Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!

Shahram G'iyosov: «Bu mavsum «Real»ga oson bo'lmaydi»

Boks bo'yicha Rio-2016 Olimpiadasida kumush, joriy yil Germaniyada o'tkazilgan jahon chempionatida esa oltin medal sohibiga aylangan Osiyo chempioni Shahram G'iyosov millionlar o'yiniga ham befarq emas.

.
- Yuklab olish

Boks bo'yicha Rio-2016 Olimpiadasida kumush, joriy yil Germaniyada o'tkazilgan jahon chempionatida esa oltin medal sohibiga aylangan Osiyo chempioni Shahram G'iyosov millionlar o'yiniga ham befarq emas.

U o'zi tug'ilib-o'sgan shahar jamoasi - «Buxoro», shuningdek, Madridning «Real» klubiga muxlislik qiladi. Oldinroq esa «Manchester Yunayted» jamoasi ishqibozi bo'lgan.

Sevimli futbolchisi Krishtianu Ronaldu Madridga ko'chib o'tgach, mehri «Qirollik klubi»ga tushgan. Bugungi kunda ham «Real» ishtirokidagi barcha o'yinlarni yarim tun bo'lishiga qaramay, ko'rib boradi.

Sevimli jamoalari g'alaba qozonsa, quvonadi, aksincha, mag'lubiyatga uchrasa, ranjiydi. Ronalduni ayni paytda dunyoning tengsiz futbolchisi, Zayniddin Zidanni esa eng yaxshi murabbiy deb biladi.

O'z navbatida, Messining o'yinlaridan ham zavq oladi. Krishtianuga bo'lgan hurmat sabab har bir g'alabali janglaridan so'ng portugaliyalik futbolchining golni nishonlashdagi harakatlarini takrorlaydi.

Shu tariqa buxorolik bokschi o'zi ishtirokidagi janglarni haqiqiy shouga aylantiradi. Biz G'iyosov bilan aynan millionlar o'yini mavzusida dildan suhbatlashdik.

- Shahram, Gamburg shahrida o'tkazilgan jahon chempionatidan so'ng ta'til oldingiz. Terma jamoamizning qolgan bokschilari Qozog'istondagi nufuzli xalqaro turnirda ishtirok etishdi. Bu tanaffus nima bilan bog'liq?

- Umuman olganda, dam olishga fursat bo'lmadi. Germaniyadagi jahon chempionatidan qaytib kelganimdan so'ng hordiq chiqarish uchun bir hafta vaqt ajratdim. Ta'tilni oila a'zolarim, qarindoshlar va do'stlar davrasida o'tkazdim.

Bir haftadan keyin yana to'laqonli mashg'ulotga qaytdim. Bizga murabbiylar shunday ko'rsatma berishadi. Ustozimiz Marat Qurbonov «Hamisha yurak urishini me'yorida ushlab turinglar, sababi, u kuniga ikki mahal mashg'ulot o'tkazishga moslashgan», deb uqtiradi.

Agar mashqlarni tashlab, ma'lum muddatdan so'ng sport zaliga qaytsak, yurakka ortiqcha yuklama bergan bo'lamiz. Bu esa yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi tayin.

Shuning uchun ham, hamisha kun tartibi va majburiy me'yorlarga rioya qilamiz. Aslida, faqat boks bilan cheklanmaymiz. Futbol, basketbol va suzish mashg'ulotlari bilan ham muntazam shug'ullanib boramiz.

- Nafaqat bokschilar, balki boshqa yakkakurash sport turi vakillarida ham vaznni saqlash qiyin jarayon hisoblanadi. Qisqa fursatda eng ko'p necha kilogramm tashlagansiz?

- Germaniyadagi jahon chempionati chog'ida kun issiq bo'lsa-da, bosh kiyimi va qalin liboslarimizda mashg'ulot o'tkazdik. Bu aynan vaznni ushlab turish uchun qilingan harakatlar edi.

Boisi, kamida 3-4 kg.dan xalos bo'lishimiz talab etilgandi. -69 kg. vaznga ko'tarilganimga ikki yil bo'ldi. O'shandan beri ushbu ko'rsatkichni ushlab turishda qiynalmayapman. Vaholanki, avvallari bu borada muammo tug'ilardi.

O'sha kezlari 6-7 kg.dan xalos bo'lishimga to'g'ri kelardi. Natijada bu vaznda katta yutuqlarga erisha olmaganman.

Hozir -69 kg. vazn toifasida o'zimni erkin his qilyapman. 10 kg. tashlab yaxshi jang o'tkazadigan bokschilar ham bor, ammo men buni uddalay olmayman. Agar vaznim oshib ketsa, -75 kg. toifasiga o'taman.

- Rio Olimpiadasida ajoyib xatti-harakatlaringiz evaziga nafaqat o'zbekistonlik muxlislar, balki dunyo ommasi e'tiborini ham o'zingizga jalb qila oldingiz. Ya'ni, har bir g'alabangizni xuddi Krishtianu Ronaldu singari nishonladingiz. Bu oldindan rejalashtirilganmidi?

- Jang payti xayolimda shunday fikr tug'ildi. Agar e'tibor bergan bo'lsangiz, Olimpiadada har bir bokschimizda his-hayajon yuqori edi. Masalan, Fazliddin G'oibnazarov g'alabasidan keyin yig'lab yubordi.

Rustam To'laganovda ham xuddi shunday holatni ko'rdik. Hasanboy Do'smatov sakrab, yosh bolalardek harakat qildi. Men ham ehtiroslarimni ortiq ushlab tura olmay, g'alabamni xuddi Krishtianu Ronaldu kabi nishonladim.

Ochig'i, buni oldindan rejalashtirmagandim. «Real» klubi va Krishtianuga bo'lgan mehrim sabab Olimpiadadagi g'alabamni shu tarzda nishonlashga ahd qildim.

- O'sha harakatingizdan keyin Ronaldu suratingizni o'zining «Tvitter»dagi sahifasiga qo'ygandi. U bilan internet orqali gaplashmadingizmi?

- Ha, xuddi shunday bo'lgandi. Qolaversa, surat «Real» klubining rasmiy «Instagram»iga ham qo'yilgandi. Uning ostiga «Ronaldu va «Real»ga bo'lgan hurmat uchun rahmat!» so'zlari bitilgandi.

Internet orqali SMS tarzida tashakkurnoma jo'natildi. Bundan juda ham quvongandim. Hozircha Krishtianu bilan suhbatlashish nasib etmadi, lekin rejada bor. «Qirollik klubi» meni Madridga taklif qilgan.

- Demak, «Santyago Bernabeu»ga borishni rejalashtirgansiz?

- Xuddi shunday. Balki dekabr oyida bo'ladigan «el-klasiko»ga borarman?! Madriddagi stadionda «Real» ishtirokidagi o'yinni tomosha qilish orzum ro'yobga chiqadi, degan umiddaman.

Klub muzeyini ko'rish va albatta, Ronaldu bilan suhbat qurishga harakat qilaman. O'ylaymanki, bu niyatlarim shu yilning o'zida amalga oshadi.

- Qachondan buyon «Real» muxlisisiz?

- 2009 yildan boshlab Madrid superklubiga ishqibozlik qilib kelaman. Avvallari «Manchester Yunay-ted»ning ashaddiy muxlisi edim. Bekxem, Ronaldu, Ouen, Runi kabi yulduzlar shu klubda to'p surishgani uchun ham jamoa o'yinlariga befarq emasdim.

O'sha yili Krishtianu Ronaldu «MYu»ni tark etgach, «Real»ga mehrim tushdi. Lekin bu bilan Angliya klubi menga begona bo'lib qolgani yo'q. Hozir ham «qizil iblislar» ishtirokidagi uchrashuvlarni imkon qadar kuzatib boraman.

- Bu ikki jamoa o'zaro to'qnash kelsa, qaysi biriga muxlislik qilasiz?

- Shubhasiz, «Real»ga! Chunki 8 yildan beri shu klub ishqiboziman. Madridliklarning uchrashuvlarini yarim tunda o'tkazilsa ham ko'raman. Shuningdek, Londonning «Arsenal» jamoasiga befarq emasman. Menga «kanonirlar»ning o'yin uslubi juda yoqadi.

- «Real» joriy mavsumni muxlislari kutganchalik o'tkaza olmayapti. Kutilmagan ochko yo'qotishlar sabab asosiy raqib - «Barselona»ga ustunlikni taqdim etyapti. «Qirollik klubi»ning bu omadsizligini qanday izohlaysiz?

- To'g'risi, o'yinlarni professional tarzda tahlil qilolmayman. Lekin kuzatuvlarim asnosida yuzaga kelgan shaxsiy fikrlarim bor. «Real» uchun o'tgan mavsum ancha muvaffaqiyatli va shu bilan birga murakkab keldi.

Jamoa EChL bosh sovrinini qo'lga kiritdi, katta kuch sarflandi. Chempionatdan tashqari Evropa superkubogida ham ishtirok etdi. Qolaversa, «el-klasiko»larni yoddan chiqarmaslik kerak. Bu paytda boshqa jamoalar ta'tilga chiqishgandi.

Madrid klubi esa o'sha o'yinga tayyorgarlik ko'rdi. «Real» futbolchilari deyarli hordiq chiqarishmadi. Ular o'z terma jamoalarida qiyin uchrashuvlarni o'tkazishdi. Menimcha, charchoq alomatlari bu yilgi mavsumning dastlabki o'yinlarida ko'zga tashlanib qoldi.

O'ylaymanki, bu vaqtinchalik holat va «Qirollik klubi» hali chempionatda o'z so'zini aytadi. Mana, oxirgi uchrashuvlarida qiyinchilik bilan bo'lsada, g'alaba qozonyapti.

Asosiy o'yinlar hali oldinda. Balki mavsum o'rtalariga borib «Real»ning printsipial raqiblarida pasayish holatlari kuzatilar?! Zamonaviy futbolda oldindan bir narsa deb bo'lmaydi.

- O'z vaqtida «Real»da to'p surgan Zayniddin Zidan bugungi kunda jamoaga murabbiylik qilyapti. Frantsiyalik mutaxassis haqida qanday fikrdasiz?

- Buyuk futbolchi ushbu sohada ham o'zini namoyon etishga intilyapti. Menimcha, buni uddalay olyapti. Uning olib borayotgan ishiga mashhur murabbiylar tan berishyapti.

Shaxsiy fikrimcha, hali hech bir mutaxassis «Real»ni Zidan kabi bunday yuqori cho'qqiga olib chiqolmagan. Eslasangiz, Karlo Anchelotti va Joze Mourino davrida «Qirollik klubi» yulduzli tarkibga ega edi. Lekin shunga yarasha jamoaviy o'yin bo'lmagan.

O'sha paytda «Real» kubok bahslarida yarim finalgacha etib kelardi-yu, boshlangan ishni yakunlay olmasdi. Hozir Zidan aynan o'sha payt yo'l qo'yilgan kamchiliklardan to'g'ri xulosa chiqargan holda rejalarini amalga oshirmoqda.

Frantsiyalik mutaxassis klubda taktik o'yinni ham, futbolchilarni ham joy-joyiga qo'ya oldi. Bunday murabbiylar juda kam.

Shu o'rinda Xosep Gvardiolani ayni toifadagi murabbiylar sirasiga kiritgan bo'lardim. Zidan dunyoning eng yaxshi murabbiyi, deb tan olindi.

Ronaldu esa yilning tengsiz futbolchisiga aylandi. Ko'ryapsizmi, klub murabbiyi va futbolchiga avvalgi mavsumdagi mehnatlari uchun munosib baho berishdi.

- Nima deb o'ylaysiz, bu mavsum «Barselona»ga atalarmikan? Yoki «Real» o'z so'zini aytishiga ishonasizmi?

- «Qirollik klubi» o'tgan mavsum deyarli barcha sov-rinlarni qo'lga kiritdi. Lekin bu yil ancha qiynaladi. Balki EChLda yana bosh sovringa ega chiqar, ammo Ispaniya chempionatida muvaffaqiyatni takrorlash oson kechmaydi.

«Barselona» hozir ancha kuchli futbol namoyish etyapti. To'g'ri, futbolchi har doim yuqori formada bo'lolmaydi. Xuddi shunday holat boshqa sportchilarda ham kuzatiladi. Buni bir voqea misolida isbotlashim mumkin.

Olimpiadadan keyin ishtirok etgan birinchi musobaqam Qozog'istonda o'tdi. O'sha turnirning ilk jangidayoq mag'lubiyatga uchradim. Bu men uchun xuddi tarsakidek, qishda qabul qilingan muzdek dush kabi ta'sir qildi.

Bilmadim, o'sha payt yulduzlik kasaliga uchraganmidim? Raqibni mensimaslik holati bo'ldimi, har holda, imkoniyatni boy berdim. Bir tomondan, yaxshiyam shu mag'lubiyat bo'lgan ekan.

Agar o'shanda g'alaba qozonganimda, balki hozir siz bilan jahon chempioni sifatida gaplashmasmidim. Qozog'istondagi turnirda yutqazganimdan keyin hozirgacha umuman engilmadim.

Avvaliga Osiyo, keyin esa jahon chempionligini nishonladim. O'zimni o'nglab olish uchun birgina sabab kifoya qilgandi.

- Soch turmagingiz ham Ronalduga bo'lgan havas tufayli yuzaga keldimi?

- Yo'q. Turmakning ko'rinishi biroz o'xshashi mumkin. Lekin buning asl sabablari boshqa. Hamma sochimni sariq rangda deydi. Ammo men uchun bu tilla rang. J

ahon chempionatiga ketish arafasida bokschilar «O'ziga xos ko'rinishda bo'laylik», degan fikrni o'rtaga tashlashdi. Hamma o'ziga ma'qul bo'lgan imijni tanladi.

Men sochimning ma'lum bir qismini, ya'ni old tomonini tilla rangga bo'yadim. Maqsad - O'zbekistonga jahon chempionatidan oltin medal bilan qaytish edi.

Shunchaki, yaxshi niyat qilgandim. Ko'rib turganingizdek, u xolis ekan, yakunda jahon chempionatida eng yuqori o'rinni egalladim. Umuman olganda, hamisha imijimga alohida e'tibor qarataman.

- O'zbekistonda qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

- Milliy termamizga oxirigacha ishqibozlik qildik, jahon chempionati yo'llanmasi qo'lga kiritilishini kutdik. Futbolchilar bilan o'yinlar oldidan uchrashdik, omad tiladik.

«Muxlislar haqqi-hurmati jon kuydirib o'ynanglar», dedik. Afsuski, ular bildirgan ishonchni oqlay olishmadi. Bosh jamoa tarkibida Odil Ahmedovni hurmat qilaman. Har sohada haqiqiy etakchi.

Bilmadim, boshqa o'yinchilar hamma narsani pul bilan o'lchashadi, chog'i. Har holda, menda shunday taassurot qoldi. Moliyaviy manfaatning ustunligi boshqa sport turi vakillarida ham kuzatiladi.

Lekin ular futbolchilarimizdan farqli ravishda natija ko'rsatishyapti. Millionlar o'yinida esa, mana bir necha o'n yildirki, natija yo'q. Vaholanki, futbolga milliardlab pul sarflanyapti. Ammo...

O'zim buxorolik bo'lganim uchun «Buxoro»ga muxlislik qilaman. Ko'hna shaharga borgan paytlarim jamoaning uy stadionidagi uchrashuvlarini albatta, tomosha qilaman.

Xususan, buxoroliklarning «Paxtakor»ga qarshi bahsini ham ko'rib, keskin va qizg'in kurashlarga boy o'tgan o'yin guvohiga aylandim.

BestMaster
8 Noyabr 2017, 11:40
shahram, giyosov, «bu, mavsum, «real»ga, oson, bolmaydi»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Barcha fikrlar: 1
 frank  
Gap yo'q to'g'ri yo'ldasan
8 Noyabr 2017, 15:09
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017