Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Eduardo Kamavinga: “Real Madrid”da o'ynash – bu orzu”

«Real» rahbariyati yaqinda jamoaning yangi xaridi - frantsiyalik vunderkind Eduardo Kamavingani omma bilan rasman tanishtirdi.

.
- Yuklab olish

«Real» rahbariyati yaqinda jamoaning yangi xaridi - frantsiyalik vunderkind Eduardo Kamavingani omma bilan rasman tanishtirdi. «Renn»dan 30 million evroga sotib olingan hujumkor yarim himoya­chi maxsus taqdimot marosimidan so'ng OAV vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida ham qatnashdi.

- Mana, «Real» ixtiyoriga o'tdingiz. Ilk taassurotlar qanday?

- Bu erda ekanligimdan bag'oyat xursandman, albatta. Zero, bolaligimdan buyon aynan «Real» libosiga burkanishni orzu qilardim. Endi oilam va klub ravnaqi yo'lida bor salohiyatimni ishga solishim muqarrar. Umuman, shu kungacha boshimizdan o'tgan voqea­larni esga olsak, «Real» tarkibiga qo'shilganim oilam uchun chinakam sharafdir.

- Kuchli hissiyotlar qiynamayaptimi?

- Bu erga o'rganish va yanada yuksalish niyatida keldim va katta chorlovlarga tayyorligimni ko'rsatishim shart. Albatta, ko'p ishlashim talab etiladi. Umid qilamanki, menga berilgan o'yin vaqtidan to'liq zavqlanaman. Ha, «Madrid» futbolchisiga aylanganimni bilganimdan buyon baxtiyorlikdan «osmonda uchyapman».

- Xo'sh, «Real»ni tanlashingizga bolalik orzularidan tash­qari, yana nimalar ta'sir ko'rsatdi?

- Avvalo, aytishim kerak, pul emas. Bolalik orzusini ro'yobga chiqarish - baxt. Ochig'i, «Real» safiga bunchalik erta qo'shilishni o'ylamagandim. Shunday ekan, hozir baxtdan sarmastman. «Madrid» bilan shartnoma tuzish imkoniyati tug'ilganidan xabar topgach, bir soniya ham ikkilanmadim. Chunki buni ancha oldin oilam davrasida muhokama qilgandik, shu orzu bilan yashaganman. Qisqasi, bu obdon o'ylangan tanlov hisoblanadi.

- Maydonda qaysi pozitsiyani egallashni xohlaysiz?

- Bu haqda ko'p so'rashadi. Chindan ham, himoya oldida harakatlanishni yoqtiraman, lekin oldinroqda ham bemalol to'p surishim mumkin. Umuman,  murabbiy ta­yinlaydigan har qanday pozitsiyaga moslasha olsam kerak. O'zimni boshqa futbolchilar bilan solishtirishni xohlamayman, shunchaki, futboldan zavqlansam, bas. Himoyaga yaqin joyda o'ynashim yaxshimi yoki hujum harakatlarida ko'proq foyda keltiraman - buni bilmayman. Bilganim, odatda maydon markazi atrofida o'zimni erkin tutaman.

- Ma'lumotlarga ko'ra, «Madrid» sizga ancha oldin ko'z tikkan ekan...

- 16 yoshga qadar hech qanday qo'ng'iroq bo'lmadi, lekin «Madrid»ning menga befarq emasligini bilardim. Umuman, bunday masalalar bilan ota-onam shug'ullanishgan, men esa faqat futbol haqida o'ylardim.

- Yangi jamoadoshlar haqida nima deya olasiz?

- Asosiy vazifam - umumiy gu­-ruhga imkon qadar tezroq qo'shilish va o'ynashni boshlab yuborish. Futbolchi sifatida o'sishning eng maqbul yo'li shu. Ha, raqobat kuchli va bu ham qo'shimcha motivatsiya beradi. Uzoq vaqtdan buyon yuqori darajada to'p surayotgan jamoadoshlarim tajribasini tezroq o'zlashtirsam, bas.

- Hamyurtingiz Karim Benzema bilan qanchalik tanishsiz?

- Karim - butun Frantsiya uchun namuna. U hamisha yosh futbolchilarga katta yordam beradi, buni Vinisiusning o'yini misolida ham ko'rish mumkin.

- Qaysi jihatni eng kuchli tomoningiz sifatida tilga olasiz?

- Menimcha, texnik salohiyatim chakki emas, yana tajovuzkor harakatlanishni o'rniga qo'yaman.

- «Madrid»ga bog'liq eng yorqin xotiralaringiz...

- O, ChL, Ronaldo, Zidan, Figu, yana bu klubda o'ynagan barcha buyuk futbolchilar...

- Transferingiz haqida nima deya olasiz?

- Bor e'tiborim futbolga qaratilgan. Ha, yoz bo'yi «Madrid» vakillari bilan gaplashganimni tan olaman. Barchasi transferlar oynasining oxirgi kuniga qadalgani sababi esa sirligicha qolaversin.

- Kongo urushi ruhiyatingizga kuchli ta'sir qilgandir...

- Urushdan qutulish kuchimga kuch qo'shgani tayin. Bunda oilamning yordami va tutgan o'rni juda katta. Maydonga tushgach, birinchi navbatda, oilamni ko'z oldimga keltiraman. Umuman, ortimizda qolgan barcha qiyinchiliklar yanada kuchayishimni taqozo etdi - bu fakt.

- Karlo Anchelotti haqida nimalarni bilasiz?

- U frantsuz tilida juda yaxshi gapiradi, bu ishimni ancha osonlashtiradi, albatta. Anchelotti bilan ilk uchrashuvdan ajoyib taassurotlar qoldi.

- «Real» markaziy zonasida Modrich, Kroos va Kazemiro kabi tajribali futbolchilar bor...

- Ko'plab sovrinlarni qo'lga kiritishga ulgurgan katta ijrochilar. Demak, ulardan har kuni o'rganishim, izlaridan borishim kerak.

So'z

 

- Hurmatli Eduardo, «Real Madrid»ga xush kelibsan. Bugundan oldingda jiddiy chorlov bor. Bu yo'lni muxlislarimiz yordami bilan bosib o'tishingga tilakdoshman. Emilio Butrageno («Real» direktori).

- «Real Madrid» - hammadan ko'p sovrin yutgan er yuzidagi eng katta klub. Bu jamoa har qanday futbolchini orzu qilishga undaydi. «Madrid» hisobidagi evrokuboklar soniga qarashingizning o'ziyoq etarli. Hammamiz bolaligimizdan «Madrid»da o'ynash orzusida ulg'ayganmiz. Eduardo Kamavinga.

BestMaster
23 Sentabr 2021, 08:00
eduardo, kamavinga, “real, madrid”da, oynash, orzu”,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads