Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Beshafqat klasiko»

Ispaniyaning ikki superklubi o'rtasidagi bahs haqida ko'p ta'riflar yangragan.

.
- Yuklab olish

Ispaniyaning ikki superklubi o'rtasidagi bahs haqida ko'p ta'riflar yangragan. Ammo ularning ko'pida bu o'yinni yaxshi ko'rish sabablari sanalgan.

Aslida futbolni ardoqlagan odam klasikoni yomon ko'rishi kerak, nega deysizmi? Aytaman.

YaRMI-I-I-II MADRID, YaRMI MESSI…

Dunyo mana shu uchrashuvni tomosha qilayotganda jahon xaritasi o'zgaradi – yarmi Madrid shahriga, yarmi Kataloniya hududiga aylanadi. Ispaniya la ligasi taqvimi chiqqanda, nigohlarimiz mavsum davomida o'tadigan shu ikki uchrashuv muddatiga qaratiladi, sho'rlik “Valensiya”yu “Atletiko”da nima ayb, deydigan odam topilmaydi.

Rejalarimizni shu o'yinga qarab belgilaymiz.

Eng yomon tomoni

OTAMDAN QOLGAN TOShOYNA QANI?!

deydigan muxlislar shu kuni er yuziga qalqib chiqadilar.

Yaqinda ushbu klublarga mutlaqo aloqasi bo'lmagan Ruminiyada realchi muxlis joniga qasd qildi, eshitdingiz. Xulosa nima bo'ladi – bugungi kunda el klasiko nafaqat futbol bellashuvi, balki siyosiy va hatto e'tiqodiy masalaga aylanib bormoqda. Achinarli hodisa.

Boshqa biror bir o'yindan so'ng bu qadar ko'p muhokama bo'lmaydi, bilasiz. Haqoratlarning eng yangi navlari aynan klasikoni kutib turadi, tugashi bilanoq ijtimoiy tarmoqlarning to'riga chiqadi. Hattoki bir-biri bilan yoqa musht bo'lib urishayotganlar haqidagi xabarlar ham chiqmoqda. Qarindoshlar o'rtasidagi kelishmovchiliklarga shu telba qarashlar sabab bo'layotganiga odam bir kulsa, bir yig'laydi.

Muxlislar-ku, o'z yo'liga, lekin bu bahs futbol natijalariga, turnir darajasiga-da ta'sir o'tkazmoqda. Birgina o'yindan so'ng

SAROBGA ChIQQAN KUBOKLARni

ko'rishimiz mumkin. El klasiko shu qadar muhim va qo'rqinchli o'yinki, bir yil davomida qo'lga kiritish mumkin bo'lgan 6ta kubokdan 5tasini yutib olgan jamoa yil oxirida narigisiga yutqazib qo'ysa, o'sha kuboklar muxlislari ko'z o'ngida yo'qqa chiqadi. Oltinlarni qalashtirib tashlagan murabbiylarining faoliyatiga qizil tortiladi.

Bir kun keyin o'tkazilgan so'rovda muxlislar Oltin to'p olgan yigitni hatto uchtalikka ham kiritishmaydi, axir, u eng muhim o'yinni boy berdi-da! Bu bahsda g'olib chiqqanlar ko'kka otiladi, vaholanki, ularning yillik natijalariga e'tibor qaratsangiz, birgina kubokdan boshqa narsani topa olmaysiz. Boshqa biror bir mamlakatda shu kabi e'tiborga molik va barcha natijalarni yo'qqa chiqaruvchi uchrashuvni topa olmaysiz.

El klasiko boshqa milliy chempionatlarga ham, boshqa turnirlarga ham o'z ta'sirini o'tkazayotgani ham bor gap. Misol uchun, uning bir o'zi

APLGA QARShI KURAShMOQDA!

APL o'yinlariga taqvim tuzilayotgan paytda, futbol vatani vakillari Ispaniya chempionatining taqvimiga bir qarab qo'yishsa kerak. Nafaqat inglizlar, balki boshqa chempionat tashkilotchilari ham. Mana shu klasiko o'yini bo'ladigan paytga iloji bo'lsa o'yin qo'ymaslik kerak, deb bilishadi ular. Nainki o'sha soatga, balki o'sha kunga ham qo'ymagan ma'qul. To'g'ri, buning imkoni yo'q, lekin muhim uchrashuvlarni baribir boshqa kunga saqlab qo'yadilar. Oddiy misol: Oxirgi el klasiko o'tkazilgan kuni ajoyib o'yinlar o'tkazildi. Lekin “Chelsi”ning ochko yo'qotib, turnir jadvaliga jiddiy ta'sir etgan uchrashuvini hatto sezmay ham qoldik. Latifa ham chiqib ketdi: 0:0 bo'lib tugagan o'yinda ikki jamoa o'z o'yinlariga e'tibor bermay, el klasikoni tomosha qilishgan, shu bois gol urilmagan, degan.

Keyin, aynan el klasiko borligi uchun ham Ispaniya chempionati har bir turida kamida 5ta shiddatli o'yini mavjud bo'lgan APLni ortda qoldirib kelmoqda. Butun boshli la liga o'yinlarini sotib olishni istamagan telekompaniyalar birgina shu klasiko uchun ko'zni yumib Malagayu Seltalarning o'yinini sotib olmoqda.

El klasiko shu qadar muhim bellashuvki, necha yillardan buyon Evropa Chempionlar Ligasida ham shu ikki jamoa finalda o'zaro hisob-kitob qilishlarini kutishmoqda. Finalgacha bittasi qoqilib qolsa, eh, bu yil ham klasiko ko'rmas ekanmiz-da, deb xo'rsinadiganlar juda ko'p. Ayniqsa, UEFA rahbarlari.

Dunyoni ikkiga bo'lib qo'ygan uchrashuv futbolga bo'lgan o'lchovlarni buzib yuborgani yomon. Muxlislarniku qo'yavering, hatto mutaxassislar ham boshqa o'yinlarga holis baho bera olishsa-da, shu uchrashuvga kelganda ko'zlari ko'r bo'lib xulosa beradilar. Nega ularning ko'zi ko'r, desangiz, javob bitta: muhabbat aralashgan…

Topdim, el klasiko futbol ahlini Majnunga aylantirib qo'yadi. Aqlu hushidan ayrilgan Majnunga. Taxminan mana bunday:

— Nega bu itni quchoqlab, o'pib o'tiribsan?

— Bu it anovi kuni “Santyago Bernabeu” (Kamp Nou) stadioniga kirib chiqqanini ko'rgandim.

Dahshata?!

Xayrulla HAMIDOV, «Erudit Sport» gazetasi.

BestMaster
29 Dekabr 2017, 22:50
xayrulla, hamidov, maqolasi, «beshafqat, klasiko»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Barcha fikrlar: 3
 rmatolkazver  
Chapak chapak ajoyib sözlar
30 Dekabr 2017, 08:24
 omad  
qoil
30 Dekabr 2017, 18:59
 lingard  
Yaxwi wunaqalarni kopaytirin
1 Yanvar 2018, 22:14
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017