar va shaxsiy hayoti haqida gapirdi.

- Ilk bor sovrin qo'lga kiritganingiz yodingizdami?

- Albatta, o'shanda 15 yoshda edim, Zagrebning «Dinamo» klubi a'zosi bo'lsamda, ijara asosida «Zrinski»da to'p surardim. O'sha yili meni jamoaning eng yaxshi o'yinchisi sifatida e'tirof etishdi. Juda yosh edim, bu mening dastlabki individual sovrinim bo'lgandi.

- Tabiiyki, jahon darajasidagi nufuzli mukofotga ega chiqish kishidan katta mehnatni talab qiladi...

- Shunday ibora bor: «Muvaffaqiyat hech qachon osonlikcha qo'lga kiritilmaydi» - buni o'zimning shiorim desam ham bo'laveradi. Hayotim turli kurashlardan va katta ish hajmidan iborat, shularning evaziga maqsadlarimga erishyapman. «Oltin to'p» sohibiga aylanish oson emas, ammo men buni uddaladim.

- O'z vaqtida «Arsenal» sizni o'z safiga qo'shib olishni istamagan ekan. Shu rostmi?

- 18 yoshimda hozirgi darajamga chiqishimni tasavvur qilolmasdim, vaholanki, hamisha uzoqni ko'zlab, buyuk jamoalar tarkibida to'p surish orzum edi. To'g'ri, «Arsenal» meni sotib olishni istamagan. O'shanda Vengerning rad javobini engib o'tish kerak bo'lgan to'siq sifatida qabul qilgandim. O'sha paytda frantsiyalik mutaxassisning men haqimdagi fikri shunday bo'lgandi.

- Tashqi ko'rinishingizga qarab ko'pchilik sizning jismoniy holatingiz cheklangan deb hisoblaydi. Bu borada nima deysiz?

- Jussam nisbatan kichikligi sabab o'zimni boshqalardan kuchsizroq deb hisoblamayman: men ko'pchilik tasavvur qilganidan kuchliroqman. Odatiy to'qnashuvlar, raqiblarimning basavlat ekanidan zarracha cho'chimayman.

- Zayniddin Zidan bosh murabbiylik qilgan davrda «Real» ulkan zafarlarga erishdi. Ushbu mutaxassis bilan munosabatlaringiz qanday bo'lgan?

- Zidan menga ishonch bag'ishlaganlardan biri. Ittifoqo, u menga shunday degandi: «Sen «Oltin to'p» uchun kurashda g'alaba qozona olasan». Joriy yil qancha individual sovrin yutganimni hisoblab, 30 nafar da'vogardan iborat ro'yxatga kiritilganimdan so'ng o'zim ham bunga ishona boshladim. Yana bir voqea xotiramda uzoq muddatga saqlanib qolishi aniq: 2016 yilning yanvarida Zidan «Real» bosh murabbiyi etib tayinlanganida, mashg'ulotlardan so'ng u meni xonasiga chaqirib, qanday to'p surishim kerakligi, mendan nimalar kutayotgani haqida gapirdi. Jamoadagi muhim futbolchilardan biri ekanligimni ta'kidlab, mening timsolimda yaqin yillar ichida «Oltin to'p»ni qo'lga kiritadigan futbolchini ko'rayotganini aytdi. Zidan singari ko'p narsaga erishgan shaxsdan bunday gaplarni eshitish ruhiyatni keskin ko'tarib yuborishini tushundim. U bilan faxrlanaman, hurmatim cheksiz. O'ylashimcha, Zidan bilan o'xshash jihatlarimiz ko'p: u ham og'ir-bosiq, biroz tortinchoq. U maydonda o'zimni ko'proq ko'rsatishimni kutardi, ochilmagan qirralarim namoyon bo'lishida yordamlashdi. Zidanga kerak edim, futbol sohasida ulkan yutuqlarga erishayotgan davrimizda meni asosiy futbolchilardan biri sifatida ko'rdi. Uning so'zlari oldinga intilishimga sabab bo'ldi. Agar ushbu murabbiyning tavsiyalari, saboqlari bo'lmaganda, kelgusidagi yutuqlarga ishonishim amrimahol edi.

- Xorvatiya termasi Rossiyada o'tkazilgan jahon chempionatida tarixiy natijaga erishdi. Ushbu mundial, xususan, final uchrashuvi sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Hal qiluvchi uchrashuvni muhokama qilishni boshqalarga qoldirganim ma'qul. Menimcha, bitta o'yinga qarab «Oltin to'p» sohibini aniqlash mumkin emas. Tan olaman, jahon chempionati finalidagi mag'lubiyatdan so'ng kayfiyatim tushib ketdi, o'sha pallada «Oltin to'p» haqidagi o'ylaydigan holatda emasdim. Ammo Xorvatiyaga qaytganimizdan keyin qayg'u o'rnini shodlik egalladi: ko'cha to'la muxlislarning ko'tarinki kayfiyatda olqishlashganini ko'rib, o'zimizni jahon chempionidek his qildik.

- So'nggi yillarda jahon futboli etakchiligini hech kimga bermay kelgan Messi va Ronaldu haqida nima deysiz?

- Xorvatiyalik futbolchi, kichik mamlakat vakili o'zgacha saviyadagi o'yinchilar – Leo va Krishtianudan so'ng «Oltin to'p»ni qo'lga kiritgani uzoq yillar yodda qoladi. O'zini ushbu ikkovlon bilan solishtirishga hech kim haqli emas – ular futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardir. Ammo shu afsonalardan keyin yirik sovringa ega chiqish yoqimli hissiyotlarni taqdim etadi. Messi va Ronaldu davri tugadi, deyishsa bunga zinhor ishonmayman. Ularning «Oltin to'p» topshirish marosimida qatnashishlari lozimligi bo'yicha nimadir deyolmayman, ammo ularni tadbirda ko'rsam xursand bo'lardim.

- Ko'pchilik sizni Yoxan Kroyfga o'xshatadi...

- Bu albatta, men uchun katta faxr. U ajoyib o'yinchi va murabbiy bo'lgan. Aynan Kroyf sharafiga «Tottenxem»da 14-raqamda o'ynaganman.

- Qaysi futbolchilarni o'zingizga kumir deb bilasiz?

- Shubhasiz, Zvonimir Bobanni – ham futbolchi, ham shaxs sifatida. Xorvatiya termasi 1998 yilgi jahon chempionati yarim finaliga chiqqanida 13 yoshda edim. O'shanda ham Frantsiya milliy jamoasiga imkoniyat boy berilgandi. Boban men uchun ilhom manbai bo'lgan. «Tottenxem»da o'ynab yurgan kezlarim undan xabar kelgandi: «Agar xohlasang, qo'ng'iroq qilishing mumkin. Zvon». Avvaliga bu do'stlarimdan birining hazili bo'lsa kerak, deb o'ylagandim, ammo berilgan raqam bilan bog'langanimda, haqiqatan ham Boban ekanligiga amin bo'lganman. U bilan suhbatimiz ruhiy tomondan menga asqotgan: o'zim faxrlanadigan kishi bilan gaplashgandim, Zvonimir muloqot paytidagi oddiyligi tufayli yorqin taassurot qoldirgandi.

- Sizga qolsa, qaysi pozitsiyada o'ynashni ma'qul ko'rasiz?

- Yarim himoyachiman, ammo nisbatan orqaroqda to'p suraman. Pirlo singari o'yinni tashkil etish, himoya va hujumni o'zaro bog'lash, jamoa etakchisi bo'lishni yoqtiraman. Ammo aksariyat murabbiylar mendan orqaroqda, o'ng yoki chap qanotda foydalanishadi. O'zimga qolsa markazda o'ynash ma'qulroq. Ayni payt «Real»dagi pozitsiyam ham yoqadi, o'ng tomondan oldinga intilaman, ko'pincha joy almashish holati kuzatiladi. Zamonaviy futbolda agar Messi yoki Krishtianu bo'lmasangiz, bir chiziqqa bog'lanib qolish yaramaydi, hamma himoyalanishni bilishi lozim.

- Ijtimoiy tarmoqlarda faolmisiz?

- «Instagram»da sahifam bor, ammo u erga faqat futbolga taalluqli suratlar, muhim voqealar, katta o'yinlar yoki sovrin topshirish marosimlaridan fotolar joylashtiraman. Men shunaqaman: oilam bilan oddiy hayot kechiraman, tongda uyg'onib, mashg'ulotga yo'l olaman, farzandlarimni La Moralexadagi xalqaro maktabga olib boraman... Deyarli har kuni «Valdebebas»da ovqatlanaman, u erdan juda kech chiqaman. Uyga qaytib, bolalar bilan o'ynayman, rafiqam bilan kino ko'raman, xonadonimda uncha katta bo'lmagan uy kinoteatri bor.

- Oilangiz davrasida yana nimalar bilan band bo'lasiz?

- Yuqorida aytganimdek, uyda kino ko'ramiz, shuningdek, turli musiqalarni tinglaymiz, restoranga boramiz... Menga xos jihat shuki, istalgan mahsulotni iste'mol qilib, semirmasligim mumkin – genetika shuni taqozo etadi.

- Dam olish chog'ida alohida tartibga amal qilasizmi?

- Har bir yuqori saviyali sportchi qilishi kerak bo'lgan narsalarga amal qilaman: yaxshi ovqatlanaman, miriqib uxlayman. Ko'p mashg'ulot o'tkazaman, har bir o'yindan so'ng tezroq tiklanishga urinaman. Farzandlarim bilan rafiqam shug'ullanadi, ularga dam olish ishimni bir qismi ekanini tushuntirishimga to'g'ri keladi.

- O'zingizni qaysi toifaga mansub deb hisoblaysiz?

- Oddiyman, o'zimni xuddi shunday tutaman. Kamtarligimni boshqalar ham payqayotganini ko'ryapman. Bir narsani aytishim kerak: oddiy futbolchilardan biri «Oltin to'p»ni qo'lga kiritganidan juda xursandman.

- Nufuzli sovrinni qaerda saqlash haqida o'ylab ko'rmadingizmi?

- Dastlab u yotog'imda, krovatimning yonida turadi. Shunda har safar uyg'onganimda bu tush emasligiga amin bo'laman. Keyinchalik «Oltin to'p»ga munosib joyni topaman. Jamg'armamda boshqa sovrinlar ham bor, ammo bu «To'p» alohida o'rinni egallaydi.

- Hissiyotlar hamon tinchlik bermayotgandir?

- Ayni payt nimalarni his etayotganimni so'z bilan ta'riflash mushkul. Juda xursandman, ishimni munosib baholaganlardan minnatdorman.

- Kelgusidagi rejalar qanday?

- Shartnomam tugashiga yana ikki yil bor, ammo umid qilamanki, «Real»da hali ko'p muddat to'p suraman. Klubdagilar meni qo'llab-quvvatlashyapti, faoliyatimni aynan shu erda yakunlashga qarshi emasman: oilam va men ushbu buyuk klubdan rohatlanishda davom etmoqchimiz. 

Aytgancha:

Florentino Peres («Real» Madrid klubi prezidenti): - Modrichning «Oltin to'p»ni qo'lga kiritishiga nafaqat uning ko'p yillar mobaynida ajoyib tarzda to'p surgani, o'tgan mavsumni fantastik tarzda o'tkazgani, balki shaxs sifatida o'zini munosib tutishi ham sabab bo'ldi. Luka «Real», sport, xususan, futbol qadriyatlaridan yaxshi xabardor. Aynan shunday insonlarni taqdirlash kerak, zero ular sport musobaqalarini mojarolar emas, qiziqarli uchrashuvlar joyiga aylantirishadi.

O'.UMAROV tayyorladi 

BestMaster
28 Dekabr 2018, 19:40
modrich, «faoliyatimni, «real»da, yakunlashga, qarshi, emasman»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Barcha fikrlar: 1
dilshod717
 dilshod717  
Juda ajoyib fikrlar ofarin
28 Dekabr 2018, 22:05
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads