Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Final yaxshi, agar u «el-klasiko» bo'lsa, undan-da yaxshi...

Bu yilgi qish fasli futbol muxlislari uchun ancha yoqimli bo'ldi.

.
- Yuklab olish

Bu yilgi qish fasli futbol muxlislari uchun ancha yoqimli bo'ldi. Sababi mazkur sport turi bo'yicha o'tkaziladigan eng nufuzli musobaqa: jahon chempionatining final bosqichi aynan shu faslning birinchi oyiga to'g'ri keldi. Qishni futbolning qaynoq harorati bilan davom ettirish uchun yana bir ajoyib final bizni kutib turibdi. Bu final Ispaniya superkubogi doirasida bo'lib, unda shu mamlakatning eng nomdor jamoalaridan biri bo'lmish «Real Madrid» jamoasi, boshqa bir superklub «Barselona»ga qarshi chiqadi. Madridliklar finalga chiqish uchun «Valensiya»ni yo'lda qoldirgan bo'lsalar, kataloniya jamoasi «Betis»ni finaldan mahrum qildi. Va shunday qilib, finalda biz yana o'sha «klasiko» to'qnashuvga guvoh bo'ladigan bo'ldik.

«El-klasiko» bu — butun dunyo muxlislarining ikkiga bo'linishi, maydondagi har bir qarich joy uchun kurash, qaynoq hissiyotlar va yoddan chiqmas lahzalar deganidir. Mazkur bahs maqom tanlamaydigan nodir to'qnashuvlardan biridir. Uzoqqa bormaymiz, o'tgan yozda, AQShda bo'lib o'tgan o'rtoqlik maqomidagi o'yinda ikki jamoa a'zolari maydonda jiqqamusht bo'lganlari hali hech kimning yodidan ko'tarilmagan bo'lsa kerak. Ayniqsa, Ryudiger va Arauxoning yoqalashishi ancha vaqt ijtimoiy tarmoqlarda «trend»da turdi. Vaholanki, u shunchaki mavsum oldidan tayyorgarlik uchun o'tkazilgan oddiy o'rtoqlik uchrashuvi edi. Bugun esa biz ularni finaldagi janggini tomosha qilamiz. «El-klasiko» nomi oldiga final so'zining qo'shilishi, hamma hissiyotlarni ikki karra oshirib yuborayotgandek, go'yo…

Xavining «yangi Barselona»si

Xavi murabbiy sifatida bugun «Barsa» bilan birinchi sovrini yutishi mumkin. Murabbiylar natija uchun o'z uslublaridan voz kechishlari zamonaviy futbolda yangilik emas. Hattoki, «daho» deb ta'riflanadigan Gvardiola ham o'tgan mavsum «Atletiko Madrid»ga qarshi javob uchrashuvida butunlay himoyaviy o'yin ko'rsatib natijaga erishgandi. Bugun uning shogirdi bo'lmish Xavi ham natija uchun har qanday g'oyaga rozi bo'lishi aniq.

«Yangi Barselona» deb atashimizga kataloniyaliklarning kichik tanaffusdan so'ng o'tkazgan himoyaviy o'yinlari («Espanol» bundan mustasno, chunki u o'yinda «Barsa» hisobni ocha olmadi) sabab bo'ldi. Jamoa avvaliga «Espanol» bilan durang o'ynadi, keyin esa «Atletiko» va «Betis» ustidan qiyin va nursiz (maqola davomida nega nursizligini tushunib olasiz) g'alabaga erishdi. Xavi natija uchun uslubidan voz kechishga tayyor ekanligini, va bu mutlaqo «normal» holat ekanligini yuqorida aytib o'tdik. Keling, Xavi nega himoyaviy o'yinni tanlaganini tahlil qilsak. Birinchidan: «Barsa» futbolchilari Mundialda yomon ishtirok etishdi. Jamoaning aksar furbolchilari Ispaniya bilan muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Finalda o'ynagan Dembele va Kunde esa o'sha kuni o'zlarini ko'rsata olishmadi. Futbolchilarning ruhiyati ko'tarilishi chun ham jamoa amallab dastlabki ikki-uch o'yinni yutib olishi kerak edi. Ikkinchidan esa: bu safargi tanaffus juda qisqa bo'ldi va futbolchilar kamroq dam oldi. Ular to'qson daqiqa bir xil tempda o'yinni nazorat qilishlari o'ta og'ir ish bo'lib hisoblanardi. Shuning uchun Xavi tezkor gol urib, vaqti-vaqti bilan pozitsion hujumlarga o'tishni unutmagan holda, jamoani chuqur himoyada o'ynatdi. «Atletiko» bilan bu ish berdi, «Betis» bilan esa unchalik emas. Bunga «Betis»ning quvnoq jamoa ekanligi to'sqinlik qildi. Ya'ni jamoa doim hujumkor o'ynagani bois, kataloniyaliklarga qarshi birinchi raqamli jamoa bo'lib o'ynashdan qo'rqmadi va gollarini urib ketdi.

«Barsa» so'nggi o'yinlarida gol urishga juda qiynalyapti. Gavining yonib-kuyishi va Pedrining aqlli uzatmalari bilan xavfli vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Dembeleni reydlarini ham unutmasligimiz kerak. Lekin bular g'alaba uchun doim ham etarli bo'lavermaydi. Finalda yutish uchun Levandovski yanda samaraliroq o'ynashi va Xavi chap qanot muammosini tezroq hal qilishi kerak.

Xullas, bu «Barselona» gollarni qalashtirib yuborsa ham to'pni doimo o'zida saqlaydigan, o'yinni to'laligicha nazorat qiladigan eski «Barselona» emas. Bu vaqti-vaqti bilan raqibga o'yinni beradigan, kerak bo'lsa etmish daqiqa himoyalanadigan, natija uchun o'ynaydigan «Yangi Barselona». Xo'sh, sizningcha bugun biz natija uchun o'ynaydigan «Yangi Barsa»ni ko'ramizmi yoki eskisinimi?..

Anchelottining «eski Real»i

«Real Madrid» ham bu uchrashuvga xuddi «Barselona»dek penaltilar seryarsidan g'olib bo'lib etib keldi. Lekin bu «Real»da muammolar ko'p ekanligini bildirmaydi. Xotirjamlik va g'alabaga bo'lgan ishonch jamoaning qon-qoniga singib ketgan. Jamoaning eng katta yutug'i ham shunda. Kroos, Benzema, Modrich kabi jamoaning o'zagi bo'lgan futbolchilar saqlab qolinganligi g'alabalarning asosiy sababidir. Yuqoridagi futbolchilar faoliyatini tugatmay turib murabbiy bo'lib ulgurishgan. Ular istalgan paytda «Real» tiriltira olishlari mumkin. Bunga biz o'tgan mavsum EChLda bir necha bor guvoh bo'ldik.

Birgina Benzemaning o'zi naqadar katta futbolchi ekanligi o'tgan mavsumdagi «klasiko»da bilinib qoldi. O'sha yirik hisobdagi mag'lubiyat qabul qilib olingan kechada, yaxshi formada bo'lgan Vinisius va Rodrigo Benzemasiz juda beozor bo'lib qolishgandi. Ular Mundialda ham «Real»dagidek sermahsullik qayd eta olmaganlarini ham qo'shimcha qilishimiz mumkin. Katta futbolchilar bilan yosh iqtidorlar juda yaxshi chiqishib ketishi va jamoadaga ichki muhitning zo'rligi madridliklarga juda qo'l keladi.

Lekin ba'zida «maydondagi murabbiylar (Kroos, Modrich, Benzema)ning o'zi etarli bo'lmay qoladi. Shunday vaqtlarda bosh murabbiy katta sahnaga chiqishi kerak. Zamonaviy futbolning qolipiga katta yoshdagi murabbiylar tusholmay qolayotgani esa bor gap. Misol uchun, Mundialdagi yarimfinalchilarga nazar solsak: Deshamdan tashqari barchasi yosh murabbiylar ekanligiga guvoh bo'lamiz. Aytmoqchimanki, Anchelotti, Desham, Mourino, Santush kabi qari murabbiylar o'sishdan, rivojlanishdan biroz to'xtab qolgandek go'yo. Ular tez reaktsiya bildirishda ko'pincha oqsab qoladilar.

Deshamning Frantsiyasini eslaylik: Finalda Frantsiya jamoasi birinchi bo'limda 2:0 hisobida mag'lub bo'lidi. Tanaffusdan so'ng, ikkinchi bo'limga aynan shu «o'lik» Frantsiya maydonga tushdi. U yangi sxema ishlash tugul, futbolchilarga etatlicha «motivatsiya» ham bera olmadi. O'sha kungi mag'lubiyat to'laligicha Deshamning bo'ynida edi. Uning qilgan yagona yaxshi ishi bu zaxiradagi bor hujumchilarni maydonga tashlaganida bo'ldi. Santushda ham shunga o'xshash holat yuz berdi. O'n bir kishi bilan himoyalanadigan Marokashga qarshi 4-4-2 taktik sxemasida o'ynadi. Ronalduni zaxiraga olishdan boshqa yangilik qilmadi. Aksiga olib bu yangilik ham, yakunda Portugaliyaning zarariga ishladi.

Anchelotti ham, agar Xavi qandaydir yangilik o'ylab tosa, unga reaktsiya bildirolmay qolishi mumkin. Bu qaror balki, Balde va Pedri juftligini chap qanotda o'ynatishi yoki Dembele va Fati kabi driblingi yuqori bo'lgan vingerlar bilan «Real»ning nisbatan zaifroq bo'lgan qanot himoyasini yorib o'tish ko'rinishida b'olar. Bunisi bizga qorong'u.

Aniq va ravshan bo'lgan yagona narsa shuki: biz bugun super bahs guvohiga aylanamiz. Yoqimli tomosha!

Avazbek Mirsaitov

BestMaster
15 Yanvar 2023, 11:00
final, yaxshi, agar, «el-klasiko», bolsa, undan-da, yaxshi,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads