«Real»ning braziliyalik himoyachisi Marselo Madridning Club del Deportista nashriga kichik intervyu berdi. Suhbat chog'ida u mavsumning omadsiz starti, Krishtianu Ronalduning jamoani tark etishi xususida gapirib o'tdi.
Ronalduning ketishi haqida
- U nafaqat jamoadoshim, balki do'stim hamdir. Serxio Ramos va Luka Modrichlar uchun ham shunday. Jahonning eng yaxshi futbolchisi jamoangizdan ketib qolsa, uni sog'inishingiz turgan gap. Bu bilan har bir chizig'imizda eng yaxshi futbolchilar o'ynamaydi, demoqchimasman. Ammo har qanday klub Krishtianuni o'z tarkibiga qo'shib olishni istaydi. Biroq futbolchilar kelsa ham, ketsa ham «Real» «Real» bo'lib qolaveradi.
Mavsumning omadsiz starti haqida
- Biz hali fevralga etib bormadik. Aynan o'shanda barchasi hal bo'ladi. Sentyabrdanoq xulosa chiqarish yaramaydi. Odamlar bizni tanqid qilishlari mumkin. Biroq hozirgi davrda mavsum borasida xulosa chiqarsalar kulgim qistaydi. Oldimizda Klublar o'rtasidagi jahon chempionati turibdi. Mazkur turnirda g'alaba qozonishimiz lozim. Jamoamiz hamon barcha turnirlar g'olibligi uchun kurashmoqda.
«Yuventus»ga o'tishi bilan bog'liq gap-so'zlar haqida
- Klubdan ketib, boshqa variant qidirish hech qachon xayolimga kelmagan. Har doim «Real»da qolish uchun qo'limdan kelganini qilganman. Agar har bir o'yinda 15 daqiqa imkoniyat berishsa, shu 15 daqiqa bor kuchimni ishga solaman. «Qirollik klubi»ga o'tishim juda tez ro'y bergan. Avvaliga bu hazil deb o'ylaganman. «Real»ni hamisha buyuk klub deb hisoblaganman. Bu jamoada kutilmaganda paydo bo'ldim. Jamoa o'yinchilarini oldinlari faqat televizor orqali ko'rardim. Ayni paytda esa ana shu buyuk klubning bir bo'lagiman. Biror narsani o'zgartirishga hojat yo'q.