Stadion.uz tengqurlarining 90 foizi allaqachon butsalarini mixga ilib yuborganiga bo'lsa-da, kuchli beshlikda “javlon urayotgan” “qariya”lardan tashkil topgan ramziy jamoa bilan tanishtirib o'tadi.
Yaqindagina futbolchilik faoliyatini yakunlagan AritsAduris sport formasini tiklab olish juda mushkul ekanligi uchun futboldan ketganini ma'lum qildi. Qariya hujumchi muxlislarga o'z minnatdorchiligini bildirgancha, vaqtga taslim bo'ldi. Xo'sh, zamonaviy futbolda kimlar vaqt bilan munosib “olishib” kelmoqda? Bugun ana shunday futbolchilardan tashkil topgan jamoa bilan tanishtirib o'tamiz.
Darvozabon.
Samir Handanovich (35 yosh)
Aslida, bu nuqtada Jiji Buffonni ko'rishingiz mumkin edi, biroq u bugungi kunda Shchesnining soyasiga aylanib bormoqda. Handanovich esa 35 yoshda ham yuqori darajadagi futbol namoyish etishdan charchamayapti. Boz ustiga, Konte singari talabchan murabbiy ham Samirdan boshqa darvozabonni jamoasida ko'rmoqchi emas. Bir so'z bilan aytganda, Handanovich 35 yoshda ham sifatli kipper maqomini ushlab turibdi.
Alternativ variantlar: Janluidji Buffon («Yuventus», 42 yosh), Stiv Mandanda («Marsel», 35 yosh), Ben Foster («Uotford», 37 yosh).
Himoyachilar.
Bruno Alvesh (38 yosh)
Amaldagi Evropa chempioni 38 yoshida ham himoyada bexato to'p surib kelmoqda. “Parma” bilan “A Seriya”ni ko'tarinki kayfiyatda o'tkazayotgan Alveshtez orada yangi shartnoma imzolashi hech gap emas. Gap shundaki, Italiya klubi Brunoning o'yinlaridan to'liq qoniqish hosil qilmoqda.
Xilton Da Silva (42 yosh)
Top-5 birinchiliklar doirasida to'p surayotgan eng yoshi katta futbolchi bilan tanishing. Frantsiyaning “Monpele” futbolchisi bu mavsumda 28 ta o'yinda maydonga tushdi va o'yinlarning 87 foizini to'liqo'tkazdi. 42 yoshida kuchli beshlik talablariga javob berayotgan himoyachi oldida shlyapamizni echmaslikning iloji yo'q. Eng qizig'ishundaki, Xilton yaqindagina klub bilan tuzilgan shartnomani yana bir yilga uzaytirdi. Endi u 43 yoshda ham “Monpele”ning asosiy himoyachisi bo'lishi hech gap emas.
Tiago Silva (35 yosh)
Bu nuqtada Fonte yoki Danteni joylashtirishimiz ham mumkin edi, biroq Silva ayni damda ularning barchasidan yaxshiroq sport formada. Silva PSJ sardori va klub etakchisi. 35 yosh bo'lishiga qaramay, uning transfer bozori chaqqon.
Alternativ variantlar:Fonte («Lill», 36 yosh), Shtefan Lixtshtayner («Augsburg», 36 yosh), Dante («Nitstsa», 36 yosh), Jorjo Kellini («Yuventus», 35 yosh), Pablo Sabaleta («Vest Xem», 35 yosh).
Yarim himoyachilar.
Xoakin Sanches (38 yosh)
Aslida Xoakin butsalarini mixga ilishmaqsadida “Betis”ga qaytib kelgan edi, biroq biroz ushlanib qoladigan bo'ldi. “Fiorentina”dagi omadli mavsumlardan so'ng, futbolchi Ispaniyada ham o'zini namoyish etishda davom etmoqda. 38 yoshida ham hujumda to'p surayotgan Xoakinga qoyil qolmaslikning iloji yo'q. “Betis” ham undan qoniqmoqda. Shu sababli o'rtadagi shartnomani 2021-yilga qadar uzaytirishga qaror qildi.
Fernandino (35 yosh)
“Manchester Siti”ning 7 mavsumdan beri asosiy futbolchisi sanalmish Fernandino ham 35 ni “urib qo'ydi”. “Shaxtyor”da hujum ortida to'p surgan futbolchi, Gvardiola qo'l ostida markaziy himoyachi vazifasini o'tab kelmoqda. Undagi universallik bois, klub braziliyalik futbolchiga yanvarda yana bir yillik shartnoma taklif etdi. Pepning aytishicha, Fernandinoning yordamiga klub muhtoj.
Santi Kasorla (35 yosh)
“Sariq suvosti kemasi” Santini ortga qaytarganida, ko'pchilik futbolchining tez orada futboldan ketishini taxmin qilgan bo'lsa, ajab emas. Og'ir jarohatlardan so'ng ham katta futbolga qayta olgan yarim himoyachi 35 yoshda ham Ispaniyadagi himoyachilarning “tushiga kirib chiqishga” muvaffaq bo'lmoqda.
Frank Riberi (37 yosh)
Robbendan farqli o'laroq, Frank katta futbolda qolishga qaror qildi. Unga Rossiya klublaridan ajoyib takliflar kelib tushganiga qaramay, Italiyaga yo'l oldi va “Fiorentina” futbolchisiga aylandi. 37 yoshli futbolchi allaqachon gol va assistlarni amalga oshirishni boshlab yuborgan.
Alternativ variantlar: Borxa Valero («Inter», 35 yosh), Franchesko Manyanelli («Sassuolo», 35 yosh), Marko Parolo («Latsio», 35 yosh), Makoto Xasebe («Ayntraxt», 36 yosh).
Hujumchilar. Fabio Kvalyarella (37 yosh)
“Sampdoriya” safida o'tgan mavsumda to'purarlik borasida Ronalduni ortda qoldirgan qariya hali-hamon shoular namoyish etishga qodir. Van Persi, Van Der Vart, De Rossi singari tengqurlari katta futboldan chiqib ketgan bir paytda, Fabio butun jamoani ortidan ergashtirmoqda. Bu mavsumda uning hisobida 9 ta gol va 2 ta assist mavjud.
Krishtianu Ronaldu (35 yosh)
Ronaldu futboldan hali-beri ketmoqchi emas. U o'z o'g'li bilan maydonda to'p surish niyatida. Krish futbol olamidagi eng mashhur shaxslardan biri. Shu sababli, uning klub tarkibida bo'lishining o'zi ham istalgan jamoa uchun plyus. Shunday ekan, Ronaldu o'zi aytganidek 40 yoshda ham futbol o'ynaydi shekilli, yana kim biladi deysiz?!
Zlatan Ibrahimovich (38 yosh)
Zlatan “Milan” bilan shartnomani uzaytirishi yoki ketishi borasidagi savol ochiqligicha qolmoqda, biroq uning futboldan ketmasligi aniq. Ibra kamida yana ikki mavsum barchani xursand qilishga qodir. Uning jismoniy holati kishini quvontiradi. U singari futbolchilarning o'yinidan zavq olish imkoniyati bor ekan, bundan unumli foydalanib qolish lozim.