Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Holand, Mbappe, Keyn, Messi. Yozning asosiy transfer sagalari

Yozgi transferlar doirasida «PSJ» va «Barselona» klublari o'z safiga bir nechtadan yangi futbolchi qo'shib olishga ulgurdi, qolgan grand jamoalar ham transfer bozorida faol ish olib borishmoqda.

.
- Yuklab olish

Yozgi transferlar doirasida «PSJ» va «Barselona» klublari o'z safiga bir nechtadan yangi futbolchi qo'shib olishga ulgurdi, qolgan grand jamoalar ham transfer bozorida faol ish olib borishmoqda. Yozning qolgan qismida yana qanday katta transferlar amalga oshishi mumkin?

Erling Holand, 20 yosh
Qaerdan: «Borussiya» Dortmund
Qaerga: «Barselona», «Real», «Chelsi», «Manchester Siti»
Transfer qiymati: 130 mln evro

Holand kashf qilinganidan buyon har transferlar oynasida top-klublar nigohida bo'lib kelmoqda. 2019 yil yozida ushbu norvegiyalik vunderkin yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatining bir o'yinida Honduras darvozasiga to'qqiz gol urib, tillarda doston bo'lgandi. O'shanda «Zaltsburg» ushbu yosh yulduzni yarim yil o'z safida olib qolishga muvaffaq bo'ldi. Bu vaqtda Holand o'zini ko'rsatish uchun to'liq foydalandi va barcha turnirlar doirasidagi 22 o'yinda 28 gol urdi, EChL guruh bosqichida 7ta gol urib (shundan biri «Liverpul»ga) yana barchaning e'tiborini o'ziga qaratdi. Dortmundning «Borussiya» klubi mavsumlar oralig'ida, 2020 yil yanvarida ajoyib transferni amalga oshirdi - ushbu istiqbolli forvard atigi 20 million evroga sotib olindi. Nemislar klubidagi bir yarim yilda Holand 59 o'yinda 57 golni raqiblar darvozalariga joyladi va endi uning transfer qiymati 130 million evrogacha o'sgan (transfermarkt.de bo'yicha) — undan faqat Kilian Mbappe qimmatroq.

Hozirda uni transfer qilishga urinmaydigan jamoalarni sanash unga da'vogarlarni sanashdan ko'ra osonroq. Yosh futbolchi shu yil bahorida o'z agentlari (otasi Alf-Inge Holand va Mino Rayola avval Ispaniyada, keyin Angliyada bo'lishgan) bilan Evropa bo'ylab turne o'tkazgandi. Uning xizmatlariga ayniqsa «Real» va «Chelsi» katta qiziqish bildirmoqda. So'nggi xabarlarga ko'ra, London klubi 175 million evro taklif qilmoqda.

 

Kilian Mbappe, 22 yosh
Qaerdan: «PSJ»
Qaerga: «Real»
Transfer qiymati: 200 mln evro

Mbappening narxi shunchalik yuqoriki, unga da'vogar klublar soni bittagacha qisqargan — «Real». 22 yoshli hujumchi parijliklar bilan keyingi yozda tugaydigan shartnomasini uzaytirishga shoshilmayapti, klub rahbariyati esa Mbappeni Madridga qo'yib yubormoqchi emas. Payshanba kuni Marca «PSJ» bosslari forvard uchun moliyaviy jihatdan qaytarib bo'lmas yangi taklif tayyorlayotgani haqida xabar berdi.

Ishga «PSJ»ning yangi a'zosi Serxio Ramos ham aralashdi: «Unga Parijda qolishni maslahat beraman. Albatta, men Kilianning kelajagiga aralashdigan odam emasman, ammo istardimki, u klubda qolsin. Bizga eng yaxshi futbolchilar kerak, Kilian esa ulardan biri, xuddi Neymar kabi. Biz birgalikda mo''jizaviy ishlar qilishga qodirmiz. Shunisi aniqki, «Real»da bo'lganimda bunday gaplar ayta olmasdim. Ammo men hozir o'z jamoam haqida o'ylashim kerak va mening jamoam — «PSJ». Tarkibda eng yaxshi ijrochilar bo'lishini istayman».

 

Harri Keyn, 27 yosh
Qaerdan: «Tottenhem»
Qaerga: «Manchester Siti», «Chelsi»
Transfer qiymati: 120 mln evro

Angliyalik ko'p muxlislar uchun Keyn hamon sirli bo'lib qolmoqda. 27 yoshlilar avlodining eng kuchli hujumchisi hamon «Tottenhem»dan ketmadi (u 2011 yildan beri shu klubda). Ushbu ingliz futbolchisi hech qachon top-klublar e'tiboridan chetda qolmagan. Angliya grandlari va «Real» ko'p marta uni sotib olishga uringan, bu transfer nihoyat shu yozda amalga oshadigan ko'rinmoqda — Keyn o'zi Londondan ketishni istayotgani haqida may oyidayoq ma'lum bo'lgandi.

Uning eng ehtimoliy manzili — «Manchester Siti». Pep Gvardiola jamoasi markaziy hujumchi qidirmoqda. O'tgan mavsumda jamoa hujum chizig'i vakillari navbatma-navbat o'zlarini bu pozitsiyada sinab ko'rishdi, eng ko'p golni Ilkay Gundo'g'an urdi — barcha turnirlar doirasida 17 gol. Gabriel Jezus vaziyatlardan foydalanishda aniqroq harakat qila olmadi, Serxio Aguero esa jarohatlar tufayli deyarli o'ynamadi. Yakunda argentinalik futbolchi erkin agent maqomida «Barselona»ga yo'l oldi. Angliya termasi sardori uchun «Siti» katta mablag' sarflashiga to'g'ri keladi, uning transfer qiymati transfermarkt.de portalida 120 million evroga baholangan.


 

Antuan Grizmann («Barselona») va Saul Niges («Atletiko»)
Qaerga: «Barselona» va «Atletiko» o'rtasida almashuv

Grizmanning «Barselona»dagi faoliyati kutilganidek kechmadi. Bir tomondan, frantsuz maydonda ikki futbolchi uchun o'ynaydi va bosh murabbiy Ronald Kuman tomonidan ham, klub rahbariyati tomondan ham uning o'zini klubga bag'ishlashiga e'tiroz bo'lishi mumkin emas. Boshqa tomondan, Grizmann — 120 million evro evaziga xarid qilingan hujumchi, ammo u 99 o'yinda 35 gol urdi. «Barselona»da uning maydondagi pozitsiyasi tez-tez o'zgardi, frantsuzni jamoaviy muvaffaqiyat uchun qurbon qilishdi, ammo Grizmann baribir o'zi uchun variantlar yaratib gollar urdi. Kataloniyaliklar endi Leo Messi bilan shartnomani yangilashi uchun maoshlar vedomostini engillatishi kerak bo'lmoqda va bu safar ham Grizmann qurbonlikka keltirilmoqda.

Deyarli hal qilingan variant — uni «Atletiko»ga qaytarish va evaziga Saul Nigesni olish.Madridliklar «Udineze» yarimhimoyachisi Rodrigo De Paul bilan tarkibni kuchaytirishdi va ko'p yillardan buyon jamoada maydon markazida to'p surib kelgan etakchisi bilan xayrlashishga tayyor. Klublarning rejasiga ko'ra, «matraschilar» kataloniyaliklarga transfer doirasida 15 million evro to'lab berishi kerak. Grizmann sobiq klubida yana avvalgi darajada o'ynay boshlashi, Saul esa klubdagi muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin faoliyatini boshqa bir top-klubda qayta tiklashga urinib ko'rishi mumkin.

To'g'ri, la liga rahbariyati hozirda ushbu transfer reglamentga qanchalar mos ravishda bo'lishiga qiziqib qolgan va tekshiruvlar boshlagan.

 

Lionel Messi, 34 yosh
Qaerdan: «Barselona»
Qaerga: «Barselona»
Transfer qiymati: erkin agent

Argentinalik futbolchi hamon erkin agent maqomida qolmoqda. Lekin u «Barselona» bilan shartnomani yangilashiga shubha yo'q. Chorshanba kuni Evropaning eng taniqli insayderlari — Fabritsio Romanodan tortib Gilem Balagegacha — klub va futbolchi besh yillik yangi shartnoma bo'yicha kelishuvga erishgani haqida xabar tarqatishdi. Ma'lumotlarga ko'ra, Messi klubda qolish uchun maoshi ikki barobar qisqarishiga rozi bo'lgan.

Boshqa tomondan, tomonlar «kelishuvga erishgani va erta-indin shartnoma imzolanishi» haqidagi xabarlarning yangi seriyasi har oyda chiqadi, ammo hozirgacha rasmiy kelishuv sodir bo'lmadi. Umuman, «Barselona» yangi shartnoma tuzishi uchun avval to'lovlar vedomosti masalasini hal etishi kerak, shundan keyingina la liga klubning yangi futbolchilarining shartnomalarini ro'yxatdan o'tkazadi. Shunday ekan, popkornlarni yig'ishtirishga hali erta.

Eduardu Kamavinga, 18 yosh
Qaerdan: «Renn»
Qaerga: «Manchester Yunayted», «PSJ», «Real»
Transfer qiymati: 55 million evro

Bir yil muqaddam «Renn» o'z vunderkindi Eduardu Kamavingani saqlab qola olgandi, ammo endi bu ish qiyinroq. O'tgan mavsumda ushbu 18 yoshli yarimhimoyachi Chempionlar ligasida o'ynadi va Frantsiya termasida debyut qildi. Futbolchining klubi bilan shartnomasi 2022 yil yoziga qadar amal qiladi va «Renn» agar hozir shartnomani yangilamasa yoki uni kattaroq pulga sotmasa, keyingi yil tekinga qo'yib yuborishi kerak bo'ladi.

Kamavingaga «PSJ» va «Real» klublari avvaldan qiziqib kelishmoqda, ammo «Manchester Yunayted» hozircha muzokaralarda faolroq. Taniqli insayder Fabritsio Romanoning xabariga ko'ra, «Renn» futbolchisini Angliyaga 30 million evroga ham qo'yib yuborishga rozi.
Eduardu Kamavinga.

Manuel Lokatelli, 23 yosh
Qaerdan: «Sassuolo»
Qaerga: «Yuventus», «Borussiya» D, «Arsenal»
Transfer qiymati: 35 million evro

Lokatelli Italiya safidagi o'yinlari bilan Evro-2020 kashfiyotlaridan biri bo'ldi. «Sassuolo» yarimhimoyachisi guruh o'yinlarida jarohat tufayli o'ynay olmagan Marko Verrattining yo'qligini bilintirmadi, Shveytsariya darvozasiga ikki gol urdi (3:0).

Italiyada Lokatellining talanti haqida avvaldan bilishadi. Havbek katta futboldagi faoliyatini 18 yoshida «Milan»da boshlagan, ammo ko'p vaqt o'tmay «rossoneri»lar undan voz kechishgan, u esa «Sassuolo»da faoliyatini tiklagan va hozirda jamoa sardoriga aylangan. 23 yoshli futbolchiga «Borussiya» D va «Arsenal» ham qiziqayotgandi, ammo «Yuventus» ularni ortda qoldirdi. Turinliklar Lokatelli bilan besh yillik shartnoma bo'yicha kelishuvga erishgan, uning yillik maoshi miqdori uch million evroga teng bo'ladi. «Sassuolo» o'z etakchisi uchun 40 million evro olmoqchi.

Rafael Varan, 28 yosh
Qaerdan: «Real»
Qaerga: «Manchester Yunayted»
Transfer qiymati: 70 million evro

Jahon chempioni va Chempionlar ligasining to'rt karra g'olibi Varan 10 yillik faoliyatidan keyin «Real»ni tark etmoqda. Frantsuz futbolchisining shartnomasi muddati keyingi yil yozida tugaydi, ammo tomonlar shartnomani yangilash ustida ishlashmayapti, uning ketish qarorini o'zini Madridga olib kelgan frantsiyalik murabbiy Zinedin Zidanning ketgani ham mustahkamlagan. Qaymoqranglilar esa futbolchini shu yozda sotmasa, keyingi yili tekinga qo'yib yuborishiga to'g'ri keladi.

Himoyachi uchun birinchilardan bo'lib «Manchester Yunayted» da'vogar bo'lib chiqqan. Inglizlar klub transfer uchun 50 million evro to'lab, Varanning o'ziga yiliga 12 million evro miqdorida maosh ko'zda tutilgan besh yillik shartnoma taklif etmoqchi. Madridliklar esa transferdan kamida 60 million evro ishlashni niyat qilgan.

Renatu Sanchesh, 23 yosh
Qaerdan: «Lill»
Qaerga: «Bavariya», «Barselona», «Liverpul»
Transfer qiymati: 30 million evro

Evro-2016dan Evro-2020gacha besh yil o'tdi, ammo Renatu Sancheshning faoliyatida hech narsa o'zgarmagandek. 2016 yilda 18 yoshda bo'lgan portugaliyalik turnirning eng yaxshi yosh futbolchisi bo'lib «Bavariya»ga yo'l olgandi. Ammo u myunxenliklar klubidagi raqobatni enga olmadi, «Suonsi»ga ijara ham o'xshamadi. Yordamga «Lill» keldi. Frantsiyada Sanchesh o'ziga keldi va o'tgan mavsumda «Lill»ga «PSJ»dan chempionlik titulini olib qo'yishda yordam berdi.

Evro-2020da Sanchesh Portugaliya termasi safida yorqin o'yin ko'rsatdi va endi ushbu 23 yoshli futbolchi atrofidagi vaziyatni «Barselona», «Liverpul» va yana «Bavariya» kuzatmoqda. Germaniya chempionlarida Sancheshni 30 million evroga qaytarib sotib olish huquqi bor va shu tufayli ular ushbu futbolchi uchun kurashda eng qulay vaziyat hosil qilishgan.

Dushan Vlaxovich, 21 yosh
Qaerdan: «Fiorentina»
Qaerga: «Yuventus», «Liverpul», «Tottenhem»
Transfer qiymati: 40 million evro

«Fiorentina»da mavsumni ishonchsiz boshlagan (A Seriyaning 11 turida atigi 1 gol) Vlahovich uni to'purarlar ro'yxatida 4-o'rinda yakunladi (37 o'yinda 21 gol) va chempionatning eng yaxshi yosh futbolchisi bo'ldi. Endi ushbu serbiyalik ko'plab top-klub e'tiboriga tushgan. 21 yoshli hujumchini «Yuventus», «Liverpul» va «Tottenhem» kabi klublar o'z safida ko'rishni istamoqda.

Bu boradagi mish-mishlarni «Fiorentina» bosh direktori Jo Barone quyidagi so'zlari bilan bosdi-bosdi qilmoqchi bo'ldi: «Vlaxovich — «Fiorentina» futbolchisi. Futbolchining shartnomasi yana ikki yil amal qiladi, hozir biz uning agenti bilan yangi kelishuv bo'yicha muzokaralar o'tkazmoqdamiz». Ammo uning urinishlari befoyda.

La Gazzetta dello Sport xabariga ko'ra, klub rahbariyati futbolchi bilan shartnomani 2025 yilgacha uzaytirib, uning yillik maoshini 2 million evroga ko'tarish bo'yicha taklif bergan, ammo futbolchi bu shartlarga ko'nmagan, uning agenti esa boshqa klubga transfer ustida ishlamoqda.

Shartnomani uzaytirish haqidagi gaplar, katta ehtimol bilan uning transfer narxini oshirishga urinish hisoblanadi. Bunday darajadagi talantli futbolchini Florentsiyada ushlab qolishning imkoni bo'lmaydi.

 

BestMaster
18 Iyul 2021, 12:00
holand, mbappe, keyn, messi, yozning, asosiy, transfer, sagalari,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads