Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

EChL. Dovuldan darak, yoxud eski tanishlarning yangi to'qnashuvi. "Real Madrid" o'z uyida "Liverpul"ga qarshi

"Real Madrid" o'z uyida "Liverpul"ni qabul qiladi

.
- Yuklab olish

Evropa maydoniga Chempionlar Ligasi musobaqasi yana qaytmoqda. Bugun aniqrog'i, tunning yarmida soat 00:00da chempionatning chorak final uchrashuvlari boshlanadi. Ushbu bahslar orasidagi eng markaziy deb qaralayotgan "Real Madrid" va "Liverpul" jamoalari o'rtasidagi uchrashuv haqida qisqacha prevyuni taqdim etamiz.
"Real Madrid" Myunxengladbaxning "Borussiya", Ukrainaning "Shaxtyor" va Italiyaning "Inter" jamoalari bilan bir guruhdan joy olib, mazkur klublar orasidan birinchi o'rinni egallab, pley-off yo'llanmasiga ega chiqdi. Nimchorak final doirasida esa Italiyaning "Atalanta" klubiga qarshi maydonga tushib, ikki o'yin natijasiga ko'ra, 4:1 hisobida g'alaba qozonishdi. Bergamoda kechgan bahsda minimal 1:0, Madriddagi bahsda esa 3:1 hisobida g'alaba qozonishdi.

"Liverpul" esa guruhda "Atalanta", "Ayaks" va "Midtyullann" bilan joy olgan edi. Pley-offda Yurgen Klopp jamoasi Germaniyaning "Leypsig" jamoasini musobaqadan chiqarib yuborishdi. Yulian Nagelsmen murabbiyligidagi jamoa "Liverpul"ga etarlicha qarshilik ko'rsata olmadi va ikki bahsda ham "qizillar"ga 0:2 hisobida mag'lub bo'lishdi.

"Real Madrid"

Chorak finalga qur'a tashlangandan keyin, avvalo 2018 yilgi Chempionlar Ligasi finali yodga tushdi. O'sha mavsumda, aynan musobaqaning final bosqichiga "Real" va "Liverpul" jamoalari yo'l olishgan edi. Yana bir ko'zga ko'ringan voqea esa "mersisaydlar" hujumchisi Muhammad Salah "Qirollik klubi" himoyachisi va etakchisi Serxio Ramos sabab jarohat olib, maydonni erta tark etgani edi.
OAV uch yildan keyin o'sha epizod xotiralarini yana yodga olishga majbur bo'ldi. Bunga sabab Amaldagi Angliya va Ispaniya chempionlari ushbu turnirning chorak final bahsida uchrashishgani bo'ldi. Ammo, biz yana Ramos va Salah qarama-qarshiligini yana ko'rmaymiz. Chunki, yaqinda bo'lgan 2022 yigi Jahon chempionati saralash uchrashuvlari doirasida, Ramos jarohat oldi va "Liverpul"ga qarshi uchrashuvni o'tkazib yuborishiga to'g'ri kelib qoldi. Tajribali himoyachi angliyaliklarga qarshi har ikkala bahsda ham maydonga tusha olmaydi. Bu holat esa Zidan jamoasi uchun juda katta yo'qotish hisoblanadi.
Shuningdek, "qaymoqranglilar" safida yana bir yo'qotish mavjud. Belgiyalik yarim himoyachi Eden Azar "Real" safidagi ikkinchi mavsumni o'tkazayotgan bo'lsa, bizning yodimizda ajoyib fintlari, gollari va golli paslari bilan emas, balki jarohatga moyilligi bilan yodimizda qolmoqda. Joriy mavsumda 30 yoshli yarim himoyachi "qaymoqranglilar" tarkibida atigi 14 uchrashuv o'tkazdi. Zidan qanchalik xohlamasin, ammo Azar madridlik muxlislarning ishonchini oqlay olmayapti. Ko'pchilik mutaxasislar frantsuz murabbiyi Azardan "Liverpul"ga qarshi uchrashuvda foydalanishini umid qilgandi, ammo afsuski, biz mazkur bahsni ham Edensiz tomosha qilamiz. Azar madridliklar uchun katta yo'qotish, chunki belgiyalik yarim himoyachi "Liverpul"ni bir necha bor xafa qilgan. Faoliyati davomida Azar "mersisidlar"ga qarshi 18 uchrashuv o'tkazgan, shulardan oltitasida g'alaba qozongan bo'lib, faqatgina to'rttasida mag'lub bo'lgan. Qolaversa, Klopp shogirdlari darvozasiga etti gol urgan va ikkita golli pas bergan. Har xil holat. Nima ham derdik, bu "Real" uchun kutilgan yo'qotishmi?
Mana ikkinchi mavsumdirki, "Real Madrid"da qayta qurish ishlari olib borilmoqda. Hamon rahbariyat o'tmish qahramonlariga ishonch bildirmoqda. Jamoani hozirgacha himoyani Ramos boshqaradi, maydon markazida Modrich, Kroos va Kazemiro hukmronlik qilmoqda. Oldinda bir qator yosh va istiqbolli ijrochilarni sotib olganiga qaramay, 33 yoshli Karim Benzema yaxshi o'yinlar namoyish etib, qutqaruvchi vazifasini bajarmoqda. Joriy mavsumda Benzemaning hisobida 33ta o'yinda, 24ta gol va oltita golli pas mavjud. Karim so'nggi paytlarda ayniqsa ikkinchi yoshligini o'tkazmoqda. Hujumchi so'ngi uch o'yinda beshta gol urgan holda mart oyida La Liganing eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Shuningdek frantsuz futbolchisi ketma-ket 7 uchrashuvda gol urib, o'ziga xos natija qayd etmoqda.
O'tgan haftada "qaymoqranglilar" o'z maydonida "Eybar"ni mag'lub etishdi (2:0). Gollarning biriga aynan Benzema mualliflik qildi va klub tarixidagi to'purarlar ro'yxatida 4-o'ringa chiqib oldi (187 gol).

Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Zinedin Zidan "Liverpul"ga qarshi uchrashuv oldidan fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"O'ylaymanki, bugun o'z maydonimizda "Liverpul" ustidan g'alaba qozana olamiz. Chunki, biz muddatidan oldin yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritishni xohlaymiz. Men jamoamga to'liq ishonaman. Biz Angliya jamoasiga qarshi qanday kurashishni bilamiz. Ammo, shuni ham ta'kidlab o'tishimiz kerakki, "Liverpul"ga qarshi uchrashuv haqiqatdan ham qiyin kechishi tayin, ammo biz kurashamiz.
Klopp ajoyib murabbiy. Uning katta tajribasi bor. Yurgen "Liverpul"da katta ishlarni amalga oshirdi. "Liverpul" yo'qotishlarmi? Menimcha, bu ular uchun muammo bo'lmaydi, chunki "mersisaydlar"da boshqa futbolchilar ham bor. Bizda ham katta yo'qotishlar mavjud, ammo biz bir kuchmiz".

"Liverpul"

Dam olish kunlari "Liverpul" Londonda "Arsenal"ni sharmandalarcha mag'lub etdi. "Emireyts"da kechgan uchrashuvda "mersisaydlar" 3:0 hisobidagi g'alaba bilan ortga qaytishdi. Mazkur bahs orqali, Yurgen Klopp so'ngi ikki mavsumdagi eng yaxshi o'yinlarini yodga olgan bo'lsa, ajabmas. "Kanonirlar" ustidan qozonilgan g'alaba "qizillar" uchun ketma-ket uchinchi quruq uchrashuv bo'ldi. Bu holat "Liverpul" bilan 2020 yil yozidan beri bo'lmagan edi. Garchi bu safar ushbu ketma-ketliklar terma jamoalarning o'yinlari bilan bo'linishgan bo'lsa-da, shunga qaramay, jamoaning o'yinidagi barcha narsalar ijobiy tomonga o'zgarganini aytib o'tish zarur.
Yaqinda kunlardan beri Trent Aleksandr-Arnold samaradorligi biroz pasayishi kuzatildi. Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt milliy jamoalarning mart oyida bo'lib o'tadigan o'yinlariga himoyachini chaqirmaslikka qaror qildi. Bunga javoban esa Trent "Arsenal"ga qarshi ajoyib o'yin namoyish etdi. 22 yoshli himoyachi Jotaning goliga hammualliflik qildi va "Liverpul" tarixidagi paslari bo'yicha, Maykl Ouen va Robbi Faullarga tenglashib oldi. Endi bularning har uchalasida ham bu raqamlar 30taga etdi. Faqatgina Arnoldga buning uchun 121ta uchrashuv kerak bo'ldi. Ouen uchun 216 va Foulerga esa 266 marta maydonga tushib ushbu natijani qayd etdi.
Ayni paytda "qizillar"ning o'yini yana avvalgi holatiga qaytmoqda. Xususan portugaliyalik hujumchi Diego Jota jarohatidan uch oy davomida tiklandi, ammo shunday bo'lsa-da, futbolchi juda qisqa vaqt ichida optimal holatiga qayta oldi. Ikki hafta oldin Jota o'zining sobiq klubi "Vulverxemton"ga qarshi uchrashuvda 2021 yildagi dastlabki golini kiritgan bo'lsa, keyinchalik Portugaliya terma jamoasi tarkibida Serbiya jamoasiga 2ta, Lyuksemburg darvozasiga esa 1ta gol urishga erishdi. Qiziq tomoni shundaki, Jota serblar darvozasiga kiritgan ikki to'pni ham boshi bilan kiritgan. Uning bo'yi esa 178 santimetrni tashkil qiladi. 24 yoshli futbolchi xuddi shu ruhda "Arsenal"ga qarshi uchrashuvda ham davom etdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchi, bir necha daqiqadan keyin uchrashuvdagi hisobni ochgan bo'lsa, keyinchalik dublni rasmiylashtirdi.
Shuningdek, bugungi uchrashuv avvalida "Liverpul" tarkibida bir nechta yo'qotishlar mavjud. Xususan, himoyachilar Van Deyk, Jo Gomes, Joel Matip, yarim himoyachi Jordan Henderson va hujumchi Divok Origilar "Real Madrid"ga qarshi uchrashuvda maydonga tusha olmaydi.

"Liverpul" bosh murabbiyi Yurgen Klopp "Real"ga qarshi uchrashuv oldidan quyidagi fikrlarni aytib o'tdi.

"Mening motivatsiyam yuqori darajada, chunki biz keyingi bosqichga chiqishni xohlaymiz. Bu 2018 yilgi finalga aloqasi yo'q. Biz bugun Madridga qasos olish uchun bormoqchi emasmiz. Ammo keyingi bosqichga chiqish uchun harakat qilishimiz tayin. Hozirda o'zimizni yaxshi formada ekanligimizni his qilyapmiz va ushbu sur'atda davom etmoqchimiz.

Men OAV orqali, bu uchrashuvda "Real" favoritligi haqida eshitayapman. Ajoyib! Lekin bizda medallarga da'vogarlik hissiyoti kuchliroq.
Biz dunyoga o'zimizni ko'rsatishni xohlamaymiz va muxlislarimizga hali ham kurashayotganimizni namoyish etmoqchimiz. Chempionatda bizdan yuqori bo'lgan jamoalarni ta'qib qilishimiz qiyindir, ammo "Real"ga qarshi tish-tirnog'imiz bilan kurashamiz. Biz bunga qattiq harakat qilamiz".

 

Ehtimoliy tarkiblar.

"Real Madrid" ( 4-3-3): Kurtua, Mendi, Varan, Nacho, Vaskes, Kross, Kazemiro, Modrich, Junior, Benzema, Asensio.


Zidan odatda Ramossiz Varanning yoniga har doim Nachoni sheriklikka qo'yadi. Bugun ham katta ehtimol bilan, maydon markazida ushbu juftlikni ko'rishimiz mumkin. O'ng tomonda Karvaxalning yo'qligi Vaskes maydonga tushishini bildirmoqda. Maydon markazi va hujum chizig'i esa deyarli yo'qotishlarsiz. Yarim himoyada Kazemiro, Modrich va Kross uchligini ko'ramiz. Hujum chizig'ida Benzemaga Junior va Asensio yordam berishi mumkin. Taktik sxemaga keladigan bo'lsak, Zidan mavsum avvalidan beri 4-3-3 ko'rinishida o'ynab kelmoqda. Hatto, "qaymoqranglilar" jarohatlar bilan bog'liq muammolar atrofida o'ralashib yurganda ham, bu sxema o'zgarmagan edi.

"Liverpul" (4-3-3): Alisson, Arnold, Fillips, Kabak, Robertson, Alkantara, Fabino, Veynaldum, Salah, Jota, Mane.

"Liverpul"ning himoya markazidan nimani kutish mumkin? Ehtimol, Nataniel Fillips va Ozan Kabak juftligini ko'rish mumkin. Maydon markazida esa Alkantara, Fabino va Veynaldum uchligini ko'rsak kerak. Hujum chizig'ida Salah, Mane va Jotadan tashkil topgan futbolchilar dastlabki daqiqalardan maydonga tushishi mumkin. Chunki, hozirda "Liverpul"ning eng optimal tarkibi, aynan yarim himoya va hujum hisoblanadi. Taktik sxema 4-3-3.

 


Xulosa o'rnida shuni aytib o'tishimiz kerakki, mazkur bahs haqiqatdan ham qiziqarli kechishi tayin. Bunga etarlicha sabab topilishi mumkin. Madrid jamoasi hozirda ikki frontda o'ynamoqda va "Liverpul"ni esa faqatgina Chempionlar Ligasi musobaqasi qiziqtiradi. Ushbu bahs bugun Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi.

 

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

BestMaster
6 Aprel 2021, 18:30
dovuldan, darak, yoxud, eski, tanishlarning, yangi, toqnashuvi, real, madrid, uyida, liverpulga, qarshi,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads