Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Don Karlo yana «Real» bilan yoki Anchelotti Madriddan qo'ng'iroq bo'lgach, bir soniya ham ikkilanmadi

Ha, italiyalik mutaxassis Karlo Anchelotti «Everton»dagi katta loyihadan voz kechib, «Real» boshqaruvini qayta qo'lga oldi.

.
- Yuklab olish

Ha, italiyalik mutaxassis Karlo Anchelotti «Everton»dagi katta loyihadan voz kechib, «Real» boshqaruvini qayta qo'lga oldi. Don Karlo avvalgi chorshanba oqshomi Madridda Florentino Peres bilan uchrashib, 3 yillik shartnoma ostiga imzo chekdi (unga ko'ra, yiliga 6 million evro miqdorida maosh oladi) va rasman «Qirollik klubi»ning yangi bosh murabbiyi sifatida darhol matbuot anjumanida ishtirok etdi. Tadbir boshida «Real» rahbariyati nomidan Emilio Butrageno so'zga chiqib, Anchelottiga murojaat qildi: «Karlo, yana bir bora klubga xush kelibsiz, deyishdan mamnunman. Madridliklar sizni juda yaxshi ko'rishadi. Bu erda amalga oshirgan ishlaringiz tahsinga loyiq, albatta. Jumladan, ChLning 10-kubogini e'tirof etmaslikning iloji yo'q. Eng yaxshi tilaklarimiz siz va oilangizga! Uyingizga xush kelibsiz». Shundan so'ng Anchelotti jurnalistlarning turli savollariga javob berdi.

Tayinlov va faxr

- Prezident Florentino Peres va Xose Anxelga rahmat. Sizlar bilan shu erda ko'rishib turganimdan xursandman, o'zimni uydagidek his qilyapman. «Real» bilan birinchi davrda erishgan yutuqlarni takrorlashga bor kuch va g'ayratimni sarflayman. Faoliyatimning o'sha  bosqichidan faqat yorqin xotiralar qolgan. «Real»ga murabbiylik qilish nimani anglatishini yaxshi bilaman. Va'da beraman, mas'uliyati baland bu ishni katta zavq va quvonch bilan bajaraman, bor salohiyatimni ishga solaman. Zimmamga qanday mas'uliyat tushishini to'g'ri tushunib turibman. Qaytaraman, «Madrid»ni boshqarish - fantastika. Zero, gap dunyo futbolidagi eng yaxshi klub haqida ketmoqda. Bu erda boshqa joylardagiga nisbatan ko'proq mas'u­liyat borligi - odatiy hol. Qisqasi, barchasini yaqin o'tmishdagi kabi qabul qilaman. Umuman, «Madrid»dan qo'ng'iroq bo'lgach, bir soniya ham ikkilanganim yo'q.

Ramossiz jamoa tuzish

- «Real Madrid» har qanday holatda, nima bo'lishidan qat'iy nazar, barcha turnirlarda faqat va faqat g'alaba uchun o'ynaydi. Demakki, klub hamisha eng yaxshi tarkib bilan kurashishi shart. Ramosga kelsak, hozirgina keldim va hali rahbariyat bilan turli masalalarni muhokama qilishga ulgurganim yo'q. Qaytishim juda tez sodir bo'ldi, hattoki, futbolchilar bilan gaplashib ko'rmadim ham. Ularning ko'plarini yaxshi bilaman va yana birga ishlash imkoniyati tug'ilganidan xursandman. Kelajakni qanday tuzamiz? Buni yaqin kunlarda rejalashtiramiz, albatta.

Mbappe kabi katta yulduzlarga ehtiyoj

- Katta ijrochilar muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini oshirishadi, albatta, ammo jamoada muvozanatni ushlash, sifatli, hamjihat o'ynashga qodir tarkib shakl­lantirish ham muhim. Albatta, individual jihatdan kuchli o'yinchilar qo'shimcha kuch bag'ishlashadi, ammo futbolchilarni avvalo, jamoaviy harakatga yo'naltirish maqsadga muvofiq, baribir.

Jamoa uslubi

- «Madrid» an'analariga ko'ra, yorqin va shiddatli futbolni yo'lga qo'yish talab etiladi. So'nggi yillarda futbol ancha o'zgardi, endi u yanada tajovuzkor va uyushqoq ko'rinish oldi. Shuningdek, ba'zi qoidalar ham boshqacha. Ammo «Madrid»da hammasi o'zgarishsiz - hujumkor va yorqin futbol. Klub muxlislari birinchi navbatda, shuni talab qilishadi, tarix ham.

Tarkibga yondashuv

- Tarkibga yondashuvim? Qaytaraman, bu haqda hali hech kim bilan gaplashmadim. Hozirgi tarkib futbolchilarini yaxshi taniyman. Shu bilan birga ikkinchi jamoadagi istiqbolli yigitlarni ham, ijara safariga yuborilgan o'yinchilarni ham bilaman. Imkoniyatimiz katta. Hozir klub ishlari bilan xotirjam holda tanishib chiqsam, bas. Eslatishim kerak, klubda birinchi marta ishlaganimda, «Kastilya»dan 4 nafar futbolchini «asosiy»ga tortdik. Bular - Morata, Nacho, Kazemiro va Xese. Muhimi, ular o'ynab ketishdi. Qolaversa, Karvaxal ham bor edi. Yaqin kunlarda yangi mavsumga qanday tayyorlanish rejasini tuzamiz va shunga qarab ish tutamiz.

Faxriylarga munosabat

- Beyl, Isko, Marselo kabi faxriylar bilan yaxshi munosabatdaman. Ular hamon «Real» a'zolari va bu fakt har biriga turtki berishi kerak. Ha, barchasi maydonda ko'rinadi. Demakki, faxriylar yaxshi tayyorgarlik ko'rib, murabbiylar shtabiga «Madrid» uchun o'ynashga munosib ekanliklarini isbotlashlari kerak.

Prezident bilan suhbat

- Peresni bu erga kelishdan biroz oldin ko'rdim, biz qisqa gaplashdik. Unga taklif uchun minnatdorchilik bildirdim, chunki yana bu erda ekanligimdan chinakamiga baxtiyorman. Ishni endi boshlayapmiz va barchasini «Madrid»ga maksimal darajada foyda keltiradigan darajada yo'lga qo'yishni istaymiz.

«Madrid» kelajagi

-  Karlo Anchelotti 6 yil oldingi murabbiy emas. Ha, ma'lum ma'noda o'zgardim. Asosiysi, yana 6 yillik tajribam bor - ijobiy hamda salbiy. «Everton»da meni yaxshi kutib olishdi, ancha uyushqoq jamoa tuzdik, ammo u erda muvaffaqiyatga erisholmadim. Fakt shuki, yomon tajriba ham mukammallik sari borishingizda qo'l keladi. «Real» tarkibiga to'xtalsam, u juda yaxshi. Axir ixtiyorimizda Kroos, Beyl va Benzema kabi tajribali futbolchilar va Rodrigo, Vinisius, Valverdedek buyuk iqtidorlar bor. Qisqasi, tarkib sifatli. Biroq vaziyatni yaxshiroq o'rganib chiqqanimizdan keyin ro'yxatni biroz qisqartirishga to'g'ri keladi. Murabbiylar shtabi? Yaqin kunlarda hammasini obdon rejalashtiramiz, shunchaki, bunga hali ulgurmadik.

Yana Serxio Ramos masalasi

- Ramos «Madrid» uchun muhim o'yinchi, bu jamoaning g'alabalari payti yaqqol ko'zga tashlanadi. Albatta, Serxio bilan alohida gaplashamiz. Uning shartnomasi mudatini uzaytirish masalasida qi­yinchiliklar borligidan xabardorman, ammo to'liq tafsilotlar bilan tanish emasman. Shunday ekan, hozir bu holat yuzasidan aniq gap aytolmayman.

Gol tanqisligi

- Benzema mavsum davomida 30ta emas, 50ta gol urishi kerak aslida. Vinisius ham muntazam raqib darvozasini nishonga olishi kerak. Binobarin, «Real» hammadan ko'proq gol urishga qodir. Hozir bizda mavjud hujumchilar barcha zarur fazilatlarga egalar. Ayniqsa, Benzema bilan yana birga ishlash onlarini sabrsizlik bilan kutyapman. U o'z o'yinini ancha yaxshiladi va endi zimmasiga kattaroq mas'uliyat tushadi. Shuningdek, kelajagi buyuk yosh iqtidorlarni ham unutmaslik kerak. Tushunarliki, bizga ko'p gol kerak, demak, hujum tizimi va kuchli mentalitetni shakllantirish talab etiladi.

Mavjud raqobat holati

- Ishonchim komil, ixtiyorimizdagi futbolchilar kuchli raqobatga tayyorlar. «Real» ayni shu tarkib bilan ChL yarim finaliga chiqdi va La Liga kubogi uchun oxirigacha kurashdi. Ijara safariga ketgan o'yinchilarsiz!

Garet Beylga dalda

- U APLda oz o'ynadi, lekin ko'p gol urdi. Maydonga tushgan so'nggi o'yinlarda juda samarali harakatlandi. Uning nimalarga qodirligi ma'lum. Agar Garet yaxshi o'ynashga ozgina turtki topsa, shubhasiz, eng yaxshi mavsumlaridan birini o'tkazishi mumkin.

«Real»ga bog'liq xotiralar

- Hammasini yaxshi eslayman: g'alaba bilan yakunlangan uchrashuvlar, unvonlar, qiyin lahzalar... Men kelgan va ketgan kun ham yodimda. Mana, oradan 5 yil o'tdi, lekin bu erga qaytish o'zgacha, baribir. Hammasi xuddi birinchi marta kelganim kabi. Farq bitta - o'shanda ishonchim bu qadar katta emasdi, endi o'zimni yaxshi his qilyapman. Prezident va Xose Anxel bilan ham, muxlislar bilan ham.

Zidan ishiga hurmat

- Zizu haqida nima deyishim mumkin? U bir urinish bilan ChLda 3 marta g'olib chiqdi. Oxirigacha ajoyib ishladi. Butun dunyo Zizudan minnatdor bo'lishi kerak. Ammo futbol qoidasi shuki, murabbiylar ketishadi va bosh­qalar kelishadi. U bilan hali gaplashmadim, lekin albatta, gapini olaman. So'nggi yillarda vaqti-vaqti bilan xabar almashganmiz, ammo muntazam aloqa o'rnatish imkoni bo'lmadi. Zidan haqida nimalar yozishganini o'qiganim yo'q, uning o'zi ochiqroq gapirgani ma'qul. Futbolchilar o'ynaydilar, jurnalistlar tafsilotlarni yozadilar. Bu masalada futboldagi 40 yillik hayotim davomida hech narsa o'zgarmadi. Buni to'g'ri qabul qilish va yo'lda davom etish kerak. Zidan qanday talablarni ilgari surganiyu, nega ketganini muhokama qilmoqchi emasman. Chunki uning prezident bilan qanday munosabatda bo'lganidan bexabarman.

Azarning formasi, Ronalduning qaytish ehtimoli

- Eden eng yaxshi ijrochilar qatorida, shubhasiz. Ha, u bu erda muammolarga duch keldi va hali o'zini maksimal darajada ko'rsatolmadi. Lekin yangi mavsum Azar potentsialini to'liq ochishi mumkin. Krishtianuga kelsak, u bilan yaxshi munosabatdaman, ammo boshqa klublar futbolchilari haqida gapirish noqulay. Uning «Yuve» bilan shartnomasi bor va hozir qaytish ehtimolini muhokama qilish to'g'ri emas. Bilganim, Krish hamon juda yaxshi saviyada o'ynamoqda, gollar urmoqda. To'g'ri, italiyalik jurnalist «Krishtianuning faoliyati oxirlab qoldimi?» - deb so'raganida, «Ha» javobini berdim. Axir ilgari 50ta gol urardi, hozir 30ta. Ritm bir xil emas. Umuman, u menga hech qanday xabar yubormadi.

Tanqidni qabul qilish

- «Madrid»ning maqsadi hammaga ayon: ChL va La Ligada g'alaba qozonish, Ispaniya kubogini yutish. Tanqid yaxshi. Dunyoda eng ko'p kuzatiladigan klubda ishlar ekansiz, tanqiddan qochishingiz amri-mahol. Tabiiyki, hammasi har doim siz istagandek silliq kechmaydi. Muhimi, futbolchilar, murabbiylar va jurnalistlarga hurmatni saqlab qolish.

Kutilishicha, 2024 yilgacha mo'ljallangan shartnomaga imzo chekkan Anchelotti boshchiligidagi murabbiylar shtabidan Antonio Pintus, David Bettoni va Alvaro Arbeloa joy olishadi. Aytish joiz, «Real»ning U-14 jamoasi yakunlangan mavsum Arbeloa boshqaruvida o'z toifasida Ispaniya chempioni bo'ldi.

MUHAMMADXON tayyorladi

BestMaster
15 Iyun 2021, 16:30
karlo, yana, «real», bilan, yoki, anchelotti, madriddan, qongiroq, bolgach, soniya, ikkilanmadi,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads