Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

"Real Madrid"dagi italiyalik futbolchilar

Qiziq, ammo tarixda bor yo'g'i 3 nafar italiyalik "Santyago Bernabeu" maydoniga "Real Madrid" libosida tushgan.

.
- Yuklab olish

Vaholanki, Italiya — 4 karra Jahon CHempioni va bu borada faqatgina Braziliyadan ortda qolmoqda, "Yuventus", "Milan", "Inter", "Roma" va "Napoli" kabi mashhur klublari bor mamlakat. Bugun siz bilan "Madrid"dagi kam sonli italiyaliklar haqida gaplashamiz.

1. Antonio Kassano 

Antonio Kassano — o'ziga xos personaj. "Madrid" uni 2006 yil sotib oladi: "Roma"da uni Tottining vorisi deb ko'rishar, "yosh shaxzoda" deb atashardi. Iqtidorli futbolchi istalgan raqibiga xohlagan uslubida gol ura olardi. "Roma" 19 yoshli Kassanoni 30 million evroga xarid qilib, eng qimmat o'smirga aylantiradi.

Klubdagi besh mavsum davomida Antonio "janjalkash" laqabini oldi, sababi murabbiylar va rasmiy shaxslar bilan ochiqchasiga kelishmovchilikka boraverardi. Uning xarakteri og'ir, ammo to'g'ri yo'lga sola olinsa, Kassano Italiyaning navbatdagi eng zo'r hujumchilaridan biriga aylanardi.

Afsuski, Kassanoni Madridning "Real" klubida ham o'zgartirib bo'lmadi. "Roma" bilan Kassano o'rtasidagi to'xtovsiz janjallardan foydalanib qolishni istagan "Real Madrid" yosh hujumchini arzon narxda sotib olish imkonini topadi. "Qirollik klubi" qarib borayotgan Ronaldo va Raulga o'rinbosar qidirayotgandi. SHartnomasi tugashiga yarim yil qolganda Kassano bor yo'g'i 5,5 million evroga sotib olingan va "Madrid" tarixidagi ikkinchi italiyalikka aylangandi.

Debyut o'yini Kassano uchun bundanda yaxshiroq bo'lishi qiyin edi. U Qirol Kubogi doirasida "Betis"ga qarshi bellashuvning 61-daqiqada Roberto Soldadoni o'rniga maydonga tushadi va oradan to'rt daqiqa o'tib, Serxio Ramosdan to'pni qabul qilgan Antonio o'yindagi yagona golga mualliflik qiladi. Biroq bunday startga qaramay, Kassanoning Madriddagi faoliyati pasayib borardi va to'rt oy o'tmay, futbolchi to'xtovsiz nimadir egisi kelaverganidan "baqaloq" degan laqab oladi.

Umuman olganda Kassano "Real"da ko'p ushlanib qolmadi — taxminan 18 oy. Antonioning omadsizliklari hamyurti murabbiy Fabio Kapello bilan kelishmovchiliklar tufayli ham davom etdi. 2006 yil "Real" rasmiy saytida Kassano bosh murabbiy Kapelloga nisbatan hurmatsizlik uchun jazolangani haqida material chop etiladi. SHundan so'ng, futbolchi bor yo'g'i 7 uchrashuvda maydonga tushadi va 1ta gol uradi. Deyarli o'ynamagan bo'lsa-da, Kassano "Real Madrid"ni bitta sovrin bilan tark etadi. Jamoa esa La Liga g'olibligini qo'lga kiritadi. 2006/07-yilgi mavsumdan keyin u "Sampdoriya"ga ijaraga berib yuboriladi, 2008 yil esa 3,3 million evroga sotib yuboriladi.

2016 yil Kassano AS ga bergan katta intervyusida o'z xatolarini tan oladi: "Men futbol tarixidagi eng katta klubdaligimni tushunib etmagandim. Faqatgina ahmoqlar "Real Madrid"da o'zini mendek tutishi mumkin".

Bundan tashqari, o'sha intervyusida futbolchi Madriddagi vaqtlarda 10 kg ortiqcha vazn orttirib olganini ham tan olgan.

Umuman olganda Antonio Kassano transferi eng omadsizlaridan biri sifatida takidlanadi. U professional futbolchiga maydondan tashqarida tasir qilishi mumkin bo'lgan bazi omillarga dosh bera olmadi. Italiyaga qaytganidan keyin Kassano bir klubdan boshqasiga o'tib yurdi va umumiy hisobda Italiyadagi 6ta jamoada o'ynadi, ammo hech bir mavsum 15tadan ko'p gol ura olgani yo'q. 

2. Fabio Kannavaro

Fabio Kannavaro Jahon CHempionatlari tarixidagi eng yaxshi himoyaviy o'yinlardan birini amalda ko'rsatib bera olgan. "Real Madrid" esa "Yuventus" B Seriyaga tushirilib yuborilishi bilan bog'liq vaziyatdan unumli foydalanib, 33 yoshli Jahon chempionini 7 million evro evaziga sotib oladi. O'sha vaqtda bosh murabbiy ham italiyalik Fabio Kapello edi. U hamyurtiga 2006/07-yilgi mavsumda asosiy tarkibdan joy kafolatlaydi va Kannavaro ishonchni oqlaydi. Faoliyatidagi eng omadli mavsumlardan birini o'tkazgan Fabio 2006 yilgi "Oltin to'p"ni qo'lga kiritadi va FIFA talqini bo'yicha 2006 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topiladi.

Ammo vaqt o'tishi, jarohatlar futbolchining tajribasi, kutilmagan qarorlari, vaziyatni seza olish qobiliyatini yopib keta boshladi. Kannavaro "Real Madrid"ning boshqa himoyachilari Serxio Ramos, Ivan Elgera, Pepe, Gabriel Xaynce va Kristof Metcelderga raqobatda yutqaza boshladi. 

2007/08-mavsumda Kannavaro Bernd SHuster qo'l ostida o'zining ikkinchi La Liga sovrinini qo'lga kiritadi: Ramos, Pepe, Kannavaro va Xaynce to'rtligi bor himoya 38 o'yinda 36 ta gol o'tkazib yuboradi – liganing eng yaxshi natijasi. Kannavaro keyingi mavsumda himoyadagi ishonchli o'yin hisobiga ajoyib o'yin ko'rsatadi.

"Madrid"dagi oxirgi mavsumini Fabio 2008/09 yil o'tkazdi. Aynan o'sha yil Ramon Kalderon hukmronligi ham nihoyasiga etdi. "Real Madrid" ECHL 1/8 finalida "Liverpul"ga "Enfild"da 0:4 hisobida mag'lub bo'ladi va chempionatda "Barselona"ga 2:6 hisobida yutqazib qo'yadi. Bu "Real" tarxidagi eng omadsiz mavsumlardan biri bo'ldi va klubga Florentino Peres qaytishiga sabab bo'ldi.

36 yoshda shartnoma muddati yakuniga etgach, Kannavaro 2009 yil yozida "Yuventus"ga qaytishga qaror qiladi. Barqaror o'yin namoyish etmagan bo'lsa-da, "Real" muxlislari Fabioni iliq xotiralar bilan eslashadi. U kabi tajribali futbolchining borligi Serxio Ramos va Marseloga juda foydali bo'ldi. "Bernabeu"dagi oxirgi o'yinida "italiyalik devor" muxlislar olqishi ostida maydonni tark etdi. Marca himoyachini 2013 yil "Real Madrid"ning eng yaxshi legionerlari ramziy terma jamoasiga kiritdi.

3. Kristian Panuchchi

"Real Madrid" tarixidagi ilk italiyalik futbolchi. U klub tashkil etilganidan 95 yil o'tib paydo bo'ldi: Kristian Panuchchi "Real" bilan shartnomaga imzo chekdi. Himoyachi 1996/1997-yilgi mavsum qishida "Milan"dan Ispaniya poytaxtiga ko'chib o'tdi. Qisqa vaqt ichida ishonchli o'yini bilan o'ng qanotni o'ziniki qilib oldi, ammo shu vaqtning o'zida u o'ng qanotda ham, markazda ham o'ynay olardi. "Madrid"ga kelganida Panuchchi endi 23 yoshga to'lgandi. Yosh bo'lishiga qaramay, "Milan" bilan evrokubokda zafar quchgan va Italiyaning afsonaviy klubi safida 89 o'yinda maydonga tushib ulgurgandi.

"Qirollik klubida" Panuchchi ikki yarim mavsumgina o'ynagan bo'lsa-da, CHempionlar Ligasida g'olib chiqdi — "La Septima". Ushbu g'alaba 32 yillik tanaffusdan so'ng qo'lga kiritilgani etiborga loyiq. SHuningdek, Kristian La Liga, Ispaniya Kubogi va Qitalararo Kubokda ham bosh sovringa ega chiqdi. 1999 yil Kristian "Real Madrid"ni tark etadi va "Inter"ga o'tadi, Italiyaga qaytadi. Keyinroq "El Partidazo" radiostanciyasi efirida Panuchchi bu qaroridan afsuslanishini aytib o'tadi: "Madrid"ni tark etganimda aniq bir qarorga kelgandim. Men klubdan ketishni xohlagandim va bu faoliyatimdagi eng katta xatoyim hisoblanadi, bundan hozirgacha afsuslanaman".

Italiyalik bu uchovlonni "Real"da bir narsa bog'lab turadi — Fabio Kapello: italiyalik murabbiy, kimdirlar uchun serjant. Turli davrlarda ikki marta "Real" ustozi bo'lgan. Birinchi kelishida Kapello hamyurti Panuchchiga birga ishlagan. Natijada, Kristian "Real Madrid" tarixida eng yaxshi o'ng qanot himoyachilaridan biri sifatida iz qoldirgan.

Omonjon To'xtamirzaev tarjimasi

BestMaster
21 Aprel 2020, 10:45
madriddagi, italiyalik, futbolchilar,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads