Jahon futbolida transferlar odatiy holga aylanib qolgan desak, adashmaymiz. Lekin shunday tranferlar borki, ularni muxlislar hozirgacha hazm qila olishmaydi. Shu haqida...
Karlos Teves
«Manchester Yunayted»dan - «Manchester Siti»ga
Karlitos «qizil iblislar» tarkibida hamma sovrinlarni yutadi. Runi va Ronaldu bilan bir tandem sifatida hujum chizig'ining oldida harakat qilgan Teves butun Evropani o'ziga qarata oladi. «Manchester Yunayted» bilan yangi shartnoma borasida muzokaralar o'tkazish arafasida turgan futbolchiga birdaniga juda ham katta miqdordagi summa yozilgan shartnomani «shaharliklar» taklif qilishadi. Teves hech qanday tushuntirish va izohlarsiz katta moash ilinjida «qizil iblislar»ninig ashaddiy raqibi bo'lgan «Siti»ga o'tib ketadi. Muxlislar Tevesninig bu ishini hech ham qabul qila olishmaydi. Ikki jamoa to'qnashuvida Tevesga atalgan deyarli 50ga yaqin bannerlarni ko'tarishadi. Bu ham etmaganidek mashinasining oynalarini bir necha marotaba sindirib ketishadi. Teves vaziyatning chuqurlashayotganini ko'rgach, video murojaat orqali sobiq jamoasi muxlislaridan uzr so'raydi.
Mario Gyottse
«Borussiya D»dan – «Bavariya»ga
«Borussiya D» jamoasidagi fantastik mavsumlardan so'ng unga xaridorlar ko'payib ketdi. Yigitcha shuhratga uchib, jamoasining yangi shartnomasidan bosh tortadi. Klopp o'sha paytlar shu voqeaga chiroyli izoh bergandi: “Marioni to'g'ri tushunish kerak. U bizga qo'lidan kelganicha yordam berdi. Endi uni qo'yib yuborishimiz lozim. Biz «Bavariya»ga yo'q demaymiz”.
Lekin o'zi shundog'am zaiflashib qolgan jamoani tashlab ketishini dortmundlik muxlislar kechira olishmadi. Mario «Signal Iduna Park»ga mehmon bo'lib kelganida aqlbovar qilmas hushtakbozlik boshlanadi. Ayniqsa, muxlislar ommaviy ravishda Gyottseninig sariq-qora liboslarini ochiqchasiga yoqib yuborishadi. Bu keyinchalik stadiondan Internetga ko'chadi. Mario balki shu sabab, balki jarohat sabab «Bavariya»da o'ynab keta olmaydi.
Luish Figu
«Barselona»dan – «Real Madrid»ga
Mana buni kataloniyaliklar haligacha hazm qila olishmaydi. Figu «Barsa» bilan 5 ta ajoyib mavsum o'tkazadi. Klublar doirasida hamma yutuqlarga erishadi. U muxlislarninig yoqimtoyi va kataloniyaliklarninig eng sevimli o'yinchisi edi. Birdan matbuotda Figuninig «Real»ga o'tgani haqida tarqalgan xabardan butun Kataloniya shok holatiga tushub qoldi. Sababi, Figu «Real» bilan shartnoma imzolamasligini, bu shunchaki muzokara ekanligini aytib muxlislarni tinchlantirgan edi. Lekin «Real»ninig moliyaviy qudrati shunchalik ediki, Figuni Madridga olib ketish uchun o'sha paytda aqlbovar qilmas summa - 37 million evroni bemalol to'lab beradi.
«El-klasiko»dagi ilk uchrashuvidayoq «Real» safida «Nou Kamp»ga kelgan Figu o'sha uchrashuvni haligacha tushlarida ko'rsa ajab emas. Chunki uchrashuv hakami bir necha marotaba o'yinni to'xtatib turishga majbur bo'ladi. Kataloniyaliklar ochiqchasiga Figuga qo'lga ilingan narsani uloqtirib, norozilik ko'rsatishadi. Hatto burchak to'pini tepishga kelayotgan Figuga cho'chqaninig kallasini uloqtirishadi...
Figu «Real Madrid»da «Barsa»da o'ynagandek o'ynab keta olmaydi. Oradan 4 yil o'tgach, Figu Portugaliyada bo'lgan Evro-2004da Gretsiya termasiga qarshi uchrashuvda bir muxlis tomonidan qattiq izza qilinadi. Muxlis maydonga tushib keladi va yugurgancha Figu tomon kelib, uning yuziga «Barsa» emblemasi tushirilgan sharfni uloqtirib ketadi... «Barsa» muxlislari uni haligacha sotqin deya atashadi...