Maxsus so'rov yakunlariga ko'ra, frantsiyalik hujumchi Ispaniya chempionatining noyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etildi va Marca nash-rining maxsus sovrini bilan taqdirlandi. 30 yoshli Karimning «Real Madrid TV» telekanaliga bergan intervyusida oshkora ta'kidlashicha, Krishtianu Ronaldu ketganidan keyin uning «Qirollik klubi»dagi roli chindan ham, ancha oshgan. Hujumchi shuning barobarida klub sardori Serxio Ramosni alohida maqtadi, Santyago Solarining murabbiylik ishiga yuqori baho berdi.
Umumiy holati
- Hamon aynan shu klubda o'ynayotganimdan behad baxtiyorman. Umid qilamanki, Madriddagi faoliyatimni shu ruhda davom ettiraman.
Maydondagi kayfiyati
- Maydonda hamisha a'lo kayfiyatni saqlab qolishga urinaman. Ayniqsa, to'pni nazorat qilish jarayonida qandaydir engillikni his etaman. Gol urgan yoki samarali uzatma amalga oshirgan lahzada esa, mendan baxtiyorroq kishi topilmaydi.
Joriy mavsumda urgan gollari
- Ayni payt hammasi zo'r. Bunga maydonda nechog'li harakatlanayotganimni ko'rib, ishonch hosil qilishingiz mumkin. Qisqasi, saviyam chakki emas, o'zimni tobora kuchliroq sezyapman. Ishtiyoq va g'ayratim ham oshib bormoqda. Joriy mavsum hammamiz uchun o'ta muhim sanaladi. O'ylashimcha, jamoaviy harakatlarda ijobiy o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda: himoya va hujumda birdek hamjihat holda o'ynayapmiz. Buning samarasi o'laroq, raqib jamoalar darvozasi ancha ko'p vaziyat yaratyapmiz.
Etakchilik roli
- Muxlislar doimo yaxshiroq natija talab qiladilar. «Real» - dunyodagi eng kuchli klub. Hujumchilar oldiga har yuksak talablar qo'yiladi: gollar, samarali uzatmalar, sermazmun kombinatsiyalar... Bu «Madrid» uchun tabiiy hol, albatta. Muhimi, hozirda ishtiyoqim har qachongidan ko'ra, balandroq. Bor e'tiborim mavsumning jamoam uchun muvaffaqiyatli kechishiga imkon qadar hissa qo'shishga qaratilgan.
Yuksak mas'uliyat
- Krishtianu Ronaldu jamoamizdan ketgach, zimmamdagi mas'uliyat hissi yanada oshdi. Axir u yo'q, demak, endi gol urish - mening vazifam. Asosiysi, bunga o'zim ham ehtiyoj sezyapman, mas'uliyat yukini ko'tarib yurishga tayyorman.
202ta gol
- «Real» libosida shuncha gol urganim baxtiyorlik va faxr tuyg'ularini bermoqda, albatta. «Real»da o'tgan umrim, amalga oshirgan ishlarimni o'ylar ekanman, mashaqqatli mehnat va uning samarasi ko'z oldimda gavdalanadi. Ha, baxtiyor damlar barobarida omadsiz vaqtlarni ham boshdan kechirdim. Quvontiradigan tomoni, ishtiyoq masalasida hamon o'sha Karimman.
Mavsum uchun reja
- Imkoni boricha ko'proq gol urishimiz kerak. Zero, mahsuldorlik qancha oshsa, sovrin yutish ehtimoli shuncha ortadi. Shaxsan men har bir uchrashuvda yanada samaraliroq to'p surish uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman. Lekin gol urish bobida muayyan marraga intilmayman.
35-raqam
- Ha, menda bu raqamga nisbatan qandaydir muhabbat alomati yo'q emas. Biroq maydonga tushgach, raqamni unutaman. Chunki diqqat-e'tiborim o'yin, gol urish va samarali to'p surishga qaratiladi.
Sardorlardan biri
- Bu maqomning ham o'ziga yarasha ahamiyati bor. Jamoamizda birinchi sardor - Serxio. U o'z vazifasini a'lo darajada uddalamoqda. Ramosga xos xotirjamlik shaxsan menga ishonch bag'ishlaydi. Maydonda barcha jamoadoshlarim bilan yaxshia chiqishaman, kimdir yordamga ehtiyoj sezsa, uni iloji boricha qo'llab-quvvatlayman.
Serxio Ramos
- Bu yigit anchadan buyon jamoa etakchisi rolini bajarmoqda. Safga qo'shilgan kunidan boshlab, katta manfaat keltirayotgani tahsinga sazovor.
Sevimli uslubi
- To'pga 1-2 marta teginish bilan amalga oshiriladigan kombinatsiyalarni yoqtiraman. Doimiy harakat, vaziyatdan kelib chiqqan holda, tezkor yoki xotirjamlik bilan uzatiladigan to'plar - jonu dilim. To'pni qabul qilishdan oldin hammasini e'tiborga olib, to'g'ri echim topish lozim.
Tovon bilan berilgan
samarali uzatma
- Ko'pchilik shunday uslubda o'ynashni xohlaydi, ammo hamma ham uddasidan chiqavermaydi. Guti - daho! U «Riasor»dagi o'sha o'yinda ortidan men yaqinlashayotganimni ham bilmagandi. Lekin ichki tuyg'usiga tayanib, to'pni menga uzatdi. Garov o'ynashga tayyorman - har qanday befarq kishi o'sha lavhani ko'rsa, shundoq futbol shaydosiga aylanadi!
Murabbiylik istiqboli
- Nega urinib ko'rmasligim kerak? Futbolni sevishim hech kimga sir emas. To'g'ri, murabbiylik tamoman boshqa soha va hozir aniq javob berolmayman. Bu borada yaxshilab o'ylab ko'rish lozim.
Santyago Solari
- Solari - ajoyib inson. U o'zini munosib nomzod sifatida ko'rsatishga ulgurdi. Santyago xuddi Zidan kabi etuk futbolchi edi, o'yinning barcha ikir-chikirlaridan xabardor. U bizdan to'pga ko'proq egalik qilish, tezkorlik bilan hujumga o'tish va xotirjam harakatlanishni so'ramoqda. Ayni holatda jamoamizda hammasi a'lo darajada, ruhiyatni yanada ko'tarsak, bas.
Garet Beyl
- Nima deyish mumkin? Yuqori tezlik va sehrli chap oyoqqa ega kuchli hujumchi. Jismoniy holati talab darajasida bo'lsa, jamoaga katta manfaat keltirishi tayin. Qisqasi, Garet - o'z uslubi, dunyoqarashiga ega o'zgacha yulduz. Ajoyib ijrochi.