Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Qirollik davri: "Real Madrid"ning Florentino Peres boshqaruvidagi eng qimmat 10 ta transferi

Hozir esa biz sizlar bilan Florentino Peres prezdentlik davrida amalga oshirgan eng qimmat 10ta transferi haqida suhbatlashamiz.

.
- Yuklab olish

Florentino Peres "Real Madrid" uchun juda muhim shaxsdir. U klubda va undan tashqarida sodir bo'ladigan barcha narsalarni shaxsan o'zi nazorat qiladigan prezidentlardan biri hisoblanadi. Florentino asrlar davomida "qaymoqranglilar"ni boshqarib kelmoqda. Peres ilk marta Qirollik klubi boshqaruviga 2000 yilda kelgan va jamoada 2006 yilgacha Prezident bo'lib ishlagan. Keyinchalik, 2009 yilda yana qaytadan ushbu lavozimga saylangan. Florentino shu kungacha "Real"da ishlab kelmoqda. Peresning asosiy maqsadlaridan biri har doim dunyoning eng yaxshi futbolchilari "qaymoqranglilar" safida o'ynashlarini ta'minlash edi. Ushbu maqsadga erishish uchun haligacha vaqt, kuch va pulni ayamaydi. Hozir esa biz sizlar bilan Florentino Peres prezdentlik davrida amalga oshirgan eng qimmat 10ta transferi haqida suhbatlashamiz.

Ferlan Mendi (2019 yil. 48 million evro)

Mendi "Real" safiga 2019 yilning iyulida kelib qo'shilgandi. "Qaymoqranglilar" frantsuz uchun "Lion"ga 48 million evro to'lashdi. Qirollik klubi ustozi Zinedin Zidan zudlik bilan Serxio Regilonni zaxira futbolchisiga aylantirib, vatandoshini "Real Madrid" chap qanot himoyasida sinab ko'rishni boshladi. Madrid klubi avval Regilonni "Sevilya"ga ijaraga berib yubordi, so'ngra "Tottenxem"ga to'liq sotishga majbur bo'ldi. Ammo Mendi o'z mehnati evaziga murabbiy ishonchini oqladi. Ferlan hozirda Qirollik klubining asosiy chap qanot himoyachisiga aylandi. Uni Marselo bilan kechgan raqobatda yutib chiqdi desak ham bo'ladi. Mazkur transfer ham Peresning eng omadli xaridlaridan biri sifatida qaralmoqda.

Eder Militao (2019 yil. 50 million evro)

"Real Madrid" doimo iste'dodli braziliyalik futbolchilarni qidirib yuradi. "Qaymoqranglilar" bu kabi transferlarni amalga oshirishda unchalik qiyinchilikka uchrashmaydi. Xuddi shunday xaridlardan biri Militao hisoblanadi. Eder o'zining vatani "San-Paulu" jamoasini tark etgach, "Portu"ga ko'chib o'tdi. Himoyachi Portugaliyada atigi 1 yil o'ynadi, shundan so'ng Militao 50 million evro evaziga Qirollik klubi safiga o'tdi. Braziliyalik hozirda "Real" safida o'zining ikkinchi mavsumini o'tkazmoqda. Ayni paytda himoyachi "qaymoqranglilar" safida yaxshi harakat qilmoqda deb ayta olmaymiz, chunki Eder ko'p hollarda zaxiradan maydonga qo'shiladi. Chunki, Rafael Varan va Serxio Ramos juftligining biri ustidan raqobatda g'olib chiqishi juda qiyin. Qachonki, "Real" markaziy himoyachilarining biri jarohat olsagina, braziliyalik futbolchi maydonga tushishi mumkin.

Luish Figu (2000 yil. 60 million evro)

Peres ilk marta "Real" boshqaruviga kelgandan so'ng, amalga oshirgan dastlabki transferlaridan biri aynan Figu hisoblanadi. Aynan Figuning transferi Florentinoning saylovlarda g'alaba qozonishiga, "qaymoqranglilar" bilan Chempionlar Ligasida ikki marta g'olib chiqqan Prezident Lorenso Sans ustidan g'alaba qozonishga yordam bergan. Butun Ispaniya portugaliyalik futbolchini Peres va'da qilganidek, haqiqatan ham "Barselona"dan "Real"ga o'tadimi yoki yo'qligini bilmoqchi edilar. Luish "qaymoqranglilar" bilan birgalikda chempionlikni va Ispaniya Superkubogini 2 marta yutgan, shuningdek Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi va qit'alararo kubokda 1 marta g'olib chiqqan. Ispaniyadagi sarguzashtlarini yakunlagach, portugaliyalik Italiyaga yo'l olishdi va "Inter" jamoasida faoliyatini yakunlaydi.

Luka Yovich (2019 yil. 63 million evro)

Yovich 2 yil oldin "Real"ga 63 million evro evaziga Germaniyaning "Ayntraxt" jamoasidan o'tgan edi, ammo uning kelajagi hali ham noaniq. Serb futbolchisi Qirollik klubi safida 32ta o'yin o'tkazgan bo'lsa, ushbu uchrashuvlarda 2ta gol urgan va 2ta golli pas bergan. Bu natija markaziy hujumchi uchun juda kam ko'rsatkich. Yovich ijara asosida Frankfurtning "Ayntraxt" jamoasiga qaytdi. Hozirda Frankfurtda serbiyalik futbolchining ishlari ancha yaxshi (Bundesliganing 10 uchrashuvida 3 gol va 1 golli pas). Hujumchi kelasi mavsumda qayerda o'ynashi hali ma'lum emas. Futbolchining o'zi "Ayntraxt"da qolish imkoniyati yuqoriroq, ammo "Real"ga qaytish ehtimoli ham bor.

Kaka (2009 yil. 67 million evro)

Kakaning "Real"ga o'tishi Peresning ikkinchi prezidentlik saylovidan so'ng amalga oshgan. Braziliyalik futbolchi Florentino "Real"ga qaytgach, sotib olgan birinchi o'yinchilaridan biri edi. "Qaymoqranglilar" futbolchi uchun "Milan"ga 67 million evro to'lashdi. Kaka 4 yilni Qirollik klubi safida o'tkazdi. Biroq Kaka "Real" safida Italiyadagi kabi o'yin namoyish eta olmadi. "Qaymoqranglilar" yarim himoyachisi bilan birgalikda 1 marta La Liga chempionligi va Ispaniya kubogini qo'lga kiritdi. keyinchalik braziliyalik Milan shahri jamoasi safiga qaytdi, lekin u erda ham oldingi kabi harakat qilmadi. Aytgancha, Kaka Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi davrlari boshlanishidan oldin "Oltin to'p"ni olgan so'nggi futbolchi edi.

Xames Rodriges (2014 yil 75 million evro)

Xames Karlo Anchelotti talabiga binoan "Real" bilan shartnoma imzoladi. "Qaymoqranglilar" hujumkor yarim himoyachi uchun "Monako"ga 75 million evro to'lashdi. Italiyalik mutaxasisning qo'l ostida kolumbiyalik futbolchi yaxshi harakat qildi. Ammo Anchelotti ishdan bo'shatilgandan so'ng, Rodrigez maydonda juda kam ko'rinish berishni boshladi. Asosan zaxiradan o'yinga qo'shilardi. Dastlabki daqiqalarda maydonga tushsa ikkinchi taymda almashtirilardi. Xames keyinchalik "Bavariya"da ikki mavsumni ijara asosida o'tkazdi. Madridga qaytgandan so'ng, klub unga ortiqcha ishonmasligi va munosib nomzod chiqsa boshqa jamoaga transfer qilishi mumkinligi haqida aytishdi. Joriy mavsum avvalida esa, kolumbiyalik futbolchi "Everton" safiga qo'shildi. Qiziq tomoni ayni paytda "irislar" murabbiyi Karlo Anchelotti hisoblanadi.

Zinedin Zidan (2001 yil. 77,5 million evro)

Madridning amaldagi murabbiyi 2001 yil yozida "Yuventus" dan 77,5 million evro evaziga "Qirollik klubi" ga o'tgan edi. Frantsuz Madridga tajribali futbolchi sifatida sayohat qilayotgan edi. Keyin, 5 yil ichida "Real Madrid" a'zosi sifatida ZiZu Ispaniya Superkubogini ikki marta yutdi, shuningdek, bir marta La Liga, Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi, Qit'alararo kubok kabi sovrinlsrni boshi uzra ko'tardi. Murabbiylikda ham Zidanning hikoyasi hammaga yaxshi ma'lum. Frantsiyalik futbolchi tarixda ketma-ket uch marta bitta klub bilan Chempionlar Ligasini yutgan birinchi mutaxassisga aylandi. So'nggi paytlarda Zidan osmonidan bulutlar vaqti-vaqti bilan aylanib yuribdi, lekin hozirda uning natijalari yaxshiligini hisobga olsak, hammasi o'tkichi.


Krishtianu Ronaldu (2009 yil. 94 million evro)

Ronalduning transferi "Real" uchun Peres davrida eng muvaffaqiyatli xaridlardan biri hisoblanadi. Krishtianu nafaqat Madridda gol urish mashinasi, balki "qirollik klubi"ga qo'shimcha millionlar olib keladigan brend ham edi. Ispaniya poytaxtida portugal futbolchisi o'zini har tomonlama namoyish etdi. U La Liga doirasida bir mavsum davomida 40, 46 va hatto 48 ta gol urganini alohida aytib o'tish zarur. "Real Madrid" va Ronaldu o'rtasidagi to'qqiz yillik hamkorlikdan so'ng, futbolchi va jamoa yo'llari o'zaro ajralishdi. 2018 yilning yozida Ronaldu "Yuventus" safiga o'tadi. "Qaymoqranglilar" hozirgacha o'z hujumchisiga munosib o'rinbosar topa olmadilar. Yaqinda chiqqan xabarlarga ko'ra, Ronaldu kelayotgan yozda yana madridliklar safiga qaytishi mumkin. Kuzatamiz.


Garet Beyl (2013 yil. 101 million evro)

Beyl uchun "Real Madrid" 101 million evro to'lagan. Bu narx o'sha paytdagi eng katta transfer sifatida aytilgandi. Dastlabki yillarada Garetning Madriddagi ishlari ancha yaxshi edi. So'nggi yillarda uelslik futbolchi va "qirollik klubi" o'rtasidagi vaziyat biroz yomonlashdi. Qolaversa Beyl jarohat olishga moyil futbolchiga aylanib qoldi. Garet muhim uchrashuvlarda, jumladan, Chempionlar Ligasi finalidagi ajoyib golini eslamaslikning iloji yo'q. Hozirada futbolchi "Tottenxem" a'zosi sifatida harakat qilmoqda. London jamoasi Garetni "Real Madrid"dan 1 mavsumga ijara asosida jamoaga jalb qilgan.

Eden Azar (2019 yil. 115 million evro)

Azar - "Real" tarixidagi eng qimmat transfer hisoblanadi. Ammo Eden Madridga kelganidan keyin, asosiy ishi jarohatlarini tiklash bo'lib qolmoqda. Sababi Azar "qaymoqranglilar" safiga qo'shilgandan so'ng, naq 10 marta jarohat oldi. Belgiyalik futbolchi Qirollik klubiga o'tganidan so'ng 1,5 yil ichida barcha turnirlarda atigi 36 uchrashuv o'tkazib, 4 gol va 7 golli pas berishga erishgan. Zidan qo'lidan kelgancha futbolchisini qo'llab-quvvatlamoqda. Madrid jamoasining barcha muxlislari singari, ko'pchilik mutaxasislar ham avvalgi Azarni ko'rishiga umid qilmoqda.

 

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

BestMaster
22 Mart 2021, 21:30
qirollik, davri, real, madridning, florentino, peres, boshqaruvidagi, qimmat, transferi,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Barcha fikrlar: 1
 u7777u  
Зур
22 Mart 2021, 23:23
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads