«Real»ning La liganing 16-turi doirasida «Rayo Valekano»ga qarshi uy o'yiniga 55.229 nafar muxlis tashrif buyurdi. Umuman olganda, ushbu mavsumda "Santyago Bernabeu"ga muxlislarning tashrifi kamayib bormoqda. Nega bunday bo'layotganini ushbu maqola orqali aniqlashga harakat qilamiz.
1994 yildan beri «Real»ning uy o'yinlariga bu qadar kam muxlis kelmagandi. "Qirollik klubi" 2018 yilda "Bernabeu"da o'tkazgan o'yinlarining 63 foizida g'alaba qozongan bo'lsa, 37% bahsda 3 ochkoni qo'lga kirita olmagan.
2018 yilda «Real Madrid» «Bernabeu»da jami 27ta o'yin o'tkazib, ularning 17tasida g'alaba qozondi, 5tasida durang o'ynadi («Numansiya»,«Atletik», «Bavariya» va ikki marta «Atletiko» bilan) va 5 marta yutqazdi («Vilyarreal», «Leganes», «Yuventus», «Levante» va TsSKAga). Bundan tashqari, ba'zi o'yinlarda g'alaba qo'lga kiritilgan bo'lsa-da, jamoaning o'yini ancha nursiz chiqdi. Mana shu holat ham muxlislarning kamayishiga sabab bo'ldi.
24 yil avval esa "Madrid" mana shunday past natija ko'rsatgandi: o'shanda "Santyago Bernabeu"dagi uchrashuvlarning 42 foizida jamoa g'alaba qozonmagandi. O'shandan beri "qaymoqranglilar" bunday og'ir mavsumga duch kelishmagandi.
Raqamlar
Madridliklarning so'nggi 3ta uy o'yinida muxlislar soni 56.000dan oshmadi.
– Ispaniya kubogi, javob o'yini: "Melilya" (6:1) – 55 243;
– EChL, guruh bosqichi, 6-tur. TsSKA (0:3) – 51 636;
– La liga, 16-tur. "Rayo Valekano" (1:0) – 55 229.
O'tgan mavsumning boshidan dekabr oyi o'rtasigacha bo'lgan davrda "Bernabeu"da 12ta o'yin o'tkazilgan bo'lib, bitta uchrashuvga o'rtacha 68 297 muxlis kelgandi. Ushbu mavsumda esa o'rtacha tashrif 8%ga kamaygan: 62 788 ishqiboz.
O'tgan mavsum bilan taqqoslashda davom etadigan bo'lsak, La liga doirasidagi bahslarga tashrif o'rtacha 5000 muxlisga kamaygan bo'lsa, EChLdagi pasayish naq 11 ming muxlisni tashkil qildi.
Sabablar
"Qirollik klubi" muxlislarining stadionga tashrifi kamayishi klub natijalarining salbiy ko'rinish olganidan tashqari, yana bir nechta sabablarni keltirib o'tishimiz mumkin:
— Krishtianu Ronaldu "Real"ni tark etdi;
— Mavsumiy abonementlar narxi 10%ga oshirildi;
— Mavsum startidagi salbiy natijalar;
— Murabbiylarning o'zgarishi;
— Jamoaga yulduz futbolchining olib kelinmagani...