Madrid sudi «Real» klubining "Cherishev ishi" yuzasidan bergan shikoyatini qondirmadi.
Eslatib o'tamiz, madridliklar Ispaniya kubogining 2015/16 mavsumida diskvalifikatsiyaga ega Denis Cherishevni maydonga tushirgani uchun musobaqadan chetlashtirilgandi. Avvalgi mavsumda «Vilyarreal» safida o'ynab, sariq kartochkalari soni ko'payib ketgan rossiyalik futbolchi «Kadis»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushgandi. O'yinda «Real» 3:1 hisobida g'alaba qozongan bo'lishiga qaramay, musobaqadan chiqarib yuborilgandi.
Shundan so'ng, madridliklar Qirollik futbol federatsiyasining bu qaroridan norozi bo'lib, uni sudga berishgandi. «Real» Cherishevning diskvalifikatsiyasi bo'yicha yozma ogohlantirish olmagani uchun federatsiyadan kompensatsiya puli talab qilib, apellyatsiya bergandi, biroq bu shikoyat qondirilmadi. Madrid Markaziy sport ma'muriy sudi esa Qirollik federatsiyasining qarorini o'z kuchida qoldirdi.
Sud Cherishevni federatsiya tomonidan ogohlantirilishi kerak ekanini tan oldi. Ammo «Real»ning futbolchining diskvalifikatsiyasi haqida bilmay qolganini «tasavvur qilib bo'lmaydigan» holat deb topdi.