Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Benazir. «Barselona»da tarjimon bo'lgan Joze Mourinoning Kataloniyadagi sarguzashtlari

Evropa futbolining etuk mutaxassislaridan biri Joze Mourino 26 yanvar kuni 60 yoshni qarshi oldi.

.
- Yuklab olish

Evropa futbolining etuk mutaxassislaridan biri Joze Mourino 26 yanvar kuni 60 yoshni qarshi oldi. Ushbu maqola tarjimonlikdan dunyoning eng buyuk murabbiylaridan biriga aylangan insonning Barselonadagi hayoti haqida hikoya qiladi.

2006 yilning mart oyida “Chelsi” Evropa Chempionlar Ligasi pley-off bosqichida “Barselona”ga qarshi o'ynash uchun Kataloniyaga keladi. Uni katalon muxlislari “Tra-duc-tor! Tra-duc-tor!”, — deya kuylagan holda kutib oladi. Tarjimon. “Barselona” prezidenti Xosep Luis Nunes portugaliyalik mutaxassisni shunday atardi. Garchi, Mourino Kataloniya poytaxtida o'tkazgan to'rt yilining bor-yo'g'i bittasida tarjimon bo'lib ishlagan bo'lsa-da.

Bir necha yillar avval o'shanda hech kim tanimaydigan Joze juda mashhur Bobbi Robsonning ortidan Barselona shahridagi El Prat aeroportiga kelib qo'nadi. Mourino ingliz mutaxassisi bilan Portugaliyada birga ishlagandi. Joze tarjimonlikdan tashqari, raqib jamoa haqida hisobotlar tayyorlardi, eski maktab vakili hisoblangan Robson uning ishiga qoyil qolar, biroq hisobotlarga deyarli e'tibor qaratmas edi. Angliyaning shimoli-sharqidan bo'lgan mutaxassis hujumkor futbolga ishonar va uning maydon chetidan “Qani, olg'a yigitlar! Qani, qani harakat qilamiz!”, degan hayqirig'idan keyin barcha taktik chizmalar bir pulga qimmat bo'lib qolardi.

Barselonada Mourino Robson jamoaga kirishib keta olmayotganini darhol sezdi. Gap taktika yoki tilda emasdi. Stoichkov, Gvardiola, Nadal, Bakero, Amor, Ferrera va Serxilar uchun yangi murabbiy juda oddiy ko'rindi. O'zining birinchi mashg'ulotida Bobbi Robson tizzalab oldi va taktik qo'llanmani polga chiza ketdi. Futbolchilar shok holatiga tushib qolgandi: Yoxan Kroyfning shohona tarbiyasini olgan futbolchilar uchun “mister”ning (Ispaniyada bosh murabbiylarni shunday atashar edi) bunday harakatlari noodatiy hol edi.

Shu sabab jamoa bilan aloqalarni Mourino yo'lga qo'yardi. U futbolchilarning hayoti bilan qiziqar va har bir kichik detalni ham e'tibordan chetda qoldirmasdi. Buni kiyinish xonasi “senatorlari”, ayniqsa Pep Gvardiola yuqori baholardi. Bundan tashqari, Joze katalon tilini o'rganishni boshladi, bu unga OAV bilan bo'ladigan muloqotni osonlashtirardi. Bobbi Robson matbuot anjumanlarida detallarga to'xtalishni yoqtirmasdi va savollarga juda qisqa javob berardi. Mourino esa uni boyitib tarjima qilar, buni ingliz tilini tushunadigan jurnalistlar alohida e'tirof etardi.



Mou yosh Ronaldoning jamoaga moslashishiga yordam berdi, bundan tashqari tarjimonning futbolchilarni himoya qilishi jamoaga xush kelardi. Kroyf “Barselona”dagilarga murabbiy doim o'z o'yinchilarini himoya qilishi kerakligiga o'rgatgandi. Masalan, o'yinlarning birida Alberto Ferrer ortidan ikki oyoqlab tashlangan “podkat”dan keyin og'ir jarohat oladi, Kroyf esa maydonga tushib keladi va shogirdiga nisbatan qo'pollik qilgan o'yinchiga tarsaki tortadi. Albatta, murabbiy diskvalifikatsiya qilinadi, biroq jamoa uning bu harakatini yuqori baholaydi. Mourino ham shunday harakat qilishga intilardi.

1996 yilning noyabrida “Barselona” Primerada mavsumdagi ilk mag'lubiyatini qabul qilib oladi. Bilbaodagi bahsda “Atletiko” himoyachilari Aytor Karanka, Serxio Korino va Inigo Larrainsar “Barsa” hujumi vakillari Ronaldo, Jovanni, Figu va Luis Enrikeni sindirib tashlagandi. Navbatdagi qo'pollikdan keyin Gvardiola “Atletik” bosh murabbiyi Luis Fernandes yuzida tabassumni ko'radi va unga baqira ketadi: “Sen nimaga kulyapsan?!”. Shundan keyin ikki jamoa zaxira o'rindig'idagilar o'rtasida tortishuv boshlanadi. Luis Fernandes o'sha vaqtda Robson bilan gaplashmoqchi bo'ladi, ingliz mutaxassisi esa xuddi hech nimadan xabari yo'q odamdek bee'tibor turardi.

Biroq Fernandesning yoniga Mourino  keladi va uni turta boshlaydi. “Sen o'zi kimsan?! — baqiradi Fernandes. — Men seni tanimayman! Men Robson bilan gaplashyapman, uning tarjimoni bilan emas!”.

“Men tarjimon emasman!” — undan qolishmagan holda baqiradi Mourino.

Jamoa bunday lahzalarni yodda saqlab qoladi. O'yinchilar Robsonning chetda qolganini va Mourinoning jazavaga tushganini eslab qoldi. Ular tarjimonni o'z davralariga qo'shdi. Yoxan Kroyf ketganidan keyin taktika haqida gaplashadigan odam qidirayotgan Gvardiola uchun Joze mukammal suhbatdosh bo'ldi. Xose Mariya Bakero Mourinoning xonasiga keladi va undan Meksikaning “Varakrus” jamoasiga o'tishi va xayrlashuv o'yini o'tkazishi haqida gaplashadi. Ancha jur'atli bo'lishga ulgurgan Mourino rasmiy bayonotlar berishni boshlaydi. Xususan, “Barselona” futbolchilari qizil kartochka oladigan vaziyat “Real”da bo'lsa, ularga sariq kartochka berilishi haqidagi gaplari katalon matbuotida juda mashhur iqtibosga aylanadi.

Oxir-oqibat Mourino maydon chetidan futbolchilarga mustaqil ravishda ko'rsatma bera boshladi. Bobbi Robson esa Mouning bu harakatlariga hasad qilmas — har o'yin oldidan raqib haqida taktik hisobotlar tayyorlaydigan tarjimonda murabbiylik qalbi yashayotganini his qilardi. Robson himoya chizig'iga katta e'tibor qilmasdi, shu sabab, 1997 yildan boshlab Mourino “Barselona” himoyasiga javob beradigan shaxsga aylandi.

1996/97 yilgi mavsumda “Barselona” Kubok egalari Kubogi, Ispaniya Kubogi va Superkubogini qo'lga kiritdi, milliy chempionatda 102 ta gol urdi, biroq yakunda Primera oltin medallaridan quruq qoldi.

Barcha o'yinlar yakunlangach, Mourino Barselonadan 36 kilometr narida joylashgan Robsonning uyida mehmon bo'ldi. U vaqtda Xosep Luis Nunes Lui van Gal bilan muzokaralar olib borayotgani va Bobbi Robson jamoani tark etishi ayon bo'lgandi. Robson Mouga “ko'k-anorranglilar” jamoasida qolishni, van Gal bilan aloqa o'rnatish va bu “jin urgur”dan saboq olishni maslahat berdi.

Istiqbolli portugaliyalik tezda van Galning ham e'tiboriga tushdi. Mourino niderlandiyalik mutaxassisning yordamchilaridan biriga aylandi (Nunes uni hali hamon tarjimon deb atardi). Joze ko'pincha o'yinni zaxira o'rindig'ida emas, tribunadan kuzatib borardi: van Gal o'yinning borishi yuqoridan aniqroq ko'rinadi va yordamchi kerakli maslahatlarni berishi mumkin deb hisoblardi. “Juda kibrli, biroq juda aqlli. U men bilan tortishishdan qo'rqmasdi va oxir-oqibat men unga qolgan yordamchilarimdan ko'proq quloq solardim”, — deya eslaydi van Gal. Ishonch shu darajaga etib bordiki, Mou Kataloniya Kubogi va Ispaniya Kubogining dastlabki bosqichlarida jamoani boshqaradigan bo'ldi.



Mourinoning maqsadlari o'sib boraverdi va u 1999 yilda “Barselona”ni tark etish haqida o'ylay boshladi. Rasmiy aloqalarning uzilishi 2000 yilga to'g'ri keldi, Mourino o'sha kuni Gvardiola, Abelardo, Figu, Serxi va Luis Enrike bilan tushlik vaqtida ketishini ma'lum qildi. U yoz davomida ishsiz yurdi, Robbi Bobsonning taklifini rad etdi — ingliz mutaxassisi uni “Nyukasl”da o'ziga yordamchi qilib olmoqchi bo'lgandi. Joze esa “Benfika”dan taklif kutardi.

Mourino “Benfika”da bor-yo'g'i uch oy ishladi, u klub prezidenti bilan tortishib qoladi va ishdan bo'shaydi. Keyin esa o'rtamiyona “Leyriya”da ish boshlaydi. Joze jamoa bilan Portugaliya chempionatida to'rtinchi o'rinni egallab, sensatsiya qayd etadi va “Portu”dan taklif oladi. Mutaxassis “Portu” boshqaruvida Evropa Chempionlar Ligasida g'olib chiqadi.

Special One’ning keyingi tarixini juda yaxshi bilasiz va unga bafurja to'xtalib o'tishning hojati yo'q deb hisobladik.

BestMaster
27 Yanvar 2023, 13:20
benazir, «barselona»da, tarjimon, bolgan, joze, mourinoning, kataloniyadagi, sarguzashtlari,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads