Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

La Liga. Ana xolos, o'z uyida "Real"ni qabul qilgan "Osasuna" ochko yo'qotdi

La Liganing 18-turi doirasida "Osasuna" - "Real Madrid" uchrashuvi bo'lib o'tdi.

.
- Yuklab olish

Qorli bir oqshomda o'tgan bellashuvda hisob ochilmadi.  

"Osasuna" – "Real Madrid" 0:0 "El-Sadar" stadioni

"Osasuna" – Errera, David Garsiya, Xuan Krus, Vidal, Aridane, Monkayola, Oyer Sanxurxo, Inigo Peres, Roberto Torres, Ruben Garsiya (Xoni Rodriges, 77), Kaleri (Budimir, 78).

"Real Madrid" – Kurtua, Ramos, Mendi, Varan, Vaskes, Kazemiro, Modrich (Isko, 75), Azar (Mariano Dias, 75), Kroos, Asensio (Valverde, 66), Benzema.

La Liga turnir jadvali va to'purarlar ro'yxati bilan tanishing

Ushbu sahifada uchrashuvning matnli translyaciyasi kuzatib borishingiz mumkin bo'ldi.

YANGILASH 

Bo'ldi, qo'shib berilgan daqiqalar ham tugadi, hakamning final hushtagi yangradi. SHu tariqa, og'ir ob-havo sharoitida o'tgan bellashuvda "Real Madrid" ochko yo'qotdi.   

90+3-daqiqa. Kazemiro chiqmagan jondan umid deb, jarima maydoni ichida yiqilib tushdi va imkon qadar qattiqroq baqirdi, lekin hakam unga ishonmadi.  

90+2-daqiqa. Ante Budimir jamoasi uchun qimmatli soniyalarni yutib beryapti. 

90+1-daqiqa. Mariano Dias kuchi ko'proqligi evaziga to'pga raqibidan avvalroq etib bordi, lekin himoyachini aldab o'ta olmadi.  

Uchrashuvning asosiy vaqtiga 3 daqiqa qo'shib berildi!

90-daqiqa. Navbatdagi bor mehmonlar barchasini yaxshi amalga oshirishdi, lekin oxirgi zarba ko'ngildagidek chiqmadi. 

89-daqiqa. GOOOOOL! Yana Benzema, yana offsayd.

88-daqiqa. Oxirgi bir necha daqiqadan buyon markaziy himoyachi Serxio Ramos markaziy hujumchiga aylandi va ortga qaytmayapti ham.   

86-daqiqa. Ishtaha tanovvul payti keladi deganlaridek, "Osasuna" durang qolib, g'alabani ilib ketish haqida ham o'ylay boshlagandek. Yana bir hujum va mezbonlar tomonidan ketma-ket ikki zarba yo'llandi. 

85-daqiqa. Rafael Varan to'p uchun kurashda Ante Budimirga nisbatan qo'pollik ishlatdi.  

82-daqiqa. Isko o'ziga xos usulda to'pni Mariano Diasga uzatdi, dominikanlik futbolchi esa raqiblarini aldashga kirishib ketib, zarba haqida unutib qo'ydi. 

80-daqiqa. Serxio Ramosning uzatmasi qovushmadi va raqib to'pni egallab olib hujumga oshiqdi, lekin Fede Valverde uning yo'lini to'sdi hamda to'pni olib qo'yishda faollik ko'rsatdi. 

79-daqiqa. Serxio Ramosning uzatmasidan keyin Mariano Dias xuddi to'pga yugurgisi kelmayotgandek harakat qildi...

78-daqiqa. O'zgarish! Xonatan Kaleri o'rniga uchrashuvga Ante Budimir qo'shildi.  

77-daqiqa. O'zgarish! Ruben Garsiya o'rniga Xoni Rodriges o'yinga qo'shildi.   

77-daqiqa. Karim Benzema chap qanotga o'tib to'pni qabul qildi va darvoza tomon yaqinlashib zarba yo'lladi, lekin noaniq. 

75-daqiqa. O'zgarish! Modrich va Azar o'rniga o'yinni Isko va Mariano Dias davom ettiradi. 

74-daqiqa. To'pni qaytargan darvozabon xavf ariganiga ishonch hosil qildi va maydonga yiqildi.    

73-daqiqa. Lukas Vaskes qiyin vaziyatda jamoasiga burchak zarbasi ishlab berdi. 

71-daqiqa. Sal qolsa golni "Osasuna" urib ketishi mumkin edi. Biroq Torresning zarbasi o'xshamadi.   

69-daqiqa. Ferlan Mendiga maydonni qisman qoplagan qor halaqit qildi shekilli, futbolchi maydon chegarasini belgilab turuvchi chiziqni sezmay qoldi va to'pni chiqarib yubordi. 

67-daqiqa. "Osasuna" hujum uyushtirishga harakat qilib ko'rdi, lekin Serxio Ramosga nisbatan qoida buzildi deb topildi.

66-daqiqa. O'zgarish! Marko Asensio o'rnini Federiko Valverdega bo'shatib berdi.  

65-daqiqa. O'ng qanotdan uzatilgan to'pga Luka Modrich boshi bilan zarba berdi va uni darvozaga joylab qo'yishni niyat qilgandi, lekin noaniq.  

62-daqiqa. Asensio avvaliga oldinga o'tishga urinib ko'rdi, lekin raqiblar to'pni olib qo'yishdi va "Osasuna" hujumga o'tib ketmoqchi bo'layotganda Marko kurshaga kirishdi hamda raqibidan "tarsaki eb" yiqilib tushdi. Hakam o'yinni davom ettirishni so'ragan bo'lsada, takroriy lavhada mezbonlar himoyachisi qo'pol harakat qilgani yaqqol ko'rindi. 

60-daqiqa. GOOOOOOL!  Ammo, lekin, biroq hakam biz uzoq kutgan golni bekor qildi. Karim Benzema o'yindan tashqari holatda qolib ketgan ekan. 

59-daqiqa. Oier markazda Eden Azarga nisbatan ancha qo'pol o'ynadi. Futbolchilar maydonda yotibdi.    

57-daqiqa. Ruben Garsiya (Osasuna) qanotdan amalga oshirilgan uzatmadan keyin statistika uchun darvoza tomon zarba yo'llab qo'ydi.   

57-daqiqa. Eden Azar to'pni Mendiga oshirib qaytarib oldi va driblingini ishga solayotgandi, lekin raqiblar ko'payib ketishdi va ish zarbagacha etib bormadi. 

56-daqiqa. Kazemiro jarima maydoniga kirmay zarba yo'lladi, lekin uning urinishi juda noaniq bo'ldi. 

54-daqiqa. O'yin hozircha bir qarashda ancha sokin ruhda davom etayotgan bo'lsada, birgina gol bellashuv suratini butkul o'zgartirib yuborishi hech gap emas.  

52-daqiqa. "Osasuna" vakillari butun bo'lim davomida himoyada o'ynab, kerakli natijaga erishib bo'lmasligini tushungan holda, to'p bilan oldinroqqa o'tishga harakat qilib ko'rishdi va buni qaysidir manoda uddalashdi ham. 

50-daqiqa. Maydon markaziga yaqin hududda Lukas Vaskes yiqilib tushdi, qoida buzilgandek ko'ringandi, lekin hakam jim. 

49-daqiqa. Marko Asensiooo! "Golaso" bir raqibini dog'da qoldirib, ikkinchisi to'pga etib ulgurmay, aylanma zarbani amalga oshirganidan keyin darvozabon Errera katta qiyinchilik bilan to'pni qaytarishga erishdi. 

48-daqiqa. Xonatan Kaleri ikkinchi bo'limda jamoasinining birinchi zarbasini amalga oshirdi, Kuruta o'z o'rnida. 

47-daqiqa. Xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkin edi, darvozabon to'pni ushlashga urinib ham o'tirmadi va uni qaytarib yubordi, ikkinchi urinishga esa mezbonlar himoyachilari yo'l qyo'madi.  

46-daqiqa. "Real" raqib himoyasini yorib o'tish uchun ham "Osasuna"ni o'z darvozasiga yaqinroq hududlarga chorlayotgandek. Ikkinchi bo'limni Zizu shogirdlari butun maydon bo'ylab to'pni oshirib, raqibni yoyilishga majbur qilmoqchidek.   

Ikkinchi bo'lim boshlandi!

Bir daqiqa ham qo'shib berilmagan bo'limdan keyin hisob 0:0. Umid qilamizki, ikkinchi bo'limda keskinroq, yorqinroq va muhimi gollarga boy o'yin guvohi bo'lamiz. 

45-daqiqa "Real"ning navbatdagi urinishi gol bilan yakunlanmaganini tushunib etgan hakam, to'p darvozadan uzoqlashgach, birinchi bo'limni yakunlab beruvchi hushtagini chaldi.  

44-daqiqa. Burchak zarbasini Toni Kroos amalga oshirdi himoyachilar to'pni qaytarishdi, keyingi urinishdan so'ng esa darvozabon ishga kirishdi va xavfni bartaraf etdi.   

43-daqiqa. Mendi bu safar o'zi zarba yo'llab qo'yishga qaror qildi, himoyachi oyog'iga tegib to'p maydonni tark etdi. 

40-daqiqa. "Osasuna" hujumga o'tishga urinib ko'rdi, biroq o'ng qanotdan jarima maydoniga uzatilgan to'p yo'liga Serxio Ramos to'g'anoq bo'ldi.    

37-daqiqa. "Real" to'pni o'z nazoratida ushlab turibdi.  

35-daqiqa. Eden Azar hujumda ham faollik ko'rsatishga urinmoqda, hozir u to'pni egallab oldinga intildi va ketma-ket sheriklari bilan devor uslubida o'ynab o'tib, hujumni xavfli tus olishiga harakat qilib ko'rdi. 

34-daqiqa. Luka Modrich raqib bilan kurashda to'pni oldinroqqa o'tkazishga erishdi, lekin havoda "Osasuna" futbolchisi xorvatiyalikka urilib ketdi va mundial vice-chempioni oqsoqlagancha ortga qaytmoqda.  

32-daqiqa. Bu safar "Qirollik klubi" o'ziga xos "shturm" amalga oshirdi. Birgina Modrich ikki bor to'pni darvozaga yo'llash uchun imkoniyatga ega bo'lgandi, lekin to'p oxir-oqibat maydonni himoyalanayotganlarda tark etdi.   

30-daqiqa. Aynan o'sha burchak zarbasidan keyin mezbonlar ketma-ket zarba berish uchun imkon topishdi va Kurtua seyv amalga oshirib, bor etibori bilan o'yinda ekanligini ko'rsatib qo'ydi. 

29-daqiqa. Lukas Vaskes va Varan bir-birini tushunmay qoldi va oqibatda navbatdagi burchak to'pi amalga oshiriladi. 

26-daqiqa. Eden Azar to'pni to'xtatishda xatoga yo'l qo'ydi va sal qolsa "Osasuna" qarshi hujumini boshlab berishi mumkin edi.  

24-daqiqa. Kazemiro yana bir bor zarur vaqtda himoyachilarga yordamga etib keldi va to'pni olib qo'yib, Vaskesga uzatdi, Lukas to'pni to'xtatishi bilan raqib "yordamida" yiqilib tushdi.  

23-daqiqa. Ferlan Mendi bugun juda faol. Hozir ham hujum uning qanotidan, franciyalik futbolchining ishtirokida tashkil etildi, biroq himoyachilar to'pni qaytarishga muvaffaq bo'lishdi. 

21-daqiqa. "Real"ning navbatdagi urinishi omadsiz yakunlandi.

20-daqiqa. Oier himoyachilarning ortiga, bo'sh zonaga to'pni tashlab bergandi, lekin sheriklari uni tushunishmadi. 

19-daqiqa. "Osasuna" chap qanotidan hujum uyushtirdi, to'p jarima maydoni markaziga etkazildi, lekin Ruben Garsiyaning uzatmasiga sherigi eta olmadi. 

17-daqiqa. Maydonning bazi nuqtalarida biroz qor va katta ehtimol chim muzlagan ham, shu sababli futbolchilar nafaqat to'p bilan muomala qilishni, jamoasi hujumini rivojlantirishni, balki bu bilan birga bexos yiqilib, jarohat olmaslikni o'ylashmoqda. Axir ular ham inson va ular ham jarohat olishni istamaydi.    

16-daqiqa. Karim Benzema to'p o'ziga biroz noqulay tarzda etib kelgani va atrofida bir nechta raqibi unga halaqit qilayotganiga qaramay, to'pni o'ziga bo'ysundira oldi va sherigiga aniq etkazdi. 

14-daqiqa. Ferlan Mendi, Karim Benzema va Eden Azar ishtirokida uyushtirilgan hujumni yakunlovchi futbolchi topilmadi, belgiyalik futbolchining uzatmasiga sheriklaridan hech kim etib kela olmadi. 

12-daqiqa. To'p Lukas Vaskesdan maydonni tark etdi va burchak zarbalari bo'yicha hisob tenglashdi 1:1. Lekin uzatma qovushmadi va Tibo Kurtua darvoza oldida xavfli vaziyat yuzaga kelmadi.  

10-daqiqa. Sekin-asta mezbonlar ham o'ziga kelayotgandek. Ular to'p bilan ko'proq muomalada bo'la boshlashdi. 

8-daqiqa. Kurtuaga to'p hozircha faqatgina sheriklari uzatmasidan keyingina etib bormoqda. "Osasuna" futbolchilari raqib posbonini hozircha sinovdan o'tkazishgani, bezovta qilishganicha yo'q. 

6-daqiqa. Ferlan Mendi chap qanotdan jarima maydoniga yorib kirdi va to'pni sheriklariga uzatishga harakat qildi, lekin buning uddasidan chiqa bilmadi. 

5-daqiqa. Asensioning faolligidan keyin o'yindagi birinchi burchak to'pi amalga oshiriladigan bo'ldi. Standartdan mehmonlar foyda chiqara olishmadi, to'pni Errera egallab oldi. 

4-daqiqa. Hozircha jamoalar maydonga ko'nikishga urinmoqda. To'p asosan "qaymorqanglilar"dar. 

3-daqiqa. "Qirollik klubi"ning birinchi urinishi zarbagacha etib bormadi, Luka Modrichning uzatmasidan so'ng to'pni darvozabon osonlik bilan egallab oldi. 

2-daqiqa. Avvalgi o'yinlardagidan farqli o'laroq, bugun qora rangli shapka kiyib olgan Zinedin Zidan maydon chetida o'yinning ilk daqiqalarini diqqat bilan kuzatib boryapti.  

1-daqiqa. O'yin boshlandi! Uni mehmonlar, aniqroq aytadigan bo'lsak, Karim Benzema boshlab berdi. 

Ko'rkam "El-Sadar" o'yingohi maydoniga avvaliga mezbonlar, keyin esa mehmonlar futbolchilari tushib kelishdi. 

Jamoalarning asosiy tarkiblari malum bo'lib ulgurgan. Etiborni tortadigan bir jihat, Eden Azar bugun o'yinni ilk daqiqalardan boshlaydi.

"Osasuna" – "Real Madrid"

"El-Sadar" stadioni

"Osasuna" – Errera, David Garsiya, Xuan Krus, Vidal, Aridane, Monkayola, Oyer Sanxurxo, Inigo Peres, Roberto Torres, Ruben Garsiya, Kaleri.

"Real Madrid" – Kurtua, Ramos, Mendi, Varan, Vaskes, Kazemiro, Modrich, Azar, Kroos, Asensio, Benzema.

Osasuna

LaLiga . 18-tur

10/01/2021, 01:00

0 : 0 Tugadi

Real Madrid

Stadion: Estadio El Sadar, 0 tomoshabin

Bosh hakam: Cesar Soto

BestMaster
10 Yanvar 2021, 03:15
liga, xolos, uyida, realni, qabul, qilgan, osasuna, ochko, yoqotdi,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads