Birlashgan Arab Amirliklarida bo'lib o'tayotgan klublar o'rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi finalchining nomi ma'lum bo'ldi.
Yaponiyaning «Kashima Antlers» klubi "Real"ga qarshi bahsning birinchi bo'limida nomdor raqib bilan tengma-teng kurash olib bordi. Taym so'ngida Beyl-Marselo ishtirokidagi "devor" uslubi madridliklar uchun samarali chiqdi. Marseloning ajoyib uzatmasidan keyin uelslik futbolchi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqdi va olis burchakni ishg'ol qildi.
Ikkinchi bo'lim avvalida yaponiyaliklar ikkita qo'pol xatoga yo'l qo'yishdi. Beyl har ikkala vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni yirik ko'rinishga keltirdi.
O'yin tugashiga 12 daqiqa qolganida osiyoliklar bitta javob to'pini kiritishga muvaffaq bo'lishdi.
Shu tariqa, "Real" musobaqa finaliga yo'l oldi. "Qirollik klubi" bosh sovrin uchun mezbon jamoa — "Al-Ayn"ga qarshi maydonga chiqadi.
Klublar o'rtasidagi jahon chempionati, yarim final
Kashima Antlers Yaponiya – Real Madrid Ispaniya 1:3 (0:1, 1:2)
Gollar: 0:1 – 44 Beyl, 0:2 – 53 Beyl, 0:3 – 55 Beyl, 1:3 – 78 Doi.
Kashima Antlers – Gvon Sun Txe, Chjon Siin Xen, Yamamoto, Nisi (Andzai, 56), Sedzi, Leo Silva, Nagaki (Utida, 46), Serjino, Endo (Leandro, 83), Doi, Abe.
Real Madrid – Kurtua, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos, Modrich, Lorente, Vaskes (Isko, 68), Kroos, Beyl (Asensio, 60; Kazemiro, 74), Benzema.
Ogohlantirishlar: Karvaxal (42), Yamamoto (52).