Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

«Santyago Bernabeu»dagi kechikkan debyut, «Barselona»dan ketishi va orzulari haqida «yapon Messisi» bilan intervyu

Takefusa Kubo — 2001 yilning 4 iyunida Yaponiyaning Kavasaki shahrida tavallud topgan.

.
- Yuklab olish

Takefusa Kubo — 2001 yilning 4 iyunida Yaponiyaning Kavasaki shahrida tavallud topgan. Kubo 7 yoshidan boshlab futbol bilan shug'ullanishni boshlaydi. 11 yoshga to'lganida esa «Barselona» futbol akademiyasiga taklif qilinadi. Kubo 2015 yilgacha, «Barselona»ning 18 yoshga etmagan o'yinchilarni transfer qilish bo'yicha FIFA qoidalarini buzgani ma'lum bo'lguniga qadar katalon klubi akademiyasida to'p suradi. Shundan so'ng u Ispaniyani tark etib, vataniga qaytadi va «Tokio» klubi bilan yarim professional shartnoma imzolaydi.

2019 yilning 14 iyunida esa Madridning «Real» klubi Takefusa Kubo bilan shartnoma imzolaganini e'lon qiladi. Madrid klubi rahbariyati Kuboning muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lishi uchun uni «Malorka»ga ijaraga berishga qaror qiladi. Uning iqtidoriga yuqori baho berilib, hatto uni «yapon Messisi» ham deb atashadi.

Agar koronavirus pandemiyasi bo'lmaganida Takefusa Kubo «Malorka» safida «Santyago Bernabeu»da «Real»ga (12 aprel kuni o'tishi lozim edi o'yin) qarshi o'ynagan bo'lardi. Bu, albatta, Kubo uchun muhim ahamiyat kasb etardi. Kubo AS nashriga intervyu berib, karantinda vaqtni qanday o'tkazayotgani, shuningdek ijara asosidagi faoliyati va «Real» bilan shartnomaning ba'zi tafsilotlari haqida aytib berdi. «Daryo» quyida ana shu suhbatni o'zbek tilida taqdim etadi.

«Real» – «Malorka» uchrashuvi bo'lib o'tishi kerak edi, bu sizning «Santyago Bernabeu»dagi birinchi uchrashuvingiz bo'lardi. Ushbu o'yin siz uchun alohida ahamiyatga egamidi?

— Rostini aytsam, judayam o'ynashni xohlagandim. Men uchun barcha uchrashuvlar juda muhim, biroq bu alohida ahamiyatga ega uchrashuv edi.

«Bernabeu» sizda qanday hislarni uyg'otadi?

— Men avval u erda hech qachon o'ynamaganman, lekin judayam xohlayman. Chigalyozdi mashqlari uchun chiqqaningizda tribunalarda 85 000 kishini ko'rasiz, bu insonga o'zgacha bir motivatsiya bag'ishlaydi. U erda shunchaki, yomon o'ynashning iloji yo'q.

Futbolga qaytishni xohlayapsizmi?

— Ayni paytda men imkon qadar tezroq odatiy turmush tarziga qaytish haqida o'ylayapman. Hozir eng muhimi – insonlar salomatligi.

Karantinni qanday o'tkazyapsiz?

— Unchalik ham yaxshi emas, chunki men ham, boshqa futbolchilar singari, futbol uchun yashayman. Bu bizning asosiy vazifamiz. Afsuski, pandemiya tufayli uyda o'tiribmiz. Shunga qaramay, klub bizga yuklamalar berib turibdi, biz formamizni saqlab qolish uchun ularni uyda bajaryapmiz.

Hozirgi sharoitda kun tartibingiz qanday ko'rinishga ega?

— Ertalab soat 08:30 da uyqudan uyg'onaman va yurak urish tezligini aniqlash uchun klubimiz tomonidan yuborilgan uch daqiqalik testni bajaraman. So'ngra nonushta qilaman. Soat 10:00 da esa mashg'ulotlardan oldingi engil mashqlarni bajaraman. Soat 11:00 da biz 4-5 kishidan iborat kichik guruhlarda jamoaviy mashg'ulotlarni boshlaymiz, murabbiylar esa bizni videoqo'ng'iroq orqali boshqarib turadi. Soat 12:15 da mashg'ulotlarni tugatamiz, lekin men biroz ko'proq individual mashqlarni bajaraman, keyin dush qabul qilaman va 13:30 da tushlik qilaman. Soat 15:30 dan 16:00 gacha bo'sh vaqtim, unda asosan televizion ko'rsatuvlarni tomosha qilaman yoki kitob mutolaa qilaman. Shundan so'ng yana mashg'ulotlarni boshlayman, birinchi navbatda to'p bilan ishlayman. 18:00 da dush qilib, kechki ovqatga o'tiraman. Odatda 23:00 larda uxlashga yotaman.

Bir yil orqaga qaytsak. Madridliklarning sizga jiddiy qiziqish bildirganini qachon bildingiz?

— Biz turli klublardan qiziqishlar borligini bilardik, ammo na men, na oilam, va na agentlarim bu haqida bilardik, chunki o'sha paytda menga sanktsiyalar e'lon qilingandi. 4 iyun kuni 18 yoshga to'lganimda, «Real» vakillari Yaponiyaga kelish istagi borligini bildirdi. Ular meni ko'rishga kelgandi, bu juda yoqimli holat.

Florentino Peres bilan tanishganingizda nimani his qildingiz?

— Avvaliga menda o'zgacha taassurotlar paydo bo'lgandi, ammo keyin Madridda meni darhol oila a'zolaridan biri sifatida qabul qilishdi. Aynan mana shuni jihatni e'tiborsiz qoldirib bo'lmaydi.

Bolaligingizda «Barselona»da o'ynagansiz. Hozirda o'zingizni haqiqiy «madridlik» deb hisoblaysizmi?

— Birinchi navbatda, «Barselona» va boshqa jamoalar shu qatorda menga sanktsiyalar qo'llanilgandan paytda qabul qilgan «Tokio» klubiga, yarim mavsum o'tkazgan «Iokogama Marinos»ga va hozir o'ynayotganim «Malorka»ga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Shuningdek, barcha futbolchilar, murabbiylar va meni tarbiyalagan va shu darajaga etishimga sababchi bo'lgan insonlarga rahmat deyman. 18 yoshga to'lganimda menda jamoa tanlash imkoniyati tug'ildi. Va men «Real»ni ma'qul ko'rdim. Men ulardan minnatdorman va hozir bemalol madridlikman deb ayta olaman.

Messi siz uchun namuna bo'lgan. U bilan tanishishga ulgurgandingizmi?

— Men uni shaxsan tanimayman, ammo u allaqachon futbolchi bo'lgan yoki bo'lishni istagan ko'plab yoshlar uchun namuna hisoblanadi. Bolaligimda uning o'yinidan olingan videotasvirlarini ko'rardim. U – etuk futbolchi. Uning faoliyati men va men kabi chapaqay hamda past bo'yli futbolchilar uchun qo'llanma bo'lib xizmat qiladi, ularning o'yin uslubi – dribling va to'pni yaxshi ushlab turish. Messida esa bu fazilatlar yuqori darajada.

Madrid bilan mavsumoldi mashg'ulotlar nimasi bilan yodda qolgandi?

— Avvaliga atrofimda dunyoning mashhur o'yinchilari bo'lishidan xavotirda edim. Ammo asta-sekin moslasha boshladim, klubdagi hamma meni yaxshi qabul qildi, ulardan ko'p narsalarni o'rganishga muvaffaq bo'ldim.

Mavsum oldidan tashkillashtirilgan turnirdagi ishtirokingiz ko'pchilikni hayratga soldi. Bu haqida jamoadoshlaringiz va Zinedin Zidan qanday fikrda?

— Imkon qadar tezroq moslashishimga ko'pchilik yordam berdi. Barcha jamoadoshlarim menga yaxshi munosabatda bo'ldi. Shu jumladan murabbiylar shtabi ham. Mayda detallargacha e'tibor beradigan Zinedin Zidan bir nechta savollar berdi.

Nima deb o'ylaysiz, siz uchun «Real»da joy bormi?

— Hammasi o'zimga bog'liq, ishonamanki, «Real»da o'rnimni topaman. Ayni damda «Malorka»da o'zimni yaxshi tomondan namoyon etishim va «Real»da o'ynashim mumkinligini isbotlashim kerak.

Siz bunga tayyormisiz?

—  «Real»ga boshqa klublarga o'xshamaydi. Barcha futbolchilar yuqori darajadagi o'yinchilar, shu bois asosiy tarkibdan joy olish oson emas. Ammo ishlashda davom etaman va o'z imkoniyatimni kutaman. Vaziyat tug'ilishi bilan undan foydalanaman.

Nega «Kastilya» yoki boshqa biror klub emas, aynan «Malorka»da o'ynay boshladingiz?

— Mavsumoldi o'quv-yig'in mashg'ulotlarida yuqori saviyadagi o'yinchilar bilan birga shug'ullanish va ularga qarshi ham o'ynash imkoniyatiga ega bo'ldim. O'sha paytda kutganimdan ham ko'proq narsa qilishga muvaffaq bo'ldim. «Malorka» menga jiddiy qiziqish bildirdi va menga ishondi. «Kastilya»da ham Raul menga juda yaxshi munosabatda bo'lgan, u erdagi hamma narsa menga juda yoqardi, lekin «Malorka»dan taklif olgach, uni rad etishni xohlamadim.

Nimalarni o'rgandingiz?

— Juda ko'p narsalarni o'rgandim. Asosan o'yinlardan katta tajriba olyapman. Men hujum va himoyada qanday o'ynash kerakligini o'rganyapman. Umid qilamanki, shu ruhda davom etaman.

Ko'proq qaysi pozitsiyada o'ynashni ma'qul ko'rasiz?

— Hammasi jamoaning o'yiniga bog'liq, masalan, «Malorka»da deyarli har doim o'ng qanotda o'ynayman. Aslida esa maydon markazida o'zimni juda yaxshi his qilaman. U erda to'pni chiziqlar oralig'ida olishim, driblingni o'sha erdan boshlashim, to'p uzatib berishim va zarbalar berishim mumkin. Asosiy ustunligim – to'pni chiziqlar oralig'ida qabul qilib, hujumlarni boshlab berish. Biroq o'ng qanotda ham o'zimni juda qulay his qilyapman.

Kelasi yili nima qilishingiz borasida bir qarorga keldingizmi?

— Hozircha yo'q. Mavsum tiklanadimi, yo'qmi bilmayman. O'ynalmagan 11 ta bahs turibdi, qaror chiqarish uchun bir necha oy bor. Mening maqsadim aniq – «Bernabeu»da «Real» libosida to'p surish. Aynan shuning uchun hozir harakat qilyapman.

Orzularingiz qanday?

— Etuk futbolchi bo'lishni, «Real» hamda Yaponiya terma jamoasi bilan katta natijalarga erishishni orzu qilaman.

«Real» muxlislariga nima degan bo'lardingiz?

— Birinchi navbatda, koronavirus bilan kasallangan barcha oilalarni qo'llab-quvvatlagan bo'lardim. «Real» muxlislariga aytishim mumkinki, «Santyago Bernabeu»dagi birinchi o'yinimni sabrsizlik bilan kutyapman, buni «Real» libosida amalga oshirishni xohlagan bo'lardim. Bunga erishish uchun bor imkoniyatimni sarflayman.

BestMaster
20 May 2020, 10:30
«santyago, bernabeu»dagi, kechikkan, debyut, «barselona»dan, ketishi, orzulari, haqida, «yapon, messisi», bilan, intervyu,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads