Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

“Real”ni urug'-aymoqchilik emiryaptimi?

.
- Yuklab olish

Ayni paytda dunyo matbuoti nigohi “Real”ning omadsizligiga qaratilgan. Chunki hech kim o'tgan mavsumda Evropada tengsiz bo'lgan jamoaning yangi mavsumni bunchalik omadsiz boshlashini kutmagandi. Atigi beshta tur o'tgan bo'lsa-da, “Real” allaqachon ikki marta durang o'ynadi va hatto mag'lubiyatga ham uchradi. Oqibatda jamoa XX asrdagi eng xunuk startini namoyish etdi. Tabiiyki, bu ko'pchilik uchun kutilmagan hol bo'ldi.

JAROHATLAR GIRDOBIDA

Albatta, mazkur omadsizlikning birinchi sababi sifatida jarohatni keltirish mumkin. Boisi, ayni paytda Florentino Peres o'yinidan norozi bo'layotgan Garet Beylni jarohatlar ancha qiynab qo'ydi. Shuning uchun ham unda avvalgi tezlik unchalik yo'q, shuning uchun ham “Betis”ga qarshi o'yinda uning omadi kelmadi. Agar Beylning “Real”ning asosiy o'yinchilaridan biri ekanligini inobatga olsak, jarohat jamoaning oyog'iga tushov bo'lmoqda.

Yangi mavsumda “Real”da eng katta yo'qotish kuzatildi. Ketma-ket diskvalifikatsiyalar, og'ir jarohatlar... Hatto bu holatni “Real”ni qarg'ish urganligi bilan ham izohlashdi. Xususan, “Betis”ga qarshi o'yinda Marselo ham jarohat oldi. To'g'ri, ayni paytda tarkib yana qaytadan mukammallashdi, biroq bu paytga kelib “Real” allaqachon etti ochko yo'qotib ulgurgandi.

OMADNING HAM O'RNI KATTA, ShEKILLI

“Betis”ga qarshi o'yinda “Real” juda yaxshi o'ynadi, yigirmadan oshiq zarba berdi, biroq omad ham ko'p narsani hal qiladiganga o'xshaydi. Ochig'i, shu o'yinda Benzemaning “Real”ga foydasi tegishini tushunib etdim, chunki Ronaldu to'pni yon tomondan markazga etkazib berganida to'pga ulguradigan hujumchi topilmadi. Benzema ko'p o'yinlarda hujum chizig'ida “tayyorga ayyor” bo'lib turardi. “Betis”ga qarshi o'yinda esa ana shu vaziyat kuzatilmadi, ya'ni “tayyorga ayyor” bo'ladigan hujumchi topilmadi. Agar Benzema bo'lganida, ehtimol, o'sha vaziyatni yaqqol golga aylantirishi mumkin edi.

TARKIB O'ZGARIShI KERAKMI?

Ayni paytda Zidanda juda katta imkoniyat bor. “Real”da shunaqa tarkib shakllanganki, aslida, bir-ikkita jarohatlarning o'rni bilinmasligi lozim. Klubda ikkita teng kuchli tarkib mavjud: Navas, Marselo, Ramos, Varan, Karvaxal, Kross, Kazemiro, Modrich, Ronaldu, Beyl, Benzema. Endi “ikkinchi tarkib” deyiladigan futbolchilar ro'yxatiga e'tibor bering: Kiko Kasilya, Nacho, Isko, Asensio, Vaskes, Mayoral, Kovachich... Endi e'tibor bering, Isko, Asensio va Kovachich “ikkinchi tarkib” degan ta'rifdan ustun futbolchilar hisoblanadi. Kasilya ham, agar imkon berilsa, darvozani munosib qo'riqlay oladi. Vaskes istalgan jamoaning asosiy tarkibida o'ynashga munosib. Isko bilan Asensioni-ku gapirmasa ham bo'ladi. Bunday vaziyatda Zidan, aslida, jarohatlarni sabab qilmasdan, tarkib va taktikani to'g'ri tanlay olishi kerak edi.

Tarkibni o'zgartirish lozim, chunki, baribir, “Real”ga kuchli markaziy hujumchi kerak Benzema bilan raqobat qilish uchun. Boisi, Ronaldu markazda o'ynagan taqdirda ham, baribir, markaziy hujumchi emas va bu ba'zi hollarda sezilib qoladi. Garet Beylni esa markaziy hujumchi sifatida tasavvur qilish qiyin. Mayoralda hali tajriba kam, u jiddiy o'yinlarda hech narsa qila olmasligi mumkin. Qolaversa, aynan bitta kuchli markaziy hujumchining yo'qligi “Betis”ga qarshi o'yinda pand berdi. Benzema jarohat olganidan keyin esa Zidan Mayoral variantida to'xtashga majbur bo'ldi. Bundan keyin ham Benzema jarohat olishi mumkin, qolaversa, hali “Real”ni anchagina jiddiy o'yinlar kutib turibdi. Shuni hisobga olgan holda “qirollik klubi” yanvarda markaziy hujumchi xarid qilishi lozim.

URUG'-AYMOQChILIK EMIRYaPTIMI?

Zinedin Zidanning oxirgi paytlardagi xatti-harakatlari jamoadagi muhitni biroz og'irlashtirib qo'ydi. Boisi, hech kim Luka Zidanning juda tez suratda “Real” tarkibiga kiritilishini kutmagandi. Qolaversa, bu yoqda Kiko Kasilya turibdi. Muxlisu mutaxassislarning aytishicha, Luka Zidan “Real Kastiliya” safida ham ishonchli o'yin namoyish qilayotgani yo'q, shunday bo'lsa-da, Zidan uni jamoa tarkibiga jalb qilmoqda. Bu esa futbolchilar va murabbiy o'rtasida norozilik muhitini paydo qildi. Bu tabiiy albatta. Oqibatda futbolchilarning Zidanga bo'lgan munosabati o'zgara boshladi. Axir frantsuz mutaxassisining nega o'g'lini “Real” tarkibiga kiritganini izohlaydigan bitta bo'lsa ham arzirli sabab yo'q-da. Shuning uchun Zidan o'g'lini birorta o'rtamiyona jamoaga ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lishi uchun ijaraga berishi lozim. Unga bu borada Diego Simeoneni o'rnak qilib ko'rsatsa bo'ladi. Simeonening o'g'li Jovanni Simeone ayni paytda Italiyada o'ynab yuribdi. Ma'lumotlarga ko'ra, boshida Diego Simeone o'g'lini “Atletiko”ga chaqirmagan, chunki o'g'lining tajriba to'plashini istagan. Ayni paytda esa u Jovannini “Atletiko”ga chaqirgandi, ammo “Jenoa” uni sotishni istamadi. Ha, iqtidorli o'g'ilni otaga berishmadi. Nahotki Zidan ham Simeonedek ana shunday baxtni his etishni istamasa... Xullas, Zidan urug'-aymoqchilikka barham bersa, bu “Real” uchun faqat va faqat foyda keltirgan bo'lardi.

Hali oldinda bir qancha o'yinlar turibdi. Hali “Real” o'zini tiklab olishi va yana qator g'alabalarga erishishi ham mumkin. Biroq, nima bo'lgan taqdirda ham, yuqoridagi kamchiliklar bartaraf etilishi shart. Ana shunda Zidan har qanday holatga tayyor bo'ladi.

 

BestMaster
22 Sentabr 2017, 13:10
“real”ni, urug-aymoqchilik, emiryaptimi?,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads