Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Ikki qadam qolgandi-ya yoxud eng uzun g'alabali seriyalar haqida...

Bir qarashda, Xosep Gvardiola boshqaruvidagi «Manchester Siti» hammaning ko'z o'ngida yangi tarix bitadigandek edi.

.
- Yuklab olish

EVROPANING KUChLI 5ta LIGASIDA XXI ASRDA KUZATILGAN ENG UZUN G'ALABALI SERIYaLAR.

Bir qarashda, Xosep Gvardiola boshqaruvidagi «Manchester Siti» hammaning ko'z o'ngida yangi tarix bitadigandek edi. «Yuqorida ushlanib turish u erga ko'tarilishdan qiyinroq» - murabbiylar bu gapni bejiz ko'p takrorlamaydilar. Har bir g'alaba o'ziga xos cho'qqi, albatta. Ayniqsa, muayyan jamoaning ketma-ket g'alabalari soni 10tadan oshsa, keyingi har bir o'yini katta sinovga aylanadi, zero, raqib uning seriyasini uzish uchun borini beradi. Axir hech kim «zanjirning yana bir xalqasi» bo'lishni xohlamaydi. Zanjirni uzib qo'yish esa - hamisha yoqimli. Qolaversa, g'olibona yurishning o'zi jamoaga kuchli bosim o'tkazishi ham ayni haqiqat. «Manchester Siti» 2 mart kuni «Vulverxempton»ni engib, g'alabali seriyasini 21ta o'yinga etkazdi. Keyin... Keyin o'z maydonida kutilmaganda «qoqildi», boz ustiga, ashaddiy raqib - «Manchester Yunayted»ga qarshi derbi o'yinida. Shu tariqa «Bavariya»ning mutlaq rekordi daxlsiz qoldi. Buning uchun myunxenliklar «qizil iblislar»ga alohida tashakkurnoma yuborishlari kerak!


16-20-O'RINLAR: QATORASIGA 12ta G'ALABA

«Arsenal»: 2000 yil mart - may

«Sevilya»: 2006 yil aprel - sentyabr

«Arsenal»: 2007 yil avgust - oktyabr

«PSJ»: 2015 yil aprel - avgust

«Bavariya»: 2015 yil avgust - oktyabr

Arsen Venger davrida rasmiylashtirilgan 12ta g'alabadan iborat 2ta seriya ham «Arsenal»ga aytarli naf keltirmagan. Ya'ni «kanonirlar» har ikki holatda mavsum yakunida sovrinsiz qolishgan. Xuande Ramos boshqargan «Sevilya»ning 2006 yili qayd etgan seriyasi ichida UEFA kubogi finalida «Midlsbro» ustidan qozonilgan g'alaba ham bor. Bu Andalusiya klubi uchun XXI asrda yutilgan 6ta finalning birinchisidir. Xosep Gvardiola «Bavariya» bilan, Loran Blan esa «PSJ» bilan qatorasiga 12ta g'alabani bir yilda (2015) qayd etishgan.

10-15-O'RINLAR: QATORASIGA 13ta G'ALABA

«Arsenal»: 2002 yil mart - avgust

«Inter»: 2007 yil noyabr - 2008 yil yanvar

«Bavariya»: 2009 yil noyabr - 2010 yil fevral

«Atletiko»: 2012 yil avgust - oktyabr

«Bavariya»: 2013 yil dekabr - 2014 yil mart

«Yuventus»: 2015 yil dekabr - 2016 yil fevral

Arsen Venger va «Arsenal»dan yana bir seriya, bunisi chempionlik mavsumidan. Shuningdek, «Inter» Roberto Manchini boshqaruvida qatorasiga 13ta o'yinni o'z foydasiga hal qildi, bu seriya Joze Mourinoning Milanda ish boshlashidan oldin kuzatildi. Lui van Gal «Bavariya»dagi faoliyati davomida ketma-ket 13ta g'alaba rasmiylashtirgan bo'lsa, Xosep Gvardiola va Diego Simeone tegishlicha «Bavariya» va «Atletiko»da birinchi yiliyoq shunday seriyaga erishdilar. Italiya futboli uchun rekord darajadagi seriyani yaratgan Massimiliano Allegri («Yuventus» boshqaruvida) ham shu guruhda.

8-9-O'RINLAR: QATORASIGA 14ta G'ALABA

«Bavariya»: 2017 yil dekabr - 2018 yil fevral

«Lion»: 2006 yil avgust - noyabr

Yangi asr boshida «Lion» Liga 1da chinakam «gegemon» edi: «to'quvchilar» ketma-ket 7 marta chempionlikni tantana qilishgan, ularning 14ta g'alabadan iborat yurishlari o'sha «oltin davr» xotimasidan oldingi mavsumda kuzatilgan. Eslatish kerak, bu seriyalar barcha turnirlar doirasidagi g'alabalar mahsuli sanaladi. Xullas, «Lion»­ning natijasi faqat ichki arenalardagi o'yinlar emas, balki ChL bahslarini ham o'z ichiga olgan. Aniqroq aytsak, Liga 1 vakili evroarenada qatorasiga 4ta uchrashuvni umumiy 9:0 hisobida o'z foydasiga hal etgandi, xususan, bu odimda «Real» ham mag'lubiyatga uchratilgan. «Bavariya»ning nav­batdagi seriyasiga kelsak, bunisi mavsum-2017|2018da Karlo Anchelotti iste'fosidan so'ng Myunxenda qutqaruvchi rolini bajargan Yupp Xayn­kesning xizmatidir.

 

7-O'RIN: QATORASIGA 15ta G'ALABA

«Real»: 2011 yil sentyabr - dekabr

Joze Mourinoning «Real»dagi ikkinchi mavsumi «oltin kuz» bilan esda qoldi. Madridliklar bu davrda g'alabadan boshqasini tan olishmadi. «Qaymoqranglilar» bunda La Liga sarhadlaridan oshib, ChL uchun ham nanunaviy natija ko'rsatishdi: guruh bosqichida 6ta o'yindan 6ta g'alaba. Biroq «Benazir» jamoasi 15ta o'yinni o'z ichiga olgan seriyani «El-klasiko»da to'xtatishdan o'zga chora topolmadi, boz ustiga, mag'lubiyat «Santyago Bernabeu»dagi bahsga to'g'ri keldi. O'shanda Xosep Gvardiola shakl­lantirgan «Barselona» Karim Benzema tomonidan 1-daqiqadayoq urilgan golga parvo qilmay, ortga 3:1 hisobi bilan qaytgandi.

 

5-6-O'RINLAR: QATORASIGA 16ta G'ALABA

«Bordo»: 2009 yil mart - avgust

«PSJ»: 2015 yil dekabr - 2016 yil fevral

Frantsiya rekordi shu ikki klubga tegishli, ammo har ikki natijani bir murabbiy - Loran Blan rasmiylashtirgan. U avvaliga, 2009 yili «Bordo» bilan qatorasiga 16ta o'yinda g'alaba nashidasini surish asnosida «Lion»ning Liga 1da 7 yilga cho'zilgan chempionlik «gegemoniya»sini buzdi. Vaholanki, «to'quvchilar» hattoki, bahor boshida ham turnir jadvalida ishonch bilan etakchilik qilayotgan, Jirondiya klubi esa 4-5-o'rinlarda borayotgandi. Keyin birdaniga «Bordo» mo''jizasi boshlandi: ketma-ket g'alabalar va jamoa chempion! Qolaversa, «Bordo» bir nafasda Liga kubogi va keyingi mavsum startida Frantsiya superkubogini ham o'ziniki qildi (bu ham g'alabali seriyaning bir qismi). Oradan 7 yil o'tgach, Blan endi «PSJ»da o'z natijasini takrorladi. Lekin bunisi uncha ajablanarli emas. Zero, Parij klubi Frantsuya futbolida mutlaq ustun kuch maqomini olib ulgurgandi.

 

4-O'RIN: QATORASIGA 18ta G'ALABA

«Barselona»: 2005 yil oktyabr - 2006 yil yanvar

Xosep Gvardiolaning «Barselona»si shubhasiz, yangi 100 yillikning eng kuchli klublaridan biridir. Ammo Pep hisobida kataloniyaliklar bilan mavsum-2005|2006da ketma-ket g'alabalar nashidasini surgan Frank Raykaardnikidek uzun seriya yo'q. «Barsa» o'shanda ketma-ket 18ta g'alabani rasmiylashtirishdan tashqari, qatorasiga 26ta o'yinda mag'lubiyat nimaligini bilmadi. Qarangki, «dovul» misoli yurishni kubok bahsida kamtarin «Saragosa» to'xtatib qolib, «blaugranas»ni «Oltin trebl»dan mahrum etdi. Eh, «Barselona» o'shanda La Liga va ChLda tengsiz ekanligini isbotlagandi.

 

3-O'RIN: QATORASIGA 21ta G'ALABA

«Manchester Siti»: 2020 yil dekabr - 2021 yil mart

Mana, Xosep Gvardiola «Manchester Siti» bilan Raykaardning natijasidan o'zib ketdi, yana Angliya futboli tarixidagi eng uzun g'alabali seriyani rasmiylashtirdi. «Shaharliklar» 15 dekabr kuni «Vest Bromvich» bilan bahsda 1:1 hisobiga ko'nishganidan keyin naq 21ta o'yinda g'alabadan boshqa natijani tan olishgani yo'q. 22-o'yinga kelib... Ha, «Siti» rekordga 2 qadam qolganida to'xtadi, lekin fakt shuki, jamoa chindan ham, mavsumni ajoyib o'tkazmoqda. Umuman olganda, APLda o'ynaydigan jamoaning ketma-ket 21ta o'yinda g'alaba qozonishi shunchaki, aqlga sig'maydi. Deylik, Gvardiola drujinasi bu yurishi mobaynida APLda «katta oltilik» guruhiga kiruvchi barcha jiddiy raqiblarni «tiz cho'ktirdi». Xullas, Gvardiolaning dahshatli jamoasidan hamma aziyat chekdi, jumladan, amaldagi chempion «Enfild»da yirik hisobda dog'da qoldirildi.

2-O'RIN - QATORASIGA 22ta G'ALABA

«Real»: 2014 yil sentyabr - dekabr

Ha, seriya uzunligi bo'yicha «Manchester Siti»dan atigi 2ta jamoa oldinda. Alohida ta'kidlash kerak, rekord o'tgan yili yangilandi. Bunga qadar «Real» 6 yil davomida mutlaq eng yaxshi ko'rsatkich muallifi maqomida yurdi. Madridliklar 2014 yilning yakuniy qismida Karlo Anchelotti boshqaruvida qatorasiga 22ta uchrashuvda g'alaba nashidasini surishgandi. Eng g'alati tomoni shuki, o'sha mavsum «qaymoqranglilar» uchun katta xafagarchilik bilan yakunlandi: «Madrid» katta sovrinlarsiz qoldi va Don Karlo bilan xayrlashdi.

 

1-O'RIN: QATORASIGA 23ta G'ALABA

«Bavariya»: 2020 yil fevral - sentyabr

«Bavariya»ning o'tgan yilgi g'ayrioddiy seriyasi naq 6 oylik muddatni o'z ichiga oldi. Myunxen klubi bu orada ChL «pley-off» bosqichidagi barcha o'yinlarni o'z foydasiga hal qildi, jumladan, «Barselona»ni ayovsiz «kaltakladi» - 8:2. Vaholanki, Diter-Xans Flik jamoani o'ta nochor holda qabul qilib olgandi. Amalda yangi bosh murabbiy Niko Kovach omadsizligini butunlay yuvib tashlab, 1 yildan ko'proq vaqt ichida «Bavariya»ning 6ta sovrin yutishini ta'minladi. G'alabali seriya yakuniga kelsak, «Gollivud FK» odimini sentyabr oyida «Xoffenxaym» sensatsion tarzda to'xtatib qo'ydi - 4:1.

A.AHMEDOV tayyorladi

BestMaster
23 Mart 2021, 11:00
qadam, qolgandi-ya, yoxud, uzun, galabali, seriyalar, haqida,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads