Madridning "Real" klubi hujumchisi Vinisius Junior Ispaniya chempionatini tark etishi mumkin. Braziliyalik futbolchiga Angliya Premer-ligasining ikki giganti qiziqish bildirmoqda.
Todofichajes nashri xabariga ko'ra, "Manchester Siti" va "Liverpul" o'z safiga forvard olishni istamoqda. Avvalroq Vinisiusni Saudiya Arabistoni chempionatida ko'rishni istashlari haqida ham xabar berilgandi. Biroq hujumchining o'zi Evropada qolib, yuqori saviyada o'ynashni istaydi.
Vinisius "qaymoqranglilar" safida 2018 yilning yozidan buyon o'ynab kelmoqda. 24 yoshli forvardning klub bilan shartnomasi 2027 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi. Transfermarkt portali hujumchining bozor narxini 200 million evroga baholamoqda.