Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Serxio Ramos: «6ta Mundialda qatnashishni istayman»

«Real» sardori amaldagi shartnomasi muddatini hali uzaytirganicha yo'q.

.
- Yuklab olish

«Real» sardori amaldagi shartnomasi muddatini hali uzaytirganicha yo'q. Demakki, hozircha uning yaqin kelajagi xususida aniq ma'lumot yo'q. Serxio yaqinda, o'zi va muhabbati haqida olingan serial taqdimoti arafasida buni alohida ta'kidladi, u shuning barobarida yana kamida 5 yil yuqori darajada o'ynashga tayyorligini ham qo'shimcha qildi. 9 aprel kuni Ispa­niyada «Serxio Ramos haqida afsona» filmi ekran yuzini ko'radi. Serialning jahon miqyosidagi premerasi esa 18 iyunga belgilangan. Ramos serial taqdimoti oldidan bergan qiziqarli intervyusi bilan unga qiziqishni yanada oshirdi. Ya'ni maydonda chinakam jangchidek o'zini «o'tga ham, cho'qqa ham» otadigan himoya­chi eng sara jamoadoshlari, raqiblari, shuningdek, faoliyatidagi muhim voqealar to'g'risida bafurja gapirib berdi. Bunday ochiqlik - sport olamida oltin. Binobarin, futbolchilar odatda nafaqaga chiqqach, shu darajada oshkora gapirishlari mumkin, Ramos esa mutlaqo boshqacha...

«Madrid»da qoldirgan merosi

- Qariyb 16 yildan buyon «Real»da o'ynayapman, ammo bu bilan hammani aqldan ozdirganim haqida tasavvur yo'q. Barchaga birdek yoqish ilojsiz. Shuning barobarida inkor etish mushkul bir haqiqat bor: ortda qolgan vaqtda jamoa g'alabalariga bevosita ko'p xizmatim singdi. Istagim bitta - odamlar barchasini eslab, meni «Real»ga jonini bergan haqiqiy fidoiy sifati eslab qolishsa, bas. Hozir og'ir palla, lekin haqiqat men tomonda ekanligiga aminman. Tabiatan halol, kamtarin va mehnatsevar yigitman. Meni shunday eslashlarini xohlayman. Yo'q, bu gaplarim futbol bilan xayrlashayotganimni anglatmaydi. O'ylaymanki, jarohatlar xalaqit bermasa, yana 5 yil yuqori darajada o'ynay olaman. Bunga mentalitetim va irodam yordam beradi.

Ronalduga qaratilgantanqidlarga munosabat

- Futbol ko'tarilish va pastlashishlardan iborat. Ha, «Yuventus» ChLdan tushib ketdi va Krishtianu nega bu qadar tanqid qilinayotganini tushunaman: u jamoaning haqiqiy etakchisi, hamisha diqqat markazida. Men esa Madridda xuddi shunday vaziyatdaman: nimadir o'xshamasa, avvalo, murabbiy va sardorga qaraladi. Futbolchi bunga tayyor turishi kerak. Menimcha, Krishtianu bunday vaziyatlarda o'zini qanday tutishni yaxshi biladi, tanqidlar bilan uni sindirish mumkin emas.

Krishtianuning «Real»dan ketishi...

 - Ronalduning ketishidan hamma yutqazdi: «Madrid» ham, uning o'zi ham. Agar vakolat menda bo'lganida, Krishni hech qachon «Real»dan qo'yib yubormasdim, chunki bizni hamisha aynan u g'alabalarga yaqinlashtirardi. Bunday futbolchilar sayyoramizda sanoqli. Ronaldu «Madrid»ga qorishib ketishi va bu erda abadiy qolishi kerak edi...

Shaxsiy mentalitetining shakllanishi

- Bolaligimdan juda o'jar edim, otam va akam esa hech qachon kibrlanishimga yo'l qo'ymadilar. Ular meni to'g'ri tarbiyalashdi va doimo kurashish, yuqoriga intilishga undashdi. Oddiy aytganda, sabrli, qat'iyatli va kuchli bo'lish uchun harakat qilishni o'rgatishdi. Bu hozirgacha katta yordam beryapti. Doimiy parvozlar, mehmonxonalar, sport zalidagi tinimsiz mashg'ulotlar... Futbolchi uchun yaqinlaridan uzoqlashish oson emas, ammo menga ayni shu qiyinchiliklar ChL finalida o'ynashdek takrorlanmas daqiqalarni tortiq etdi. Har kuni nima uchun kurashishim kerakligini yaxshi bilaman. «G'alaba» iborasi miyamga to'liq muhrlangan.

«El-klasiko» sehri

- Albatta, «El-klasiko» atalmish o'yinlarda turli lahzalarni boshdan kechirdim: ajoyib g'alabalar, alamli muvaffaqiyatsizliklar... Bularning hech biri meni ortiqcha ajablantirmaganini tasdiqlolmayman. Chunki «El-klasiko»da qandaydir sehr bor, dunyo futbolida bunday ajoyib qarama-qarshilikka o'xshashi yo'q. Undagi g'alaba zavqi butun yilga tatishi mumkin, urilgan gol esa umrbod yodda qoladi. Deylik, joriy mavsum «Kamp Nou»da gol urdim - chinakam sehrli tuyg'u!

«Barselona» bilan

«katta urush»

- Mourino davrida «El-klasiko» haddan ziyod qizidi va futbolcha sog'lom fikr ostonasidan chiqib ketgandik. Keyin «Barselona» vakillari bilan alohida uchrashdik, o'zaro munosabatlarimiz yovvoyilashib borayotganini muhokama qildik. Bu xuddiki tajovuzkorlikka chek qo'yish to'g'risida bitim bo'ldi. Mou urushni xohlardi, lekin o'zimiz kataloniyaliklarni hech qachon dushman o'rnida ko'rmaganmiz. Axir bizni bitta terma jamoa bog'lab turadi. Xullas, «Barsa» vakillari bilan uchrashib, juda to'g'ri ish qilganimizga aminman.

Ibrat ko'rsatgan kumirlar

- Fernando Yerro va Paolo Maldini menga har doim suyanch nuqtasi sifatida xizmat qilishgan. Shuningdek, bolaligimda «Sevilya»ning bir qator futbolchilariga alohida havas bilan qaraganman. Endi o'zim ko'pchilik uchun namunali o'yinchiman, ammo buni anglash va ayrim lahzalarda murosaga kelish juda ko'p vaqt talab etdi. O'ylaymanki, namuna bo'lish missiyasini yaxshi bajardim. Qolaversa, barchasini yanada takomillashtirish uchun hali imkoniyat bor.

Eng iste'dodli sherik va raqib

- «Real»da Ronaldo va Ronaldu, Bekxem va Roberto Karlos kabi megayulduzlar bilan o'ynash baxtiga muyassar bo'ldim. Terma jamoada esa Xavi, Inesta va Puyol bilan elkama-elka to'p surdim. Ularning har biridan nimadir olganim aniq, ammo kimnidir alohida ajratib ko'rsatishim mumkin emas. Eng kuchli raqibni aytish esa juda oson - Gvardiolaning «Barselona»si. Gap tarixdagi eng yaxshi «Barsa» haqida ketmoqda, o'sha tarkib butun bir davrni belgilab berdi. Ochiq tan olaman, o'sha «Barsa» biz uchun hayotni juda qiyinlashtirib yuborgan ayovsiz raqib edi.

Hakamlik ishi

- Vaqtida menga nimadir yoqmasa, hakamlik haqida bamaylixotir qo'pol ohangda gapirardim. Keyinchalik gohida jim turish va chetda qolish yaxshiroq ekanligini angladim. Birinchidan, ming gapirganingiz bilan qaysidir voqeani o'zgartirolmaysiz, ikkinchidan, hakam ham oddiy odam va u biz - futbolchilar kabi xato qilishi mumkin. Hozir VAR tomonidaman, chunki bu tizim futbolni ancha halollashtirdi. Umuman, hakamlar futbolning ajralmas guruhi, ular hurmatga loyiqlar.

Zlatan Ibragimovich fenomeni

- Zlatanning faoliyati - fantas­tika va unga hurmatim baland. Ajoyib futbolchi, haqiqiy «qotil hujumchi». Ibra shu yoshida barcha futbolchilar uchun haqiqiy o'rnakdir. Yosh va qari futbolchilar yo'q, balki yaxshi va yomonlari bor. Ibragimovich esa  shubhasiz, eng yaxshilaridan biri.

Himoya bo'yicha eng yaxshi sherik

- Vaqtida Pike va Pepe bilan juda engil o'ynardim, endi Rafael Varan markaziy himoyada ajo­yib sherigimga aylandi.

«Real»dagi Lionel Messi...

- Uning faoliyatidagi eng yaxshi davrga bevosita guvoh bo'ldim. Rostini aytsam, Leo futboldan ketishiga qadar bizni qiynasa kerak. Har holda, hali ko'p vaqt millionlarni hayratga solishda davom etadi, menimcha. Agar Messining «Real»ga kelishi ehtimoli mavjud bo'lganida, uni klubda ham, uyimda ham shaxsan o'zim samimiy kutib olardim.

«Barcelona» bilan shartnoma imzolash imkoniyati

- O, bu masalada zarracha imkoniyat yo'q. Laportani hurmat qilaman, u bilan bir marta uchrashganman va bundan chuqur taassurot qolgan. Ammo hayotda shunday narsalar borki, ularning oldida pul yoki boshqasi o'z ahamiyatini butkul yo'qotadi. Xullas, Ramos «Barselona»da - buning umuman iloji yo'q.

Mbappe va Xolandga e'tibor

- Aslida har ikkisini «Madrid»da ko'rishni istardim. Ammo bugun tezkor qaror qabul qilish talab etilsa, Xolandni sotib olish osonroq, menimcha. Har holda, Mbappening transferi moliyaviy tomondan qiyinroq, juda qimmat. Umuman, Xoland gollar va sovrinlarga och va u - «Real» uchun munosib nomzod. Ayniqsa, tezligi va bosiqligi hayratlanarli. O, Erlingni «Santyago Bernabeu»da ko'rish qanday yaxshi...

Eng g'alati jamoadosh

- Albatta, Julen Fober. U zaxira o'rindig'ida uxlab qolganida, rosa kulgandim. Frantsiyadan kelib, vaqt tavofutiga moslashishga ulgurmagan bo'lsa kerak...

Kelajak rejalari

- Butun hayotimni futbol ichida o'tkazdim - 34 yoshga to'lgan bo'lsam, shundan 28 yilni shu o'yinga bag'ishladim. Hali ham o'zimni jismoniy tomondan 100 foiz tetik his qilyapman. Shunday ekan, futboldan ketishimga faqat ruhiy muammolar sabab bo'lishi mumkin, xolos! Nafaqat Qatar-2022 mundiali, balki 2026 yili Meksika, Kanada va AQShda o'tkaziladigan JChda ham qatnashishni xohlayman. Shunda 6ta mundialda ishtirok etgan tarixdagi birinchi futbolchi sifatida rekordchiga aylanardim.

M.PO'LATOV tayyorladi

BestMaster
28 Mart 2021, 00:00
serxio, ramos, «6ta, mundialda, qatnashishni, istayman»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads