17 may sanasida «Real Madrid» klubi rahbarlari va murabbiylar o'rtasida katta majlis bo'lib o'tdi. Unda rahbariyat yangi mavsum oldida 300 million evroni transferlar uchun ajratdi. Yozgi transfer oynasi ochilish arafasida turgani sababli «Real Madrid» keyingi mavsumda o'z tarkibini yaxshigina kuchaytirib olishi mumkin.
Jamoa transfer oynasi ochilishi bilan Eden Azarning trnasferini e'lon qiladi va klub uchun bu transfer 115 million evroga aylanishi kutilmoqda. Matbuot anjumanidan so'ng jamoa murabbiysi Zidan jurnalistlarning savollariga javob berib o'tdi.
“Bu mavsum biz uchun eng yomonlaridan biri bo'ldi desak, adashmagan bo'lamiz. To'g'ri, tarkibimizning ruhan va jismonan yoshi o'tib qoldi. Bu odatiy hol. Har qanday top-klub ham 5 yilda tarkibni kuchaytirib borishi shart. «Real Madrid»ning navbati keldi deb hisoblayman. Rahbariyat bilan muzokaralarimiz ijobiy yakunlandi. Unga ko'ra transfer oynasi ochilishi bilan bizni bir nechta futbolchilar tark etishadi. Ular haqida OAV tinmay yozishmoqda va yozilganlarning 90% haqiqat.
Kelajak rejalariga to'xtalib o'tsam. Biz Azarning agenti va uning o'zi bilan tinmay aloqada bo'lib turibmiz va tez orada uni o'z klubimizga qo'shib olamiz. Pogba borasida biron narsa deya olmayman. U tushunarsiz yigit va u nima xohlayotganini o'zi ham bilmayapti. Pogbaning «Real Madrid»ga o'tishi to'g'risida biron narsa deya olmayman, sababi u tinimsiz shartlar qo'ymoqda va muzokaralarni paysalga solishda davom etmoqda. Agarda jarayon shunday davom etadigan bo'lsa, biz uni xarid qilish fikridan voz kechamiz va markazni kuchaytirishning boshqa yo'lini qidirishga tushamiz.
Biz Ronalduning agenti Jorje Mendesh bilan bir necha bor ko'rishdik va o'zaro suhbatlashdik. Men Ronaldu bilan ham ko'rishdim. Uni ortga qaytishga ko'ndirgandek bo'ldim, biroq hali bu haqida rasman e'lon qila olmayman. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, «Real Madrid» keyingi mavsumda qudratli kuch bo'lib ortga qaytadi va to'liq kuch bilan faqat va faqat chempionlik uchun kurash olib boradi", — deya Zidanning so'zlaridan iqtibos keltirdi Ispaniyaning «Marca» nashri.