«Real» hujumchisi Garet Beyl yozda jamoani tark etishi mumkin. Jamoa rahbariyatining uelslik futbolchi o'yinidan xafsalasi pir bo'ldi.
Krishtianu Ronaldu jamoani tark etganidan keyin Beyl o'z o'yinini kuchaytirishini Peres kutgandi. Shu bois, o'tgan yilgi EChL finalidan keyin "Qirollik klubi" rahbariyati Garetni jamoada qolishga ko'ndirgandi.
Marca tarqatgan xabarga ko'ra, hozirda «Real» futbolchini sotish haqida bosh qotirmoqda. Beyl hozirgi kunga kelib zaxira futbolchisiga aylanib qoldi. U faqat Vinisius Junior yoki Lukas Vaskesning o'rniga maydonga tushmoqda.
Garet 30 yoshga yaqinlashayotgan bo'lsa-da, unga Angliyada talab katta. Jumladan, «Chelsi» va «Manchester Yunayted» klublari unga qiziqish bildirishmoqda. Bundan tashqari, Italiyaning «Milan» klubi tomonidan ham futbolchiga qiziqish mavjud.
«Real» esa uning o'rniga Kristian Eriksen yoki Eden Azarni qo'lga kiritishni ko'zlamoqda.