Neymarning jarohati bilan bog'liq yangi tafsilotlar ma'lum bo'ldi.
Unga ko'ra, ayni damda futbolchida ikkita variant bor — operatsiya yoki jarrohlik amaliyotisiz muolajalar orqali davolanish. Birinchi variantda Neymar 8-12 haftada tiklanadi va to'liq sog'ayib ketadi. Ikkinchi variantda esa futbolchi shunchaki muolajalar olib yuradi va maxsus oyoq kiyimida harakatlanadi. Bu holatda Neymar 6 haftada tiklanishi mumkin, ammo bunga to'liq kafolat yo'q. Tabiiyki, ikkinchi variant tavakkalga asoslangan.
O'z navbatida “PSJ” Neymarning “Real”ga qarshi o'ynashini istamoqda. Parij klubi rahbariyatining fikricha, “Real” — jamoa yo'lidagi asosiy to'siq. Agar “PSJ” Madrid klubidan o'ta olsa, finalgacha muammosiz etib boradi. Shu bois “PSJ” rahbariyati Neymarni “Real”ga qarshi o'ynatib, keyin agar jamoa “qirollik klubi”ni mag'lub eta olsa, braziliyalik futbolchiga EChL finaliga qadar dam bermoqchi. Shunda Neymar finalgacha davolanib olish imkoniga ega bo'ladi. “PSJ” rahbariyati shuni reja qilmoqda.
Biroq agar ikkinchi variantga amal qilinsa, Neymarning ahvoli keyinchalik og'irlashishi va u hatto jahon chempionatini o'tkazib yuborishi ham mumkin.