Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Italiyaliklarning «Real»dagi sarguzashtlari yoxud «qaymoqrang» libosdagi qahramonlar

.
- Yuklab olish

Jahon kubogini qo'lga kiritish borasida faqatgina Braziliyadan ortda qoluvchi va «Yuventus», «Milan», «Inter» kabi Evropaning top klublariga ega Italiyaning atigi 3 nafar futbolchisi «Santyago Bernabeu»da qaymoqrang futbolkani kiyishga muvaffaq bo'lgan.Keling, o'sha 3 italiyalikning Madridga qay darajada foyda keltira olgani yoki aksincha harakatlariga to'xtalamiz.

Antonio Kassano

Transfer narxi:5.5 mln evro

Mavsumlar:2006\07

Uchrashuvlar:28 o'yin

Statistika: 4 gol\3 assist

Antonio Kassano 2006 yil jamoa bilan shartnoma imzolaydi. «Real»ga kelib qo'shilishidan avval «Roma»da o'ynagan futbolchiga Rimning Tottidan keyingi shahzodasi sifatida qarashgan. Rim klubi uni 19 yoshida 30 mln evroga sotib olgandi. 5 yil «Roma» uchun harakat qilgan futbolchi transferga sarflangan pullarni umuman oqlamagan. Yomon xulqi uchun klub menejerlari bilan doimiy tortishuvlarga duch kelgan. Italiya futbolining kelajagi bo'lishi kutilgan Kassanoni «Real» ham tarbiyalay olmadi.

Uning Madriddagi debyut uchrashuvi «Betis»ga qarshi Ispaniya kubogida bo'lgan. Roberto Soldadoning o'rniga maydonga tushgan va 4 daqiqa o'tib, o'z hisobiga gol yozib qo'ygan. Pozitiv boshlangan startga qaramay, uning ishlari tezda yomonlasha bordi. Zararli taomlarni ko'p iste'mol qilganidan ortiqcha vazn yig'a boshlagan futbolchiga «gortido»(yog'li), deb laqab qo'yilgan.

Umuman olganda uning Ispaniya poytaxtidagi faoliyati uzoq davom etmadi. 18 oy davomida to'p tepgan Kassano o'sha paytdagi klub murabbiyi Fabio Kapello bilan hech chiqisha olmadi. Birin-ketin uchrashuvlarni o'tkazib yuborgan Antonio o'sha yilgi mavsumda 7 bor maydonga tushib 1 gol muallifiga aylanadi. Lekin u Madriddan quruq qo'l bilan ketmadi, La liga g'olibligidan keyin «Sampdoriya» ijaraga berilib keyinchalik 3,5 million evroga sotilgan.

2016 yil AS nashriga bergan intervyusida u o'zining xatolarini tan olgan. «Men futbol tarixidagi eng buyuk klubda ekanligimni tushunmagandim. Faqatgina ahmoq odam o'zini menday tutishi mumkin edi». Kassano o'sha intervyuda 10 kg ortiqcha vazni bo'lgani va jinsiy aloqada ko'p qatnashganini ham aytib o'tgan.

Kassano futbolchi sifatida o'z iqtidoridan to'g'ri foydalana olmagan. Maydondan tashqaridagi hayotga qiziqib, professional karerasini «sindirgan». Blankosdan keyin Italiya jamoalarida o'ynagan qahramonimiz hech bir mavsumda 15 dan ortiq gol urmagan.

Fabio Kannavaro

Transfer narxi: 7 mln evro

Mavsum:2006/09

Uchrashuvlar:106 o'yin

Statistika: 1 gol

Jahon chempionatlari tarixidagi eng kuchli himoyalangan terma jamoalar qatoriga 2006 yilgi chempionlikni qo'lga kiritgan Italiyani ham qo'shsa bo'ladi. Bunday jamoadan «Real» himoyasi uchun futbolchi topilishi turgan gap edi. «Yuventus»ning B seriyaga tushurib yuborilishidan unumli foydalangan «qaymoqranglilar» 33 yoshli Fabio Kannavaroni jamoaga taklif qilishadi. Kapello uni 2006\07 mavsumda asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Bu mavsum futbolchi uchun favqulodda omadli keldi. Jahon chempionligi ortidan Oltin to'p ham Fabioga nasib qildi.

Madriddagi butun faoliyati davomida Germaniyada o'tgan Jahon chempionatida ko'rsatgan formasini tiklashga urindi. Uni markaziy himoyada turli sheriklar bilan o'ynatishdi: Ramos,Ivan Elgera,Pepe,Gabriel Xayntse va Kristof Metselder. Uning yoshida jarohatlardan tez qutulish oson kechmadi. Shunga qaramay «Blankos»ni ko'plab gollardan qutqarib qolgan.

Jamoa bilan 2007\08 mavsumda ham La ligani yutishga muvaffaq bo'lgan. Himoya chizig'ida Ramos,Pepe,Kannavaro va Xaynse to'rtligi butun mavsum davomida 38 uchrashuvda 36 gol o'tkazib yuborishdi va bu ko'rsatkich o'sha mavsumning eng yaxshi natijasi bo'lgan.(Hozirgi «Real»ning himoyasidan ancha kuchsiz bo'lgan ekan).

Klubdagi so'nggi mavsum 2008\09 yili Madrid jamoasida katta o'zgarishlar bo'ldi. Chempionlar ligasida «Liverpul»ga «Enfild»da 4-0 va La ligada «Barselona»ga 2-6 hisobida boy berilgan uchrashuvlar klubning eng yomon mavsumlaridan biri bo'lishini ta'minlaydi. Klub prezidentligiga Ramon Kalderon o'rniga Florentino Peres qaytadi.
Shartnomasi yakunlangandan keyin «Yuventus»ga qaytishga qaror qilgan futbolchini Madrid muxlislari hurmat bilan eslashadi. U MARCA nashri tomonidan 2013 yilda «Real»ning legionerlardan iborat ramziy jamoasiga kiritilgan.

Kristian Panuchchi

Transfer narxi: 4 mln evro

Mavsumlar: 1997-99

Uchrashuvlar: 96 o'yin

Statistika: 6 gol\1 assist

Italiyalik futbolchilar orasida birinchi bo'lib «Santyago Bernabeu» maydoniga mezbon sifatida tushgan futbolchi. Klub tashkil qilinganidan 95 yil o'tib, italiyalik futbolchi bilan ilk shartnomani imzolaydi. 1996\97 yil qishki transferlar oynasida «Milan»dan yosh Panuchchi olib kelinadi. 23 yoshli futbolchi «Real»ga kelguniga qadar «rossonerilar» safida Evropa kubogini qo'lga kiritgan va 89 uchrashuvda maydonga tushgan.

Klubda 2,5 mavsum harakat qilganiga qaramay, Madrid uchun 32 yildan beri kutilayotgan Chempionlar ligasini yutishda katta hissa qo'shadi. Bundan tashqari u La Ligada ham zafar quchadi. 1999 yil italiyalik «Real Madrid»ni tark etib, o'zining jonajon Milan shahriga qaytadi, faqat «Inter»ga.

Klubdan ketgach «El Partizado de Cope» nashriga bergan intervyusida: «Qachonki Madridni tark etayotganimda men o'z qarorimga ishongandim. Men jamoadan ketmoqchi edim, lekin bu mening sport kareramdagi eng katta ahmoqlik bo'lganligini tushunish uchun ko'p vaqt ketmadi, hozir esa  bundan afsuslanaman», deb aytgandi o'shanda Panuchchi.

Jamoada o'ynagan 3 italyanlarni bog'laydigan bir jihat bu-Fabio Kapello. Italiyalik murabbiy «Real»ning ikki davrida jamoada ishlagan. Faoliyati mobaynida himoyani kuchaytirishga ehtiyoj sezganda u o'z vatandoshlari xizmatidan foydalangan. Ha, tashkil etilganiga 118 yildan ko'proq vaqt bo'lgan jamoada atigi 3 nafar italyan harakat qilganligiga sabab «Real» ko'proq hujumda o'ynashni hush ko'ruvchi jamoa ekanligida edi. Balki siz va bizga begona jihatlar ham bordir…

BestMaster
31 Yanvar 2021, 22:30
italiyaliklarning, «real»dagi, sarguzashtlari, yoxud, «qaymoqrang», libosdagi, qahramonlar,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads