Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

EChL. Ronaldu va Messiga joy topilmagan ramziy jamoa

.
- Yuklab olish

Yakuniga etgan Evropa Chempionlar ligasi musobaqasining eng yaxshilarini aniqlashda davom etamiz. Stadion.uz talqininiga ko'ra EChLning eng yaxshi futbolchilaridan tashkil topgan ramziy jamoa bilan tanishing!

DarvozabonManuel Noyer (“Bavariya”)

Ushbu tarkibda “Bavariya” futbolchilarining ko'p ekanligi sizni hayron qoldirmasligi aniq. Sababi, ushbu klub futbolchilari EChLni o'z benefisiga aylantirib yuborishdi. Manuel ushbu musobaqaning final qismidan avval allaqachon yangi kiperga o'z o'rnini bo'shatib berishi lozim bo'lgan “qariya” edi. Evropa klublari uchun eng nufuzli musobaqadagi ishtirokidan so'ng, u dunyoning eng kuchli darvozaboni nomini hali-beri topshirmoqchi emasligini barchaga ko'rsatib qo'ydi.

Chap qanot himoyachisi – Alfonso Devis (“Bavariya”)

Noyerning o'z darajasida harakat qilgani hech kimni hayron qoldirmagan bo'lsa, 19 yoshli Alfonso barcha uchun kutilmagan sovg'aga aylandi. U EChLda zafar quchgan ilk kanadalik futbolchi sifatida tarixda abadiy qoladi. Ayniqsa, “Barselona” va “Chelsi”ga qarshi uchrashuvlarda uning harakatlari raqib muxlislarining ham qarsaklariga sazovor bo'lgani e'tiborga molik.

Markaziy himoyachi – Tiago Silva (PSJ)

Parij klubi sardorining ishonchli o'yini bo'lmaganida, PSJ ancha avvalroq musobaqani tark etgan bo'lar edi. 35 yosh bo'lishiga qaramay, qoya misoli mustahkam himoyachi oldingi intilishdan to'xtamayapti. Final uchrashuvida uning ishonchli o'yini so'nggi soniyalarga qadar Parij klubi uchun umid uchqunlarini saqlanib qolinishini ta'minladi.

Markaziy himoyachi Dayot Upamekano (“RB Leyptsig»)

Silva allaqachon futbol olamidagi mashhur shaxslardan biriga aylangan, o'z nomini brend darajasiga olib chiqqan himoyachi bo'lsa, Dayot katta futbolga yangi to'lqin misol kirib keldi. “Buqalar” himoyachisi 21 yosh bo'lishiga qaramay, Nagelsmanning barcha vazifalarini uddalamoqda. Katta bosim ostida qolib ketishiga qaramay, frantsuz jamoasi bilan musobaqaning yarim finaliga qadar etib keldi. Atigi 11 yil avval tashkil etilgan klub futbolchisi bugun Evropa grandlarining orzusidagi ideal himoyachi darajasiga ko'tarildi desak, adashmagan bo'lamiz.

O'ng qanot himoyachisi – Yozua Kimmix (“Bavariya”)

 

Zamonaviy futbolda qanot himoyachilarining tutgan o'rni tobora ortib bormoqda. Bejizga, chempion klubning qanotdagi “qurollari” Stadion.uz ramziy jamoasidan o'rin egallamadi. Kimmix nemis futbolining ertasi va bugungi kuni. Universal ijrochi. Istalgan murabbiyning istalgan ko'rsatmasini 100 foiz bajarishga qodir “jangchi”. Aksariyat muxlislar ayni damda sayyoramizning eng kuchli fulbeki sifatida Trend-Aleksander Arnoldni ko'rsatishi turgan gap, ammo bu mavsumdagi EChL uchrashuvlarida Kimmix Trenddan kuchliroq ko'rindi. Yana kim biladi deysiz?!

Yarim himoyachi – Ussem Auar (“Lion”)

“Lion” EChLning bu mavsumdagi chinakam kashfiyoti bo'ldi desak, adashmagan bo'lamiz. Ronaldusi bor “Yuve” va Pep Gvardiolaning “Siti”sini uyiga “ravona” qilib yuborgan jamoaning o'yinini 22 yoshli Auar boshqarib borganiga guvoh bo'ldingiz. Maydonni ko'rish, o'yinni o'qish va markazdagi chaqqonlikni o'zida jam qilgan yarim himoyachi kelajakda super yulduz darajasiga chiqishi mumkin. Faqat “Lion”dan keyingi klubni tanlashda adashmasa bo'lgani.

Yarim himoyachi – Tyago Alkantara (“Bavariya”)

Ushbu musobaqada “Bavariya” deyarli barcha uchrashuvda 90 daqiqa pressing qilishga harakat qildi. Qaysidir ma'noda buning ustidan chiqdi ham. Bu ishda jamoaga barchadan ko'ra Tyagoning nafi ko'proq tegdi desak, adashmagan bo'lamiz. Markazda bo'shliq yaratishda, birinchi pasni ijro etishda, jamoaviy hujumda faol bo'lgan ispan o'z karerasidagi eng muhim sovringa ega chiqishga muvaffaq bo'ldi.

Yarim himoyachi – Kevin De Bryuyne (“Man-Siti”)

Aslida, belgiyalik futbolchi musobaqa yakunida turnirning eng yaxshi futbolchisi bo'lishi taxmin qilingan edi. Hatto “Lion”ga qarshi omadsiz kechgan uchrashuvda ham Kevin o'z darajasini namoyish etdi. “Real”ga qarshi Madriddagi o'yinda qahramonlik ko'rsatgan futbolchi kelasi mavsumda bu sovrin uchun yana kurashga qo'shiladi.

Qanot yarim himoyachisi – Anxel Di Mariya (PSJ)

PSJ deganda barchaning xayoliga Mbappe va Neymar kelishi turgan gap. Shunga qaramay, bu mavsumda Di Mariya ulardan-da yorqinroq o'yin ko'rsatishga muvaffaq bo'ldi. Parij klubining EChLdagi o'yinlarini kuzatar ekansiz, jamoa Di Mariya bilan boshqa, usiz tamomila boshqa jamoaga aylanib qolganini darrov anglaysiz.

Qanot yarim himoyachisi – Serj Gnabri (“Bavariya”)

“Xoffenxaym”, “Vest Bromvich” singari jamoalarda “sargardon” bo'lgan futbolchi “Bavariya”da o'z o'rnini topib ketishi chinakam mo'jiza. O'z vaqtida “Arsenal” tomonidan omadsiz transfer sifatida chetga surib tashlagan futbolchi ushbu mavsumda chinakamiga porladi. Ayniqsa, EChL bahslarida uning gollari yakunda “Bavariya” uchun musobaqaning oltin medallarini keltirdi. “Tottenxem” darvozasiga kiritilgan 4 ta gol va qanotdan markazga yorib kirib yo'llangan zarbalar haqida-ku, gapirmasa ham bo'ladi.

Hujumchi – Robert Levandovski (“Bavariya”)

Anchadan beri ushbu musobaqaning ramziy jamoasi tarkibi Messi, Ronaldu yoki Neymarsiz tashkil etildi. Afsuski,ana shunday kunlar keldi. Neymar ushbu sovringa yaqin keldi, biroq Ronaldu va Messi tobora “shalpangquloq”dan uzoqlashib bormoqda. Musobaqaning eng yaxshi to'purariga aylangan 32 yoshli polshalik futbolchi hujum markazida ko'rinish bermoqda. EChLning bu mavsumdagi o'yinlarida 15 bor raqib darvozasini ishg'ol qilgan Robertning shaxsiy statistikasi kishi ko'zini qamashtirishi turgan gap. Nafaqat gollar, balki jamoaviy o'yinda ham Levandovski ajoyib natijalar qayd etdi. Umuman olganda, “LevanGolski” (uni jamoadoshlari shunday atashadi) musobaqaning bu mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi!

BestMaster
27 Avgust 2020, 10:30
ronaldu, messiga, topilmagan, ramziy, jamoa,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads